Ehtimollar nazariyasi — tasodifiy hodisalarning umumiy qonuniyatlarini, ularning roʻy berish ehtimollarini hamda koʻp sonli tasodifiy omillarning oʻzaro taʼsirini oʻrganadigan matematikaning asosiy boʻlimlaridan biri.

Asosiy tushunchalar Ehtimollar nazariyasi dastlab XVII asrda qimor oʻyinlaridagi tasodifiy holatlarni tahlil qilish ehtiyoji tufayli vujudga kelgan. Odamlar dastlab uni alohida fan sifatida emas, balki amaliy oʻyinlardagi vaziyatlar orqali tushunib yetganlar.

Hodisa va uning turlari Hodisa — muayyan shartlar bajarilganda roʻy berishi yoki roʻy bermasligi mumkin boʻlgan har qanday jarayon. Hodisalar asosan uch turga boʻlinadi: 1. Muqarrar hodisa — berilgan shart-sharoitlarda har doim albatta roʻy beradigan hodisa. 2. Mumkin boʻlmagan hodisa — berilgan shart-sharoitlarda aslo roʻy bermaydigan hodisa. 3. Tasodifiy hodisa — berilgan shartlarda roʻy berishi ham, bermasligi ham mumkin boʻlgan hodisa.

Klassik ehtimol taʼrifi Agar barcha elementar natijalar chekli boʻlib, ularning har biri bir xil imkoniyatga ega boʻlsa, $A$ hodisaning ehtimoli quyidagicha aniqlanadi:

Bu yerda: $n$ — barcha mumkin boʻlgan imkoniyatlar (barcha elementar natijalar) soni; $m$ — $A$ hodisaning roʻy berishiga qulaylik tugʻdiruvchi natijalar soni.

Nazariyaning rivojlanishi va tatbiqlari Biror hodisaning roʻy berish ehtimoli shunchaki mavhum tushuncha emas, balki amalda ishonchli natijaga erishish uchun muhimdir. Agar $A$ hodisaning roʻy berish ehtimoli 1 ga ancha yaqin (yoki roʻy bermaslik ehtimoli 0 ga yaqin) boʻlsa, bunday hodisa amalda muqarrar roʻy beradigan ishonchli hodisa deb hisoblanadi (qarang: Katta sonlar qonuni).

Tabiatshunoslikda muayyan $S$ shartlar majmui bilan $A$ hodisa orasidagi bogʻlanish asosan ikki sxema boʻyicha tushuntiriladi: 1. $S$ shartlar majmui bajarilganda $A$ hodisa har doim aniq bir qiymatli roʻy beradi (masalan, klassik mexanika qonunlari). 2. $S$ shartlar majmui bajarilganda $A$ hodisa maʼlum bir ehtimol bilan roʻy beradi. Masalan, radioaktiv nurlanish qonunlari har bir radioaktiv modda uchun berilgan vaqt oraligʻida bu moddaning $N$ ta atomi yemirilishining maʼlum ehtimoli borligini tasdiqlaydi. Ushbu ehtimollik $P(A|S) = p$ koʻrinishida yoziladi.

Ikkinchi sxema bilan ifodalanuvchi qonuniyatlar statistik qonuniyatlar deyiladi. Tugʻilish va oʻlim koʻrsatkichlari bilan bogʻliq jarayonlar (masalan, oʻgʻil bola tugʻilishi ehtimoli 0,515 ekanligi) ham shular jumlasiga kiradi. XIX asr oxiridan boshlab fizika, kimyo, biologiya va boshqa fanlarda koʻplab statistik qonuniyatlar kashf etildi.

Oʻzbekistonda ehtimollar nazariyasi maktabi Oʻzbekistonda ehtimollar nazariyasi XX asrning 20-yillaridan boshlab atoqli olim V. I. Romanovskiy tashabbusi va bevosita ishtiroki bilan rivojlana boshladi. Keyinchalik T. A. Sarimsoqov, S. X. Sirojiddinov, T. A. Azlarov, Sh. K. Farmonov, A. N. Nagayev, N. U. Gʻofurov, T. M. Zuparov kabi olimlarning ilmiy tadqiqotlari bu sohaning rivojiga ulkan hissa qoʻshdi. Hozirgi kunda Ehtimollar nazariyasi va matematik statistika zamonaviy fanning eng taraqqiy etgan tarmoqlaridan biri hisoblanadi.

Adabiyotlar Oʻzbekiston milliy ensiklopediyasi. Birinchi jild. Toshkent, 2000-yil. Romanovskiy V. I., Matematicheskaya statistika, Tashkent, 1963. Sarimsoqov T. A., Ehtimollar nazariyasi va matematik statistika kursidan oʻquv qoʻllanma, Toshkent, 1980.

Turkum:Ehtimollar nazariyasi Turkum:Matematika