Alicia Aberley (1984-yil 29-martda tugʻilgan) — aqliy imkoniyati cheklangan avstraliyalik suzuvchi. U 2000-yilgi Yozgi Paralimpiada oʻyinlarida Avstraliya sharafini himoya qilib, bir nechta medallarni qoʻlga kiritgan va bir necha bor jahon rekordlarini oʻrnatgan.
Shaxsiy hayoti Aberley 1984-yil 29-martda Sidneyning Riverstone shaharida dunyoga kelgan. Uning oilasi bir necha oʻn yillar davomida Riverstone shaharchasida yashab kelgan. Aberleyning 2001-yilgacha boʻlgan suzish faoliyatida oilasining moliyaviy imkoniyati yetishmaganligi sababli u qatnashgan xalqaro musobaqalarga birga borisha olmagan. Aberley uyida koʻplab medallarini chiroyli qilib qoʻyishga sharoiti boʻlmagani uchun, medallar koʻzga tashlanadigan joyga emas, balki uyning turli burchaklarida saqlangan. Alicia moddiy jihatdan yetishmovchilik boʻlgan oilada oʻsgan.
Aberley talaba va jurnalistdir. U Riverstone yuqori maktabida tahsil olgan. 2000-yilda u Riverstone yuqori maktabida 10-sinfni tamomlagan va 10-sinf imtihonlarini topshirgan.
Aberley bir oʻgʻilning yolgʻiz onasi boʻlgan. Keyinchalik u oʻgʻlini tarbiyalashga yordam bergan inson bilan turmush qurgan. U Amway kompaniyasi orqali oʻzini oʻzi band qilgan. Amway kompaniyasida oʻn sakkiz oy ishlaganidan soʻng, u oltin darajadagi ishlab chiqaruvchiga aylandi.
Professional suzish faoliyati
Aberley 1995-yilda suzishni boshlagan. 1998-yilgi milliy chempionatda u aqliy imkoniyati cheklangan ayollar oʻrtasida 100 m brass usulida suzish boʻyicha ikkinchi oʻrinni egallagan. U Kraystcherchda boʻlib oʻtgan 1998-yilgi Xalqaro Paralimpiya qoʻmitasining suzish boʻyicha jahon chempionatida ayollar oʻrtasida 4x100 m estafeta jamoasi aʼzosi sifatida ishtirok etib, jamoadoshlari Siobhan Paton, Petrea Barker va Bernadette Morris bilan birgalikda oltin medalni qoʻlga kiritgan. 1999-yilgi Telstra Avstraliya milliy chempionatida u ayollar oʻrtasida 100 m brass usulida suzishda oltin medalni qoʻlga kiritgan hamda jahon rekordini yangilagan. 2000-yilga kelib u mahalliy, shtat, milliy va xalqaro kabi turli darajadagi musobaqalarda medallarni qoʻlga kiritgan. 2000-yilda Paralimpiya oʻyinlari boshlanishidan oldin u Amsterdamda oʻtkazilgan suzish musobaqasida qatnashib, 100 m brass va 200 m erkin usulda suzish kabi bir nechta yoʻnalishlarda oltin medallarni qoʻlga kiritgan. Xuddi shu musobaqada u 200 m kompleks usulda suzish hamda 50 va 100 m erkin usulda suzish boʻyicha uchta kumush medalga ega chiqqan.
Maktab vakili sifatida Aberley 2000-yilgi Tinch okeani maktab oʻyinlari jamoasi tarkibida musobaqada qatnashgan. Ushbu musobaqa uning Paralimpiya terma jamoasiga tanlanishiga yordam bergan.
2000-yilgi Yozgi paraolimpiada oʻyinlarida u ayollar oʻrtasida 100 m erkin usulda S14 hamda 200 m kompleks usulda SM14 yoʻnalishlarida ikkita kumush medalni va 200 m erkin usulda S14 va 50 m brass usulida SB14 yoʻnalishlarida ikkita bronza medalini qoʻlga kiritgan. 2000-yilgi oʻyinlarda u medal yuta olmagan boshqa bir qator yoʻnalishlarda ham qatnashgan. Bularga 50 m erkin usulda suzish (beshinchi oʻrin), 50 m chalqancha suzish (oltinchi oʻrin), 100 m erkin usulda suzish (yettinchi oʻrin) hamda finalga chiqa olmagan 50 m kapalakcha (batterflay) usulida suzish kiradi.
Aberleyga Bolkam Xillslik Greg McWhirter murabbiylik qilgan. 2002-yilda Aberley 2002-yilgi Telstra Avstraliya chempionatida ishtirok etgan. U turli imkoniyatga ega sportchilar oʻrtasida 100 m brass usulida suzish bahslarida 01:22.99 natija bilan gʻalaba qozongan. Sportchi „The Hill“ suzish klubi sharafini himoya qilgan. Shuningdek, u 2003-yilgi musobaqada ayollar oʻrtasida 100 m erkin usulda suzish bahslarida qatnashgan.
Aberley suzish boʻyicha bir nechta jahon va Avstraliya rekordlariga ega. Bularga 100 m va 200 m brass usulida suzish boʻyicha jahon rekordi kiradi. U 50 m, 100 m va 200 m brass usulida suzish boʻyicha 16 yoshlilar oʻrtasidagi jahon rekordini oʻrnatgan. Uning Avstraliya milliy rekordlari 50 m, 100 m va 200 m brass usulidagi masofalarga tegishlidir.
Manbalar
Turkum:Yashayotgan insonlar Turkum:1984-yilda tugʻilganlar Turkum:Avstraliya sportchilari