Josеr (shuningdek, Zoser deb ham o‘qiladi) — Qadimgi Misrning fir’avni, III sulola vakili va Qadimgi podsholik davri hukmdori bo‘lib, ushbu davrga asos solgan. U, shuningdek, Manetho asarlarida Tosortros, Eusebius asarlarida esa Sesortos tarzida berilgan yunonlashtirilgan nomlari bilan ham tanilgan. U podsho Khasekhemwy va malika Nimaathapning o‘g‘li bo‘lgan, biroq taxtga ularning bevosita vorisi sifatida o‘tirgan-o‘tirmagani noma’lum. Ramessidlar davriga oid podsholar ro‘yxatlarining aksariyatida undan oldin Nebka ismli podsho hukmronlik qilgani ko‘rsatiladi. Biroq bu nomni o‘sha davrga oid Horus nomilar bilan bog‘lashda muammolar mavjud, shu sababli ayrim misrshunoslar podsholar taxtiga vorislikning an’anaviy ketma-ketligini shubha ostiga oladi. Josеr pog‘onali piramidasi bilan mashhur bo‘lib, u Qadimgi Misrdagi eng qadimgi ulkan tosh inshoot hisoblanadi.
Shaxsiyati
Hozirda Qohiradagi Misr muzeyida saqlanayotgan Josеrning bo‘yalgan ohaktosh haykali Misrda ma’lum bo‘lgan, insonning haqiqiy o‘lchamida ishlangan eng qadimgi haykaldir. Bugungi kunda haykal topilgan Saqqaradagi joyda asl nusxa o‘rniga uning gipsdan tayyorlangan nusxasi turadi. Haykal 1924–1925-yillarda Qadimiy yodgorliklar xizmati tomonidan olib borilgan qazishmalar davomida topilgan.
O‘sha davrga oid bitiklarda u Netjerixet Horus nomi bilan atalgan bo‘lib, bu nom „ilohiy tana“ degan ma’noni anglatadi. Keyingi davrlarga oid manbalar, jumladan, uning qurilish faoliyatiga bag‘ishlangan Yangi podsholik davri yozuvi hamda ikkala nom ham keltirilgan Ptolemeylar davriga oid Ocharchilik stelasi, Netjerixet va Josеr bir shaxs ekanini tasdiqlashga yordam beradi. Josеr Ninetjerdan keyin o‘zining serekhida faqat Horus nomi yozilgan birinchi fir’avn bo‘lgan.
Manetho Necherofesni, Turin podsholari ro‘yxati esa Nebkani III sulolaning birinchi hukmdori sifatida ko‘rsatadi. Biroq hozirgi kunda ko‘plab misrshunoslar Josеr ushbu sulolaning birinchi podshosi bo‘lgan, deb hisoblaydi. Ular Xufudan oldin hukmronlik qilgan ayrim podsholar tilga olingan Vestkar papirusidagi ketma-ketlik Nebkani Joserdan oldin emas, balki Josеr bilan Huni orasida joylashtirish kerakligini ko‘rsatishini ta’kidlaydi. Bundan ham muhimrog‘i, ingliz misrshunosi Tobi Uilkinson Abidosdagi Khasekhemwy maqbarasi kirish qismidan topilgan dafn muhrlarida Nebka emas, faqat Josеr nomi qayd etilganini ko‘rsatgan. Bu dalil Khasekhemwyni Nebka emas, Josеr dafn etganini va shu sababli uning taxtga bevosita voris bo‘lganini tasdiqlaydi.
