Fasihiddin Gʻulomovich Dadamuhamedov (1953.26.5, Toshkent) — zargar, Oʻzbekiston Respublikasi xalq, ustasi (1998). Toshkent sanʼat institutini tugatgan (1975). Usta zargar N. Xolmashovdan hunar oʻrgangan. 1985 yildan "Us to" birlashmasida zargar-usta, 2000 yildan xususiy ustaxonasida mehnat qiladi. Dadamuhamedov ijodida milliy zargarlik uslubini tikladi, anʼanalarini uygʻunlashtirdi va rivojlantirdi, shabaka, zigʻirak, qolipaki, bosma usullarida buyumlar yaratdi: zirak, uzuk, bilaguzukdan iborat "Bozband", "Panjara tumor", "Uch koʻza" va b. toʻplamlar, tillaqosh, zebigardon, uzuk, zirak va b. taqinchoqlar; buyumlar bezagida oʻsimliksimon naqshlarni keng qoʻlladi. D. yaratgan buyumlardan namunalar respublika va chet mamlakatlar (AQSH, Angliya, Fransiya, Isroil, Rossiya, Polsha va b.) muzeylari, xususiy toʻplamlarda saqlanadi.

Adabiyot OʻzME. Birinchi jild. Toshkent, 2000-yil