Abdulahad (Amir Abdulahad, Amir Abdulahadxon, Amir Sayyid Abdulahad Bahodirxon) (1857-yil 16-mart, Karmana, Buxoro amirligi — 1911-yil 7-yanvar) — Buxoro amirligining hukmdori (1885—1911). Oʻzbek mangʻitlardan. Amir Muzaffarning oʻgʻli. Chor Rossiyasining general-adyutanti. Tarjimayi holi Sayyid Abdulahad Bahodirxon 1857-yil 16-mart kuni Buxoro amirligining Karmana shahrida tugʻilgan. Otasi Amir Muzaffar, onasi kelib chiqishi eroniy boʻlgan Shamshodoyim. Shamshodoyim oʻz davrining aql-farosatli ayollaridan biri boʻlib, Amir Muzaffarning suyukli xotini hisoblangan. Abdulahad yoshligidan onasining tarbiyasini olgan. Hamid Maʼqul ismli ustozdan abjad va alifboni oʻrgangan.
Abdulahad yoshligidan sheʼriyatga qiziqqan, „Ojiz“ taxallusi bilan sheʼrlar yozgan. Ammo maxsus devon tuzmagan. Uning sheʼrlaridan namunalar ayrim ijodkorlarning tazkiralarida keltirib oʻtilgan.
Zamondoshlari uni xushmuomala, adolatparvar, xudojoʻy, oddiylik doirasidan chiqmagan va madaniyatli inson sifatida eslab oʻtishgan.
U 18 yoshida yaʼni 1875-yil Karmana hokimi etib tayinlangan.
1885-yil 13-dekabrda Amir Muzaffar Buxoroda vabo kasalidan vafot etgach, shu yil dekabr oyi oʻrtalarida Abdulahad rasman Buxoro amirligi taxtiga oʻtirgan.
Taxtga chiqishi Mangʻitlar sulolasining udumiga koʻra Buxoro amirligining valiahdi Karmana viloyatini boshqargan. Amir Muzaffar toʻngʻich oʻgʻli Abdulmalikni (1848—1909) taxt vorisi va Karmana viloyati hokimi etib tayinlagan, ammo 4 yildan keyin Abdulmalik Gʻuzor viloyatiga hokim qilib yuborilgan. Rus bosqini davrida (1868) Abdulmalik va Amir Muzaffar oʻrtasida nizolar kelib chiqishi oqibatida Amir Muzaffar uni taxt vorisi huquqidan mahrum etadi. Soʻng, amir taxt vorisi huquqini ikkinchi oʻgʻli, Chorjoʻy begi — Nuriddinga bermoqchi boʻlib turganida, Nuriddin toʻsatdan vafot etadi. Keyin, taxt vorisi etib navbatdagi oʻgʻli Abdulfattohni tayinlaydi. 1869-yil Abdulfattohni rus imperatori Aleksandr II huzuriga yuborib, taxt vorisligiga imperator roziligini ham oladi. Koʻp oʻtmay Abdulfattoh ham vafot etadi. Shundan soʻng Amir Muzaffar Abdulahadni taxt vorisi etib tayinlaydi.
1883-yil Amir Muzaffar Abdulahadni Aleksandr III (1881—1894) Rossiya imperiyasi taxtiga chiqqanligi munosabati bilan unga toj kiydirish tantanalarida ishtirok etish va Buxoro amirligi taxtiga boʻlajak vorisligini tasdiqlatish maqsadida uni imperiya poytaxtiga yuboradi.
Imperator huzuriga Abdulahad bilan birga ichki ishlar vaziri Salim parvonachi, Hisor hokimi Ostonaqul qushbegi va yana bir necha buxoroliklar ham yuboriladi. Ularning vazifasi Rossiya bilan aloqalarni yaxshilashdan iborat edi. Abdulahad bilan birga ushbu safarga chiqqan tarixchi Muhammad Salim oʻzining „Kashkuli Salimiy“ asarida shunday yozadi:
Vabo kasaliga chalingan Amir Muzaffar 1885-yil 13-dekabr kuni Buxoro tashqarisidagi Shirbudun saroyida toʻshakka mixlanib qoladi. Amir mahramlari zudlik bilan bu haqda Karmanada turgan Abdulahadga xabar yuborishadi. Mamlakatda notinchliklar boshlanib ketishidan xavotir olishgani uchun Abdulahad yetib kelgunicha Amir Muzaffarning ahvoli ommadan sir tutiladi. Qushbegi Mulla Mahmudbiy buyrugʻi bilan Amir Muzaffar tunda, yashirin tarzda Buxoro arkiga olib boriladi va oʻsha yerda joni uziladi.