Oilasi
Josер Ikkinchi sulolaning so‘nggi podshosi Khasekhemwy bilan uning rafiqasi malika Nimaathap orqali qarindosh bo‘lgan. Bunga Khasekhemwyning maqbarasi va Beit Khallafdan topilgan muhrlar dalil bo‘ladi. Abidosdan topilgan muhrda Nimaathap „podsho farzandlarining onasi Nimaathap“ deb atalgan. Beit Khallafdagi K1 mastabasida esa ayni shaxs „ikki podshoning onasi“ sifatida tilga olingan. Beit Khallaf yodgorligidan topilgan boshqa muhrlarning sanasi ularning Josеr hukmronligi davriga tegishli ekanini ko‘rsatadi. Bu dalillar Khasekhemwy Josеrning bevosita otasi bo‘lganini yoki Nimaathap Josеrni avvalgi turmush o‘rtog‘idan dunyoga keltirganini taxmin qilishga asos beradi. Nemis misrshunosi Gyunter Drayer Khasekhemwyning Umm El Qa'abdagi maqbarasidan Josеrning muhr izlarini topgan. Bu topilma Josеr Khasekhemwyning bevosita vorisi bo‘lganini va maqbara qurilishini yakunlaganini ko‘rsatuvchi qo‘shimcha dalildir.
Unga sig‘inish marosimlari Sneferu hukmronligining keyingi davrida ham davom etgan ko‘rinadi.
Hetefernebti Josеrning malikalaridan biri sifatida „Pog‘onali piramida majmuasi hududini o‘rab turgan devordagi bir qator chegara stelalari (hozirda turli muzeylarda saqlanadi) va Germopolisdagi binodan topilgan relyef bo‘lagi“ asosida aniqlangan. Ushbu relyef bo‘lagi hozirda Turindagi Misr muzeyida saqlanadi.
Inetkaes ularning nomi ma’lum bo‘lgan yagona qizi edi. Josеr hukmronligi davrida yana bir qirollik oilasiga mansub ayol tilga olingan, biroq uning ismi bitikda saqlanib qolmagan. Josеr bilan uning vorisi Sekhemkhet o‘rtasidagi qarindoshlik munosabatlari noma’lum, Josеrning vafot etgan sanasi ham aniq emas.
Hukmronligi III sulola
Miloddan avvalgi taxminan 2680-yilda, janubiy va shimoliy hududlar o‘rtasida yuz bergan fuqarolar urushidan so‘ng, Xasekhemvi Yuqori va Quyi Misr yerlarini yagona podshohlik ostida birlashtirdi. Ikki tojning birlashuvidan keyingi davr farovonlik bilan ajralib turdi. Bu davrda III sulola va Qadimgi Misr podsholigi davri boshlandi. O‘sha davrga oid yozma manbalar parcha-parcha holda saqlanib qolganligi sababli, sulola asoschisining aynan kim bo‘lgani munozarali masala hisoblanadi. Djoser III sulola asoschisi bo‘lishi mumkin bo‘lgan asosiy nomzodlardan biridir. Boshqa nomzodlar qatoriga Nebka va Sanakht kiradi. Vaziyatni yanada murakkablashtiradigan jihat shuki, Nebka va Sanakht aslida bir shaxsni anglatishi ham mumkin.
Misrshunos Toby Wilkinsonning fikricha, arxeologik dalillar majmuasi Khasekhemwyning vorisi va, demak, III sulola asoschisi Joser (Netjerikhet) bo‘lganini ko‘rsatadi. Khasekhemwyning Abidosdagi qabridan topilgan muhr hamda Joser hukmronligi davriga mansub Beit Khallafdagi K1 mastabasidan topilgan muhr ikki fir’avnni mos ravishda ota va o‘g‘il sifatida o‘zaro bog‘laydi. Abidosdagi muhrda Khasekhemwyning farzandlari onasi sifatida „Nimaat-hap“ nomi keltirilgan bo‘lsa, Beit Khallafdagi boshqa muhrda ayni shaxs „ikki toj egasining onasi“ deb atalgan.
Ikki fir’avn hukmronligi o‘rtasidagi bog‘liqlikni ko‘rsatuvchi boshqa arxeologik dalillar Shunet ez-Zebibdan topilgan. Ular Joser o‘zidan oldingi hukmdorning dafn marosimini nazorat qilgan bo‘lishi mumkinligini ko‘rsatadi. Har ikki fir’avn qabri joylashgan hududlardan — Khasekhemwyning Abidosdagi va Joserning Saqqaradagi qabrlaridan — topilgan marosimlarda ishlatilgan tosh idishlar ham bir xil to‘plamga mansub bo‘lishi mumkin. Bunga har ikki joydan topilgan namunalar Min xudosining bir xil tasvirlarini o‘z ichiga olishi dalil bo‘ladi.
