The Conformist () — 1970-yilda rejissyor Bernardo Bertolucci tomonidan Alberto Moravianing 1951-yildagi „The Conformist“ romani asosida ssenariysi yozilgan va suratga olingan siyosiy dramatik film. Film 1930-yillarda, Benito Mussolini boshqaruvi ostidagi fashistik Italiya davrida kechadi, oʻrta tabaqaga mansub amaldor Parijda muhojirlikda yashayotgan oʻzining sobiq professorini oʻldirish haqida topshiriq oladi, biroq bu vazifa professorning rafiqasiga nisbatan uygʻongan murakkab muhabbati sababli qiyinlashadi. Kartina 20-Berlin xalqaro kinofestivalida ommaga taqdim etilgan, Italiyaning nufuzli „David di Donatello“ mukofotining „Eng yaxshi film“ nominatsiyasida gʻolib boʻlgan. Oscar mukofotining „Eng yaxshi moslashtirilgan ssenariy“ nominatsiyasiga nomzod boʻlgan. 2008-yilda film Italiya Madaniy meros vazirligi tomonidan „Saqlab qolinishi kerak boʻlgan 100 ta Italiyan filmi“ roʻyxatiga kiritilgan.
Syujeti 1938-yil, Parij. Marcello Clerici oʻzining universitet davridagi sobiq ustozi antifashistik qarashlari tufayli surgun qilingan professor Luca Quadrini oʻldirishga tayyorlanib, yosh rafiqasi Giuliani mehmonxonada qoldirib chiqadi. Kutilmagan telefon qoʻngʻirogʻidan soʻng, uni maxfiy topshiriqni bajarish uchun yollagan fashist agenti Manganiello mashinada olib ketadi. Uzoq davom etgan bu yoʻl davomida Marcelloning xotiralari koʻz oldidan oʻta boshlaydi, uning koʻr doʻsti Italo bilan jamiyatga moslashish va shunchaki „hamma qatori normal inson“ boʻlish ilinjida oʻzi yaxshi koʻrmaydigan qizga uylanish rejalari, fashistlarning yashirin politsiyasi (OVRA) safiga kirish yoʻlidagi urinishlari hamda Rimda qolgan ota onasining ayanchli ahvoli, vayron boʻlayotgan dabdabali villada morfiy botqogʻiga botgan onasi va ruhiy kasalxonada aqlidan ozgan otasining oʻtmishdagi sharpalari birma bir xayolida jonlanadi.
1917-yil. Bolalik chogʻlarida maktabdoshlari Marcelloni shafqatsizlarcha xoʻrlashadi, uni bu azobdan oila haydovchisi Lino qutqarib qoladi, biroq koʻp oʻtmay uning oʻzi bolakayga nisbatan jinsiy zoʻravonlik qiladi. Dahshatga tushgan Marcello toʻpponchani qoʻliga olib, Linoga qarata oʻq uzadi va uni oʻldirdim degan qatʼiy ishonch bilan voqea joyidan qochib ketadi. U butun umr ana shu daxshatli gunoh yukini yelkasida koʻtarib voyaga yetadi. Yillar oʻtib, dindor katolik oilasidan chiqqan Giuliani oʻz nikohiga olish uchun Marcello ateist (xudosiz) boʻlishiga qaramay, cherkovga gunohlarini eʼtirof etish (tavba qilish) uchun boradi. Ruhoniy uning bolalikda sodir etgan qotilligi haqidagi iqrorini eshitib dahshatga tushadi, biroq Marcello fashistlarning yashirin politsiyasiga xizmat qilayotganini bilgach, uning gunohlaridan darhol kechadi. Shundan soʻng Marcello oʻtmish sharpalaridan qutulish va jamiyat koʻzida shunchaki „normal“, hamma qatori oddiy oilaviy hayot kechirish ilinjida yashay boshlaydi.
