Brendan John Burkett (1963-yil 7-oktyabrda tugʻilgan) — avstraliyalik suzuvchi. U toʻrtta Paralimpiya oʻyinlarida beshta medal hamda 1994-yilgi Viktoriya Hamdoʻstlik oʻyinlarida kumush medalni qoʻlga kiritgan .
Shaxsiy hayoti Burkett 1963-yil 7-oktyabrda Brisben shahrida olti farzandli oilada dunyoga kelgan. U Kvinslend shtatining Gladston shahri yaqinidagi Tannum Sands shaharchasida oʻsgan. U mahalliy regbi-lig jamoasi sardori boʻlgan va ushbu sport turida professional faoliyat yuritishni orzu qilgan. 1984-yilda Yangi Zelandiya boʻylab turga chiqqan Kvinslend terma jamoasi tarkibida oʻynagan.
1985-yil 21-dekabrda, Markaziy Kvinslend universitetini tamomlagan kuni u mototsikl boshqarayotganda yoʻl-transport hodisasiga uchragan. Uning chap oyogʻi oʻn uch joyidan sinib, oʻn kundan soʻng amputatsiya qilingan.
Sportchi 1985-yilda Markaziy Kvinslend universitetida muhandislik bakalavri darajasini va 1986-yilda Kvinslend texnologiya universitetida muhandislik magistri darajasini olgan. Shuningdek, u Kvinslend texnologiya universitetida biomexanika boʻyicha doktorlik (PhD) darajasini yoqlagan. Burkett besh yil davomida muhandis-maslahatchi boʻlib ishlagan, shulardan bir yilini Shimoliy dengizda oʻtkazgan. Burkett u yerdagi neft qudugʻida ishlagan imkoniyati cheklangan birinchi inson boʻlgan.
1998-yilda u Sanshayn-Kost universiteti professori boʻlgan. 1999-yilda u Avstraliya regbi terma jamoasiga oʻsha yilgi Regbi boʻyicha jahon chempionatiga tayyorgarlik koʻrishda yordam bergan. U 2002-yilgi Jahon chempionati, 004-yilgi Paralimpiya oʻyinlari va 2006-yilgi Jahon chempionatida Avstraliya Paralimpiya suzish terma jamoasining milliy sport ilmi koordinatori boʻlib xizmat qilgan. Sanshayn-Kost universitetida Fan, salomatlik va taʼlim fakulteti dekani vazifasini bajaruvchi hamda salomatlik, sport va jismoniy mashqlar markazi direktori lavozimlarida faoliyat yuritgan. Uning tadqiqot yoʻnalishlariga inson salomatligi va jismoniy imkoniyatlari hamda sport biomexanikasi kiradi.
2008-yilda oilasi bilan Nusada dam olayotganda, uning suv oʻtkazmaydigan protez oyogʻi oʻgʻirlab ketilgan.
Manbalar