Ushbu arxeologik dalillar kamida bitta tarixiy manba — Saqqara podshohlari ro‘yxati bilan ham tasdiqlanadi. Unda Joser Bebtining bevosita vorisi sifatida ko‘rsatilgan. Bebti nomi esa Ramessidlar davrida Khasekhemwy ismining noto‘g‘ri o‘qilishi natijasida paydo bo‘lgan.
Hukmronlik davomiyligi
Manethoning yozishicha, Joser Misrni 29 yil boshqargan, Turin podshohlari ro‘yxatida esa uning hukmronligi atigi 19 yil davom etgani qayd etilgan. Joser, ayniqsa, Saqqarada ko‘plab yirik qurilish loyihalarini amalga oshirganini hisobga olib, ayrim olimlar uning hukmronligi qariyb 30 yil davom etgan deb hisoblaydi. Wilkinsonning tahlili va Podshohlik yilnomalarini qayta tiklashiga ko‘ra, Manetho keltirgan raqam haqiqatga yaqinroq ko‘rinadi. Wilkinson yilnomalarni qayta tiklash jarayonida Joser hukmronligi „to‘liq yoki qisman 28 yil“ davom etgan degan xulosaga kelgan. Uning ta’kidlashicha, Palermo toshining V registrida hamda „Qohira parchasi 1“ning V registrida Joser hukmronligining boshlanishi va oxiriga oid qayd etilgan chorva mollarini sanash natijalari, katta ehtimol bilan, uning hukmronligining 1–5- va 19–28-yillariga to‘g‘ri keladi. Afsuski, yozuvlarning deyarli barchasi bugungi kunda o‘qib bo‘lmaydigan holga kelgan. Ammo, Fir’avnning toj kiygan yili saqlanib qolgan. Shundan keyin „ikki ustunni qabul qilish“ va „Qau-Netjerw qal’asi uchun („xudolar tepaliklari“) arqon tortish“ voqealari qayd etilgan.
Podshohlik yilnomalarining hozirgi qayta tiklangan talqinini qo‘llab-quvvatlovchi qarashga ko‘ra, Ramessidlar davri kotiblari Turin podshohlari ro‘yxatida Joser hukmronligini „29 yil“dan „19 yil“ga noto‘g‘ri qisqartirgan bo‘lishi mumkin. Taqqoslash uchun, Joserning otasi va undan oldingi hukmdor Khasekhemwyning hukmronlik muddati ham xuddi shunday tarzda „17 yil“dan „27 yil“ga o‘zgartirilgan. Shunday ekan, Ramessidlar davri kotiblari Joser hukmronligining dastlabki 10 yilini yanglish ravishda Khasekhemwyga tegishli deb ko‘rsatgan bo‘lishi mumkin.
Palermo toshi, asosiy parcha: Toj kiyish yili (1-yil): Quyi va Yuqori Misr podshohining namoyon bo‘lishi; ikki mamlakatning birlashtirilishi; Memfisdagi Oq devor atrofida aylanish. To‘rt tirsak, ikki kaft, ikki va uchdan ikki barmoq. 2-yil: ...ning namoyon bo‘lishi; ikki toj egasining namoyon bo‘lishi; podshohni Senut ibodatxonasiga kiritish. To‘rt tirsak va bir va uchdan ikki kaft. 3-yil: Horusning yurishi, Min tasvirini yaratish. Ikki tirsak, uch kaft, ikki va to‘rtdan uch barmoq. 4-yil: Ikki toj egasining namoyon bo‘lishi, „Xudolar tepaliklari“ binosida arqon tortish marosimi. Uch tirsak, uch kaft, ikki barmoq. 5-yil: Horusning yurishi... (qolgan qismi yo‘qolgan).
