Qadimgi Naxshab, Nashebolo, Nasaf nomlari bilan mashhur ushbu shaharning qadimgi xarobalari hozirgi Yerqoʻrgʻonda joylashgan boʻlib, hozirgi Shayxali bekati hududida zamonaviy Qarshi shahri maʼmuriy hududining shimoliy chegaralaridan bir yarim kilometr uzoqlikda joylashgan.
Yerqoʻrgʻonning joylashuvi Yerqoʻrgʻonning hududi ichki va tashqi devorlari chegarasida eski shahar xarobalaridan iborat boʻlgan turli xil kattalikdagi balandliklar bilan oʻralgan. Eng katta balandlik bu hukmdor qasri ekanligi maʼlum boʻldi. Shuningdek, sitadel (qal'a ichidagi qo'rg'on), shahar ibodatxonasi, maqbara, zardushtiylik ibodatxonasi, hunarmandlar mahallalari qazib olingani ma'lum qilindi. Yerqoʻrgʻon atrofida, butunlay yoʻqolib ketgan, oʻzaro zich joylashgan shahar oldi imoratlar boʻlgan va ilk ming yillikning birinchi yarmida keng jihozlangan shahar oldi hududi g'arbga tomon Qashqadaryo daryosi sohillarigacha choʻzilgan bo'lib, yerqoʻrgʻondagi shahar VI asrda eftalitlar davlatini ishgʻol qilish davomida Turk xoqonligi va Eron sosoniylarining birlashgan kuchlari tomonidan yoqib yuborilgan va vayron qilingan.
Yerqoʻrgʻon shahri qazilmalaridan olingan koʻplab buyumlar toʻplami Qarshi vohasi hamda poytaxt shahri tarixi va madaniyati bir necha bosqichda rivojlanganligini isbotlashga yetarli asos boʻla oladi.
Shaharning tashkil topishi Vohaning dastlabki markaziy shahri mil. avv. VIII-VII asrlarga kelib ilk marta himoya devorlari bilan oʻraldi. Bu devor keyinchalik buzilib ketgan boʻlib, uning qoldiqlarini kulollar mahallasining eng quyi qismidan topishga erishildi. Er. Av. VI asrda shaharlar kengayib, yangi devor qurildi. Eski devor shahar ichida qolib ketdi va keraksizligi tufayli kulollar tomonidan sopol idishlar tayyorlash uchun loy sifatida ishlatila boshlandi. Shuningdek, bu yerda Yerqoʻrgʻon shahri tarixining intihosigacha faoliyat koʻrsatgan kulollar mahallasi paydo boʻldi. Qadimgi devor, aniqrogʻi, uning qoldiqlari eramizning boshlariga kelib, kulollar mahallasi madaniy qoldiqlari ostida koʻmilib ketdi. Yerqoʻrgʻonda qadimiy devor, aniqrogʻi uning qoldiqlari eramizning boshlariga yaqin kulollar hududi madaniy qatlami ostida toʻliq koʻmilib qolgan edi.
Qadimiy Yerqoʻrgʻon shahri tarixi haqida biz yana quyidagilarni aytishimiz mumkin: Qashqadaryo daryosi vodiydan vohaga kirib kelishida bir qancha irmoqlarga boʻlinar va quruq deltani hosil qilar edi; deltadan oqib oʻtuvchi irmoq chap qirgʻogʻining quyi qismida miloddan avvalgi VIII-VII asrlarda tarqoq holdagi dehqonlarning istiqomat joylari, yaʼni qishloqlari paydo boʻla boshladi. Uning markaziy qismi himoya devori bilan oʻralgan. Shu yoʻl bilan Qashqadaryo vohasining eng dastlabki poytaxt markazlari vujudga kelgan.
Eramizdan oldingi 1 ming yillikning oʻrtalarida shahar tobora kengayib borgan. Yangi himoya devorlarining baʼzi yerlari 8 metrgacha balandlikni saqlab qolgan boʻlib, asosi 3 metr qalinlikka ega boʻlgan. Qalin va baland devorlar shaharni sak otliqlaridan himoya qilar, ammo devor buzuvchi qurollarga qarshilik qilolmas edi. U 40 gektar maydonga yaqin hududni oʻrab olgan edi. Bu davrda Qarshi vohasida ham Sugʻd va Baqtriyadagi kabi konus shaklidagi silindrik kulolchilik idishlari keng tarqalgan edi. Ushbu idishlar sekin harakat qiluvchi kulolchilik uskunalarida yasalar edi.