Xabarni olgan Abdulahad 1000 nafar navkari bilan yoʻlga otlanadi, yoʻl-yoʻlakay Bahouddin Naqshband qabrini ziyorat qilib, Buxoroga yetib keladi. Marhum Muzaffarning jasadi Buxorodagi Hazrati Imlo qabristoniga qoʻyiladi.
Bundan bir necha kun oʻtib, Abdulahadxonning rasman Buxoro amirligi taxtiga oʻtirishi marosimi oʻtkaziladi. Marosimda saroy aʼyonlari, hukumat vakillari, diniy mulozimlar va oʻzbek urugʻlari oqsoqollari qatnashadilar.
Abdulahadxon taxtga chiqqan paytdagi amirlikning ahvoli Amir Abdulahadxonga bu davrda Buxorodan uzoqda yashayotgan akasi — Abdumalik Toʻra xavf solib turardi. Abdumalik Toʻra otasining kasalligidan xabar topgandan soʻng, 1885-yilning kuzidan boshlab amirlik taxtini egallashga harakat qiladi. Abdumalik Toʻra Hisor hokimi boʻlgan inisi Abdulmoʻmin (1852—1894) bilan birgalikda hokimiyatni egallashni niyat qiladi. Birlashgan aka-ukalarga inglizlar, Afgʻoniston amiri Abdurahmon, Koʻlob begi Sarixon qoʻllab-quvvatlashga vaʼda beradilar. Xuddi shu paytda Chorjoʻy begi Muzaffarxonning yana bir oʻgʻli Siddiqxon ham taxtga davogarlik qiladi. otasi Abdulahadxonning oʻlimidan xabarsiz holatda Buxoroga kelgan Siddiqxon amirlik qoʻshbegisi tomonidan hibsga olinadi va uy qamogʻiga tashlanadi. 35 yil davomida siyosiy hayotdan chetda saqlanadi. 1920-yilda Buxoro amirligi barham topgach, Afgʻonistonga ketadi. U „Hashmat“ taxallusi bilan sheʼrlar yozgan.
Tarixchilar Abdulahadxon taxtga chiqqan paytdagi Buxoro amirligining ahvolini mamlakat tanazzuli davri sifatida qayd etadilar. Maʼmurlarning davlat gʻaznasidan yulgʻichligi, xalqning ahvoliga befarqligi oshib borgan. Davlat xizmatchilari ustidan nazoratsizlik, mamlakatni tanazzulga olib kelgan.
Bundan tashqari, Amir Muzaffar davrida boʻlib oʻtgan urushlar amirlikni iqtisodiy jihatdan kuchsizlantirgan. Savdo-sotiq ishlari toʻxtab qolib, xalq kundan-kunga nochorlashib boravergan. Koʻpchilik nochorlik tufayli Turkiston general-gubernatorligi, Qashqar, Afgʻoniston tomonlarga koʻchib ketgani uchun amirlikda aholi soni kamaya borgan.
Amirlikning zamonaga moslashmagan, harbiy amaliyotlarda ancha noʻnoq boʻlib qolgan armiyasini saqlab turish uchun amirlik iqtisodidan doimiy ravishda katta mablagʻ sarflab turilgan.
Islohotchiligi Amir Abdulahadxon taxtga chiqqan paytida amirlikda holat yaxshi emas edi. Amir Muzaffar, zamondoshlarining fikriga koʻra ancha zehnli inson hisoblansa ham, ammo oʻz davri qarichi bilan oʻlchaganda biroz eskicha qarashli kishilardan boʻlgan. Uning davrida mamlakatga oʻz zamonasining ilgʻor yangiliklari kirib kelmagan.
Abdulahadxon taxtga oʻtirganidan soʻng Buxoroning Rossiya bilan aloqalari birmuncha rivojlangan. Amirlik armiyasini birmuncha qisqartirilib, askarlarga harbiy taʼlim berish uchun rus harbiy mutaxassislari Buxoroga keltirilgan, yaʼni harbiy sohani isloh qilingan.
