Salim al-Bishriy (; Salim al-Bishriy al-Molikiy nomi bilan ham tanilgan. 1832-yilda Buhayra muhofazasiga qarashli Mahallat Bishr qishlogʻida tugʻilgan. 1916-yilda Qohirada vafot etgan) – misrlik olim va al-Azharning bosh imomi. U bu lavozimga ikki marta tayinlangan olti bosh imomdan biri. Birinchi bor 1899-yildan 1903-yilgacha, ikkinchi bor esa 1909-yildan vafotigacha faoliyat yuritgan.

Bishriy Al-Azhar universitetida birga tahsil olgan tengqurlari orasida koʻzga koʻringan molikiy olimlardan boʻlgan. Bosh imomlikka tayinlanishidan avval ushbu universitetdagi molikiy ulamolarga rahbarlik qilgan. U hadislarga, yaʼni Muhammadning soʻzlari va amallari jamlanmalariga alohida qiziqish bildirgan. Al-Azharning konservaiv bosh imomi sifatida muassasada bir qancha modernizatsiya va islohotlarni, jumladan, 1911-yildagi muhim islohotni amalga oshiradi. Biroq bu jarayonda salafiylar hamda liberal qarashdagi musulmonlar bilan ziddiyatga boradi.

U birinchi marta Misr hukumati bilan Al-Azharni tashkil etish masalasi yuzasidan kelishmovchilik sababli lavozimidan isteʼfoga chiqqan. Ikkinchi marta Bosh imomlik qilgan davrida esa Adana qirgʻini paytida nasroniylar va armanlar oʻldirilishini keskin qoralovchi fatvo chiqargan. Ismi Salim al-Bishriyning toʻliq ismi Salim bin Abi Farraj bin Salim bin Abi Farraj al-Bishriy boʻlgan.

Hayoti

Kelib chiqishi va yoshlik yillari Salim al-Bishriy 1832-yilda Buhayra muhofazasiga qarashli Mahallat Bishr qishlogʻida tugʻilgan. Oʻziga toʻq, badavlat oiladan boʻlgan. U yetti yoshga toʻlganda otasi vafot etgan. Shundan soʻng Bishriy Qurʼonni yod olishni boshlagan va hofiz boʻlgan. Toʻqqiz yoshga toʻlgach, oilasi Qohiraga koʻchib oʻtadi. U yerda kechalari As-Sayyida Zaynab masjidida ibodat va zikr bilan mashgʻul boʻlsa, kunduzlari Al-Azhar universitetidagi darslarda qatnashadi. Salim al-Bishriy al-Alish, al-Xananiy va Ibrohim al-Bajuriy kabi turli shayxlardan taʼlim oladi. Muhammad Said posho davrida uning amakisi Misr nomidan haj karvoniga rahbar etib tayinlangach, u ham amakisi bilan birga haj ziyoratiga yoʻl oladi.

Imom va mudarris O‘sha davrda Al-Azhar universitetidagi darajaga teng taʼlimni olgach, Salim al-Bishriy darhol imom etib tayinlandi. Dastlab u Inal masjidida imomlik qildi, keyin esa Qohiradagi Zayn al-Obidin masjidida imom va xatib boʻlib xizmat qildi keyinchalik u As-Sayyida Zaynab masjididagi xizmatini davom ettirdi va soʻng molikiy fiqhidan Al-Azhar universitetiga mudarris etib tayinlandi. U yerda Shayx Muhammad Arofa, Shayx Muhammad Rashid va Shayx al-Basiuniy al-Bayaaniy kabi mashhur shogirdlarga dars bergan. U oʻzi afzal koʻrgan yoʻnalish boʻlgan hadislar boʻyicha ixtisoslashgan ulamo sifatida eʼtirof qozondi.

U As-Sayyida Zaynab masjidiga masʼul boʻlgan davrida Sayyida Zaynab qabri koʻchirilishini nazarda tutgan taʼmirlash loyihasini rad etgan. Meʼmor bilan yuzaga kelgan toʻqnashuvdan soʻng u binoni avvalgi holicha saqlab qolishga erishdi. Shu davrda u moʻtabar muftiy sifatida ham hurmat qozongan.