Ventimiglia shahrida fashist zobiti Raoul unga Fransiyada surgunlikda yashayotgan taniqli antifashist ziyoli professor Luca Quadrini yoʻq qilishni buyuradi. Marcello oʻzining mudhish rejasini yashirish maqsadida asal oyini bahona qilib, Giulia bilan Parijga yoʻl oladi. Biroq u yerda kutilmaganda professor Quadrining jozibali xotini Annaga koʻngil qoʻyadi. Ajablanarlisi, Anna ham uning tuygʻulariga javob qaytaradi, shu bilan birga Marcelloning sodda xotini Giulia bilan ham yaqin munosabat oʻrnatadi. Raqs zalidagi uchrashuvda professor Quadri Marcelloning fashistlar rejimiga boʻlgan sadoqatini sinovdan oʻtkazadi.
Oʻz qarorida qatʼiy qolgan Marcello oʻziga berilgan toʻpponchani yashirincha qaytarib, agent Manganielloga professorning Savoya (Savoie) viloyatidagi qishloq uyi manzilini topshiradi. U ich-ichidan xavotir olib, Annaga eri bilan birga ketmaslikni qayta qayta tayinlaydi, biroq qiz baribir turmush oʻrtogʻiga hamrohlik qilishni afzal koʻradi. Tumanli va kimsasiz togʻ yoʻlida fashist agentlari professor Quadrining mashinasini toʻxtatib, uni shafqatsizlarcha pichoqlab oʻldirishadi. Daxshatga tushgan Anna yordam soʻrab orqada kelayotgan mashina tomon faryod urib yuguradi. Kuzatuvchilar orasida oʻtirgan Marcelloni koʻrgan zahoti u dahshatli xiyonat qurboni boʻlganini anglab yetadi va oʻrmon qaʼriga qarab qochadi, biroq fashist qotillari uning ortidan quvib borib, ayovsiz otib oʻldirishadi.
1943-yil. Benito Mussolini hokimiyatdan agʻdariladi va fashistik rejim batamom qulaydi. Bu paytga kelib Marcello va Giulianing qiz farzandi dunyoga keladi, ular shunchaki oddiy hayot kechirishardi. Tunlarning birida u koʻr doʻsti Italo bilan tartibsizliklar girdobida qolgan Rim koʻchalarini kezib yurib, kutilmaganda bolalikdagi oila haydovchisi Linoni koʻrib qoladi, u tirik edi! Shu lahzada Marcelloning ongida chaqmoq chaqqandek boʻladi, u bolaligidan buyon butun borligʻini va taqdirini kemirib kelgan daxshatli qotillik aslida sodir boʻlmaganini anglab yetadi. Ichidagi asriy qoʻrquv va gʻazab otilib chiqib, u Linoni fashist va professor Quadrilarning ashaddiy qotili deb butun koʻchaga baqira boshlaydi, hatto yonidagi yaqin doʻsti Italoni ham fashizmga sadoqatda ayblaydi. Koʻchadagi antifashistlar olomoni esankirab qolgan Italoni oʻzlari bilan birga sudrab ketishadi. Hamma ketgach, boʻm boʻsh koʻchada mutlaqo yolgʻiz qolgan Marcello panjara ortida yonayotgan gulxan yonida oʻtirib, oʻz hayotini oʻgʻirlangan yoshlik, yolgʻonlar va qoʻrquv ustiga qurganini anglab, tushkunlikka tushadi. Ohista ortiga oʻgirilib, boya Lino bilan birga boʻlgan va uning oʻtmishdagi yoshligini eslatuvchi oʻsha yigitga, tushunarsiz nigohlar bilan uzoq tikilib qoladi.
Ishlab chiqarish Film asosan Rim va Parij shaharlarida suratga olingan. Tasvirga olish ishlari Rimdagi Palazzo dei Congressi, Ara Pacis muzeyi, SantʼAngelo koʻprigi, Santa Marinella kommunasi, Marcello teatri va Kolizeyda, Parijda esa Gare d’Orsay (Orse vokzali), Palais de Chaillot hamda Joinville-le-Pont hududlarida olib borilgan, pavilyon sahnalari esa „Cinecittà“ studiyasida tasvirga olingan. Kartinani yaratish uchun bor yoʻgʻi 750 ming dollar sarflangan. Bertolucci, sahnalashtiruvchi rassom Ferdinando Scarfiotti va operator Vittorio Storaro 1930-yillardagi fashistik davr meʼmorchiligi, sanʼati hamda dekoridan keng foydalangan, bu oʻrta tabaqa vakillarining oddiy xonadonlaridan tortib, hukmron elitaning ulkan zallarigacha boʻlgan muhitda aks etgan. Mussolini buyurtmasi bilan qurilgan Rimdagi EUR dahasi hamda uning vazmin va oddiy meʼmorchiligi filmning vizual uslubini belgilab beruvchi asosiy suratga olish maydonchalaridan biriga aylanganBuss, Robin (1989). Italian Films. New York: Holmes & Meier. 120-bet. ISBN 978-0-8419-1275-5..