Amir Abdulahadxon sud-huquq tizimini isloh qiladi. Poraxoʻrlik hamda taʼmagarlik qilgan amaldorlarni lavozimidan ozod qiladi. Barcha viloyat qozilari va tuman oqsoqollarini ishdan boʻshatib, yangi qozi va oqsoqol tayin etadi. Amirlikda xizmat qilayotgan mufti askar lavozimida xizmat qilayotgan Badriddin maxsumni rais mansabiga koʻtaradi. Orifjon maxdumni esa rais mansabiga tayinlaydi. 1886-yilda amirlikdagi zindonlarning bir qismini yoptiradi. Buxoro shahrida joylashgan kanaxona koʻmib yuboriladi. Jamiyatda avj olib ketgan nashavandlik, taʼmagirlik, qimorbozlik, poraxoʻrlik, bachchabozlikni hamda qul savdosini, jinoyatchilarga jismoniy jazo berishni, jinoyatchilarni qatl etishni taqiqlovchi farmonlar chiqargan. Xotinlarni sotish, poraxoʻrlik, ochkoʻzlik va hokazolarni jazolaydigan qonunlarning jiddiyligi ikki baravar oshirildi. 1897-yilda Abdulahadxon buyrugʻiga koʻra, Buxoro shahrida nogiron va muomalaga layoqatsizlar uchun barcha sharoitlar mujassam nogironlar uyi barpo etiladi. U yerda joylashganlar uchun kuniga ikki marta issiq ovqat tashkil qilingan. Bundan tashqari amir nazorati va buyrugʻi ostida Buxoro shahrida zamonaviy shifoxona va dorixona tashkil etilgan.
Abdulahadxon 1885-yilda tarkibi 2000 kishilik amirlikning yirik shaharlarida xizmat qilishi rejalashtirilgan Buxoro militsiyasini tashkil qiladi.
Rossiya imperatori Amir Abdulahadxonga general-adyutant harbiy unvonini bergan.
Ismoil Gaspirali 1904-yilda amir ruxsati bilan Buxoroda yangi usul maktabini ochgan va bu maktabni Abdulahadxonning otasi sharafiga „Muzaffariya“ deb nomlagan.
Bunyodkorlik ishlari 1892-yilda Amir Abdulahadxon davrida Kattaqoʻrgʻondan Buxoroga telegraf simi tortilgan. Bu sim Karmana shahri orqali oʻtgan.
Undan tashqari, Samarqandni Chorjoʻy bilan bogʻlaydigan temir yoʻl oʻtkazilgan.
Amir Abdulahadxon Sankt Peterburgda masjid, Arabiston, Misr, Qrim va Kavkazda bir qancha rabotlar, saroylar, mehmonxona va hammomlar qurdirgan.
Buxoro amirligi va Chor Rossiyasi Amir Abdulahadxon davrida Buxoro amirligi va Rossiya imperiyasi oʻrtasidagi aloqalar rivojlanib bordi. Amirlik ustidan Rossiya protektorati uzil-kesil oʻrnatildi. Buxoro amirligi Rossiya imperiyasi bojxona xizmati taʼsir doirasiga kirishi buxorolik va rossiyalik savdogarlarning ikki mamlakat hududida erkin harakatlanishi uchun qulay sharoit yaratdi. Shu asnoda rus sanoatchilarining Buxoro amirligi hududiga sanoatni olib kirishiga imkon yaratildi.
Amirlik hududida aksiyadorlik jamiyatlari, banklar va kichik sanoat korxonalari ochila boshladi. Kaspiyorti temir yoʻli ishga tushirilganidan soʻng bu jarayon yanada kuchaydi.
Tarixiy asarlarda Buxorolik tarixchi Mirzo Salimbek Abdulahadxon toʻgrisida quyidagi fikrlarni yozib qoldirgan:
Said Abdulahadxon davrida chor hukumati Buxoroda rus siyosiy agentligi taʼsis etib (1886), Turkistonni, jumladan Buxoro xonligini xom ashyo bazasiga aylantirish va bu yerdagi boyliklarni Rossiyaga tashib ketish maqsadida Amudaryoga koʻprik qurdi, Chorjoʻy-Samarqand temir yoʻl oʻtkazdi (1900—1901). Shuningdek Abdulahadxon davrida jadidchilik harakati kuchaydi"" OʻzME. A-harfi Birinchi jild. Toshkent, 2000-yil.
Manbalar
Adabiyotlar Kitoblar
Maqolalar
Turkum:Buxoro amirligi hukmdorlari Turkum:Navoiy viloyatida dafn etganlar