Zahoki Moron qal’asi Miloddan avvalgi II asrda Qarshi vohasida, Yerqoʻrgʻondan janubroqda Qarshi shahrining temir yo'l vokzali yaqinida katta qalʼa — Qalʼai Zaxoki Moron bunyod etiladi. Qalʼaning markaziy qismida to'rtburchak shakldagi ulkan qasr mavjud boʻlib, u taxminan 100x100 m hududga va 15 metrgacha balandlikka ega boʻlgan. u 200x200 m li birinchi qator devori bilan oʻralgan boʻlib, ikkinchi qator esa 400x400m hududga ega boʻlgan. Uchinchi (saqlanib qolmagan) qator, akademik M.Ye. Masson fikricha, 1.5x1.5 km hududga ega boʻlgan. Ushbu uchinchi qator devorlarini M.Ye. Masson revolyutsiyadan oldingi topografik xaritalar yordamida tiklamoqda. Minora ham devor kabi mil. Av. V-IV asrlarda bir necha marotaba qayta qurilgan. Zahoki Moron qalʼasining oʻz arxitektura prototipi skiflarning babaishmulla qalʼasi boʻlib, u sharqiy orolboʻyida joylashgan chirikrabot madaniyatiga tegishli hududdan topilgan. Zahoki Moron qalʼasi hududi va uning gipertroflangan fortifikatsiyasi bu yerda Soʻgʻdning yangi xonliklariga oid qurilishlar mavjud boʻlganini koʻrsatib turadi. Ularning hukmronlik doirasi naxshabdan ham oʻtib ketib, butun Soʻgʻd hududlarigacha yoyilgan. Yerqoʻrgʻondagi shahar oʻzining ellinlashgan madaniyati bilan birga Qarshi vohasining hunarmandchilik, savdo va madaniyat markazi rolini saqlab qolgan edi. yangi hokimlarning Yerqoʻrgʻonga eʼtibor berayotganligi haqida shu narsa dalolat beradiki, shahar kattalashib borar edi, u ikkinchi himoya devori bilan oʻrab olinadi va bu devor 150 gektarga yaqin hududni tashqi xavfdan saqlab turar edi. Yerqoʻrgʻon tashqi devori asosi 8 metr qalinlikda boʻlib, har 60 metrda yarim doirali minoralar qurilgan edi. Devorning tepa qismida devor ichi koridori, oʻq-yoychilar xonalari mavjud boʻlgan.
Yerqoʻrgʻonning shimoliy-gʻarbiy tomonida qazish ishlari olib borilganda shu davrga tegishli zardushtiylik ibodatxonasi ham topildi. Milodiy III asrdan boshlab Yerqoʻrgʻonda shaharsozlik yangi sifat bosqichiga koʻtariladi. Yerqoʻrgʻonda katta hajmdagi qurilish ishlari olib borilgan boʻlib, bu yerda shahar ibodatxonasi, hukmdor qasri, tsitadel bunyod etilgan hamda ichki va tashqi devor qayta taʼmirlangan. Kulollar va temirchilarning hududlari kengayib borgan.
Xionitlar va eftalitlar davrida Yerqoʻrgʻon markaziy osiyoning gullab-yashnagan shaharlaridan biri boʻlgan. Markaziy shahar atrofida shahar oldi aglomeratsiyasi tashkil topa boshlagan. Qarshi vohasining III-IV asrlardagi poytaxt markazida bunyod etilgan jamoat binolaring mohiyatiga toʻxtalib oʻtish maqsadga muvofiqdir. Shahar infratuzilmasi murakkab koʻrinishga ega boʻla boshlaydi. U alohida birliklarga boʻlinar edi. Koʻchalar ibodatxona, qasr va tsitadelga olib borar edi. III-IV asr shahar tuzilmasi ikki qatlamli baland devor bilan chegaralangan boʻlib, jamoat binolari shakli bilan belgilangan. Ular shahar ijtimoiy hayotining yoʻnaltiruvchisi boʻlib, maʼmuriy,diniy hamda mudofaa markazlari hisoblangan. Yerqoʻrgʻonning kulollar va temirchilar mahallalarida bunyod etilgan inshootlarning oʻziyoq bu yerda shaharsozlik juda rivojlanganligidan dalolat beradi.
Shaharning vayron etilishi va inqirozi V asrda shahar yongʻin ostida qolgan, soʻngra esa yana qayta tiklangan. VI asrda esa shahar butunlay vayron boʻldi. Bu eftalitlarning turk hoqonlari va Eron sosoniylarining birlashgan qoʻshinlari bosqini natijasida hukmronlikni qoʻldan chiqarishi natijasida sodir boʻldi. Shundan soʻng esa VI asr oxiri VII asr boshlarida tashlandiq shahar xarobalari ustida kulollar mahallasi bunyod etiladi. Shahar ibodatxonasi qayta tiklandi. Biroq avvalgi iloh haykalchasi oʻrniga toʻgʻri burchakli olov mehrobi oʻrnatildi. Bu ibodatxonaning soʻngi davri VII asrda Keshda zarb etilgan tangalarda oʻz aksini topgan.
Yerqoʻrgʻondagi qazishmalarda muhim topilmalar bu davr toʻgʻrisida muhim ilmiy xulosalar chiqarishga toʻla asos boʻla oladi. Olimlar bularga asoslanib, qadimgi naxshabliklarning maʼnaviy dunyosiga sayohat qilishga muvaffaq boʻldilar. Samarali nazariy tadqiqotlar olib borgan olimlar Yerqoʻrgʻonliklarning goʻzallikka naqadar oshno boʻlganliklarini oʻz koʻzlari bilan koʻrdilar.