Bosh rolni ijro etgan Jean-Louis Trintignant italyancha dialoglarni shunchaki fonetik tarzda yodlab chiqqan boʻlib, Italiya kino sanoatidagi oʻsha davr anʼanalariga koʻra, keyinchalik uning qahramoniga aktyor Sergio Graziani ovoz bergan (dublyaj qilgan). Giulia va Anna rollari uchun Bertolucci dastlab Florinda Bolkan hamda Brigitte Bardotni nomzodlarini koʻrib chiqqan edi, biroq Bolkan boshqa loyihada band boʻlgani, Bardotga esa ssenariy maʼqul kelmagani sababli bu tanlovlar oʻzgargan. Hikoyadagi xronologik tartibning buzilishi (notekis syujet liniyasi) dastlab ssenariyda koʻzda tutilmagan edi, rejissyor Bertolucciva montaj ustasi Franco Arcalli ushbu uslubiy yechimni montaj jarayonidagina kashf etishgan. Kartina musiqasini Georges Delerue bastalagan boʻlib, uning saundtrek albomi 1971-yil fevral oyida Italiyada „Cinevox“ tomonidan LP (plastinka) formatida sotuvga chiqarilgan. 2013-yilda esa „Music Box Records“ kompaniyasi ilgari eʼlon qilinmagan 15 ta trekni oʻz ichiga olgan kengaytirilgan CD nashrini taqdim etgan.
Film premyerasi 1970-yil 1-iyulda, 20-Berlin xalqaro kinofestivalining asosiy tanlov dasturi doirasida boʻlib oʻtdi. Biroq rejissyor Michael Verhoevenning „o.k.“ filmi atrofida yuzaga kelgan keskin tortishuvlar sababli festival uch kundan keyin oʻz faoliyatini muddatidan oldin yakunlashga majbur boʻladi va oʻsha yili hech qanday rasmiy mukofotlar topshirilmadi. Italiyada film 1971-yilning boshida bosqichma bosqich katta ekranlarga chiqdi. AQShdagi ilk namoyish nusxasi Italiya talqiniga nisbatan besh daqiqaga qisqartirilgan boʻlib, undagi koʻrlar raqsi sahnasi butunlay olib tashlangan edi, ushbu epizod faqatgina 1996-yilgi qayta namoyish (restavratsiya) jarayonidagina qayta tiklandi. 2011-yilda operator Vittorio Storaroning shaxsiy nazorati ostida 2K formatida raqamli restavratsiya qilingan nusxa Cannes kinofestivalining „Cannes Classics“ (Cannes klassikasi) boʻlimida namoyish etildi va aynan oʻsha kuni Bernardo Bertolucciga kinematografiyaga qoʻshgan hissasi uchun faxriy „Oltin palma novdasi“ topshirildi. 2023-yilda esa filmning asl tasvir plyonkalari (lentasi) asosida uning 4K formatidagi nusxasi tayyorlandi. „The Conformist“ keyingi davr kinematografiyasiga, jumladan Francis Ford Coppolaning afsonaviy „Choʻqintirgan ota“ (The Godfather) trilogiyasiga ham ulkan vizual va gʻoyaviy jihatdan taʼsir koʻrsatgan.
Rollarda
Manbalar
Havolalar
Turkum:1970-yil filmlari Turkum:Italyan tilidagi filmlar Turkum:Italiya filmlari Turkum:Fransiya filmlari Turkum:Gʻarbiy Germaniya filmlari Turkum:Bernardo Bertolucci filmlari Turkum:Alifbo boʻyicha filmlar