Al-Azhar bosh imomi Keyinchalik u Al-Azhar universitetida shayx sifatida Molikiy mazhabi ulamolariga rahbar etib tayinlandi hamda oʻsha paytdagi bosh imom Hassunah an-Navaviy (1895–1899) tomonidan al-Azhar Kengashidagi lavozimni ham qoʻlga kiritdi. Hassunah an-Navaviyning vafotidan soʻng va qisqa tanaffusdan keyin Salim al-Bishriy uning oʻrnini egallab, al-Azharning bosh imomi boʻldi. U 175 yil ichida muassasaning birinchi molikiy rahbari boʻldi.

Salim al-Bishriy Misr islohotchi harakatining asoschisi Muhammad Abduh hamda panislomizm yetakchilaridan biri Jamal ad-Din al-Afgʻaniy ilgari surgan ilohiy qarashlarga qarshi fikrda edi. Biroq u salafiylar tomonidan hadislarni toʻgʻri oʻqitmayapti degan ayblovlar bilan tanqid qilindi. Shu kontekstda u Muhammad Abduhning universitet uchun taklif qilgan islohotlariga qarshi chiqdi. Shunga qaramay, u Abduhning ayrim huquqiy takliflarini, masalan ayollar uchun taloq jarayonlarini soddalashtirishni, asosli deb topib qabul qilgan.

U birinchi marta Misr xedivi misrlik Abbos II bilan kelishmovchilik tufayli lavozimidan ketdi, chunki u xedivga universitet ichida shayx tayinlash vakolatini berishni rad etgan edi. Keyinchalik u oʻqituvchilar uchun maosh oshirilishini kelishib olgach, Butrus Gʻani davrida oʻz lavozimiga qaytdi. U Misr hokimiyati bilan Al-Azhar mustaqilligi oʻrtasida moʻtadil pozitsiyani tutdi, va agar islohotlar muassasaning yaxshilanishiga xizmat qilsa, ularni joriy etishga rozi boʻldi. 1909-yilda u nasroniylarning qirgʻin qilinishi haqida fatvo chiqardi va Adana qirgʻini uchun masʼullarni qoraladi, unda shunday degan:Ey musulmonlar, diningizga sodiq boʻling va Alloh Oʻz Kitobida hamda Paygʻambarining sunnatida harom qilgan amallarni sodir etishdan ehtiyot boʻling, Allohga osiylik qilishdan ehtiyot boʻling — bu Uning gʻazabi va qahrini qoʻzgʻatadi. Albatta, Alloh sizlarga masʼuliyatlar yuklagan va sizlar shartnoma bilan bogʻlangan hamda sizlarga omonat qilib topshirilgan va orangizda yashaydigan yahudiylar va nasroniylar (Ahl ad-Dhimma)ga nisbatan muayyan haq-huquqlarni berishingiz vojib ekanini belgilagan. Shular jumlasidandir: ular sizlarga qanday yaxshilik qilgan boʻlsa, siz ham ularga shunday yaxshilik qilishingiz; oʻzingizni va qarindoshlaringizni nimadan asrasangiz, ularni ham shundan asrashingiz; kuch-qudratingiz bilan ularni quvvatlashingiz; ularning uylarini, monastirlarini va cherkovlarini, masjidlaringiz va ibodat joylaringizni qanday himoya qilsangiz, xuddi shunday himoya qilishingiz. Allohga qasamki, kim ularning ayollariga tajovuz qilsa, ularni oʻldirsa va zulm qilsa, u Alloh taolo tomonidan tuzilgan ahdni buzgan va ularning ilohiy belgilangan huquqlarini poymol etgan boʻladi.1911-yilda Salim al-Bishriy Al-Azhar doirasida muhim islohotni amalga oshirdi; boshqa oʻzgarishlar qatorida u Al-Azhar Oliy Kengashini tashkil etdi. Shuningdek, u shia arboblari bilan, jumladan u bilan yozishmalar olib borgan Abd al-Husayn Sharofiddin al-Musaviy kabi shaxslar bilan munozaralarda ishtirok etdi.

Vafoti U 1916-yilda Qohirada vafot etgan.

Manbalar

Turkum:Molikiylar Turkum:Ashʼariylar Turkum:1832-yilda tugʻilganlar Turkum:1916-yilda vafot etganlar Turkum:Misrlik sunniy musulmonlar