Qadimgi Qarshi vohasining aholisining qadimiy madaniyati, sanʼati va mafkurasiga tegishli boʻlgan topilmalar va kuzatishlar haqidagi hikoyani shundan boshlash kerakki, dastlabki temir davrida Soʻgʻdda ham baqtriyada ham mil. Av VII-V asrlarga tegishli shaharlar axolisining izlari topilmagan. Bu fakt olim va mutaxassislarni shunday fikrga olib keladiki, ular ilm-fanga allaqachon maʼlum boʻlgan murdani tashlab ketish kabi zardushtiylik odatini qoʻllaganlar. Yunon-rim va arab manbalariga koʻra markaziy osiyo islom dinigacha zardushtiylikning makoni hisoblangan. Zardushtiylar oʻliklarni yoqishmagan xam, koʻmishmagan xam. Ular murdani balandliklar, qir-adirlarga tashlab ketishgan. Tana chirib bitgach, suyaklarni yigʻib olib ossuriy idishlariga solgan holda koʻmishgan. Ammo dastlab suyaklarga hatto tegishmagan boʻlsa kerak. Keyinchalik suyaklarni koʻmishni boshlaganlarida ham faqat kalla va yirik suyaklarni terib olishgan, xolos. Biroz vaqt oʻtgach zardushtiylar suyaklarni saqlash uchun maxsus bino — nauslar qurishgan. Nauslarda yiliga ikki marta Navroʻz va Mehrjon bayramida ajdodlar ruhiga bagʻishlab diniy marosimlar amalga oshirilgan. Bular Yerqoʻrgʻonning oʻziga tegishlidir. Bizga shahar aholisining qabrlari nomaʼlumdir. Yerqoʻrgʻonning qadimiy madaniy qatlamida olib borilgan qazishmalar natijasida baʼzi joylaridan ajralib ketgan inson suyaklari topilgan. Iskandar Zulqarnayn tarixchilarining xabar berishicha, Soʻgʻd bilan qoʻshni boʻlgan baqtriyada shahar devorlarining ichlari inson suyaklari bilan toʻla boʻlgan va faqat Iskandar davriga kelib bu odatga barham berilgan.
Yerqoʻrgʻonning monumentlari Yerqoʻrgʻondagi shahar ibodatxonasi xarobalaridagi qazishmalar ostida yana ikkita inshootlarning qoldiqlari shaharga stratigrafik shurfni qoʻllaganda aniqlandi. yuqori qatlam ellin davriga tegishli boʻlib, pastki qatlam esa mil. Av. 1 ming yillikning oʻrtalariga tegishlidir. Olimlar III-IV asrda qurilgan ibodatxona shaharning qadimiyroq ibodatxona xarobalari ustida qad koʻtargan boʻlsa kerak, degan taxminga bordilar. bunga shu narsa dalolat beradiki, eng pastki inshootning ochilgan qismi gʻishtli platformadan iborat boʻlib odam boʻyi boʻlgan. Uni materikdan yupqa toshkoʻmir qatlami ajratib turadi. Bizga shu narsa maʼlumki, zardushtiylar oʻz diniy rasm-rusumlarini ochiq joylarda oʻtkazishgan. Ushbu muqaddas joy platforma ustida joylashgan boʻlib, u taxminan mil. av. 1 ming yillikka tegishlidir. Platforma ostida esa kul uyumi mavjud boʻlib, u maydonni tozalash natijasida yigʻilib qolgan.
Otashparastlar daxmasi Zardoʻshtiylik oʻrta osiyo va Soʻgʻdda qadimdan mavjud boʻlgani toʻgʻrisida yozma manbalar guvohlik beradi. Bu maʼlumotlar Yerqoʻrgʻonda daxmani qazish ishlari olib borilganda oʻz isbotini topdi.
Yerqoʻrgʻon daxmasi — Soʻgʻdiyona antik arxitekturasidagi oʻz mohiyati va maqsadiga koʻra noyob toʻrt burchakli monolit shakliga ega boʻlgan, -gʻarbiy va sharqiy old tomonida ikki marosim maydoni mavjud boʻlgan shaklni eslatadi. Yerqoʻrgʻon daxmasini boʻrtma asosi oʻziga xos boʻlib, na Hindistondagi parslarning „jimlik minoralari“, na erondagi qoya sagʻanalari va ustunli yodgorlik inshootlariga oʻhshaydi. Biroq daxma arxitektonika va dekorining detallari etarli darajada qadimgi sharqiy va ellin arxitekturasida anʼanaviydir. Devorlarining bir maromda vertikal tarzda tekislab chiqilishi, asosiy zinaning konstruktsiyasi, daxma old tomoni devorining ustki qismini bezab turgan tishli merlonlar va bezakli toʻgʻri burchakli gʻishtchalar — bularning hammasi qadimgi sharq arxitekturasida, shuningdek, orol oldi sak qabilalarining qabr inshootlari va ellin shahri oyxonumdagi ibodatxona — yodgorlik arxitekturasida ham oʻz aksini topgan.