Qohira toshi, asosiy parcha: 19-yil: Horusning yurishi... (qolgan qismi yo‘qolgan). 20-yil: Ikki toj egasining namoyon bo‘lishi, Anubis ibodatxonasini qurish. 21-yil: Horusning yurishi... (qolgan qismi yo‘qolgan). 22-yil: Ikki toj egasining namoyon bo‘lishi... (qolgan qismi yo‘qolgan). 23-yil: Horusning yurishi... (qolgan qismi yo‘qolgan). 24-yil: Ikki toj egasining namoyon bo‘lishi... (qolgan qismi yo‘qolgan). 25-yil: Horusning yurishi... (qolgan qismi yo‘qolgan). 26-yil: Ikki toj egasining namoyon bo‘lishi... (qolgan qismi yo‘qolgan). 27-yil: Horusning yurishi... (qolgan qismi yo‘qolgan). 28-yil: Ikki toj egasining namoyon bo‘lishi... (qolgan qismi yo‘qolgan). Vafot etgan yil: ...-oy, ...-kun. (shikastlangan).
Hukmronlik davri Turli manbalarda Joser hukmronligi uchun har xil sanalar keltiriladi. Qadimgi Yaqin Sharq tarixi professori Marc van de Mieroop Joser miloddan avvalgi 2686–2648-yillar oralig‘ida hukmronlik qilganini ta’kidlaydi. Mualliflar Joann Fletcher va Michael Rice uning hukmronligini miloddan avvalgi 2667–2648-yillarga to‘g‘rilab, hukmronlik davri to‘liq yoki qisman hisoblangan 18 yildan iborat bo‘lganini qayd etadi. Rice, shuningdek, Nebka Joserning ukasi va undan oldin hukmronlik qilgan podshoh bo‘lganini ta’kidlaydi. Yozuvchi Farid Atiya Fletcher va Rice keltirgan davrga o‘xshash, biroq bir yilga siljigan sanalarni beradi: miloddan avvalgi 2668–2649-yillar. Bu sanalash Rosalie va Charles Bakerning Qadimgi Misr: Piramidalar aholisi( Ancient Egypt: People of the Pyramids) asarida ham qo‘llab-quvvatlanadi. Misrshunos Abeer el-Shahawy Qohiradagi Misr muzeyi bilan hamkorlikda Joser hukmronligini miloddan avvalgi 2687–2668-yillarga belgilaydi; bu ham to‘liq yoki qisman hisoblangan 18 yillik davrga to‘g‘ri keladi. Muallif Margaret Bunson Joserni III sulolaning ikkinchi hukmdori deb hisoblaydi va uning hukmronlik davrini miloddan avvalgi 2630–2611-yillarga belgilab, to‘liq yoki qisman hisoblangan 19 yil davom etganini ko‘rsatadi. Uning xronologiyasida Joserdan oldin „III sulola asoschisi“ sifatida Nebka hukmronlik qilgan bo‘lib, uning davri miloddan avvalgi 2649–2630-yillarga to‘g‘ri keladi. Bunson ham Rice kabi Nebkani Joserning ukasi deb hisoblaydi. Palermo toshida Djoserning salafi Xasekhemvining vafoti yilning ikkinchi oyi va 23-kunida yuz bergani qayd etilgan. Joserning toj kiyish sanasi ko‘rsatilmaganligi sababli, uning hukmronligi aynan shu vaqtda boshlangan deb taxmin qilish mumkin.
Harbiy yurishlari
Joser Sinay yarim oroliga bir necha harbiy yurish uyushtirib, mahalliy aholini bo‘ysundirdi. Shuningdek, u yerga feruza va mis kabi qimmatbaho minerallarni qazib olish uchun ekspeditsiyalar yubordi. Bu haqda hududdagi sahrodan topilgan bitiklar ma’lumot beradi. Ularda ba’zan Set ramzi va bayrog‘i Horus ramzlari hamda bayrog‘i bilan birga tasvirlangan. Bunday tasvirlar Khasekhemwy hukmronligi davrida ko‘proq uchragan. Sinay yarim oroli Nil vodiysi bilan Osiyo o‘rtasidagi bufer hudud sifatida ham strategik ahamiyatga ega edi.
Qurilish loyihalari