„de_mirage“ fayl nomi bilan ham tanilgan „Mirage“ — Counter-Strike birinchi shaxs otishma oʻyinlari seriyasidagi videooʻyin xaritasi. Oʻyin dasturchisi boʻlmish Valve Corporation kompaniyasi tomonidan 2013-yilda rasman chiqarilgan ushbu xarita original Counter-Strike va Counter-Strike: Source oʻyinlaridagi Michael „BubkeZ“ Hüll tomonidan yaratilgan „de_cpl_strike“ xaritasining kengaytirilgan varianti hisoblanadi. Counter-Strikening eng ommabop xaritalaridan biri boʻlgan Mirage oʻzining balanslashtirilgan darajadagi dizayni hamda oʻyinchilarga taktik va jamoaviy muvofiqlik mahoratini namoyish etish uchun keng imkoniyatlar yaratishi sababli koʻplab kibersport turnirlari va Major chempionatlarida qoʻllanib kelinmoqda. Vaqt oʻtishi bilan xarita sifatini oshirish va taktik balansni muvozanatlashtirish maqsadida Valve tomonidan bir qancha oʻzgartirish va yangilanishlar kiritilgan.

Dizayni Mirage dizayni Dust II, Cache va Inferno kabi Counter-Strike xaritalarining anʼanaviy toʻrtburchak (square design) tuzilishiga ega. U Yaqin Sharq uslubidagi shaharcha atrofida barpo etilgan boʻlib, u yerda turar joy binolari, qalʼalar, doʻkonlar va hovlilar kabi bir qator har xil bino va inshootlar joylashgan.

Mirage xaritasi boshqa bombani zararsizlantirish (bomb defusal) xaritalari (masalan, Dust II) kabi tuzilgan boʻlib, har bir spawn tomondan ikkitadan asosiy kirish yoʻliga ega ikkita bombsite (A va B nuqtalari) hamda ularni oʻzaro bogʻlovchi yoʻlaklarga ega "mid" (markaziy) hududni oʻz ichiga oladi.

Tarixi Mirage dastlab Michael "BubkeZ" Hüll tomonidan yaratilgan va de_cpl_strike nomi bilan tanilgan Counter-Strike hamjamiyat xaritasi sifatida paydo boʻlgan. 2013-yilda Valve uni de_mirage nomi bilan qayta ishlab chiqdi va 2013-yil 12-iyunda oʻyinga rasman qoʻshdi. U raqobatli (competitive) oʻyinlar hamda matchmakingʼda eng koʻp qoʻllaniladigan uchta xaritadan biriga aylandi.

Yangi xarita dizayni hamjamiyat mulohazalari asosida ishlab chiqilgan boʻlib, oʻyinchilarning koʻrish imkoniyatini oshirish maqsadida takomillashtirilgan teksturalar va yoritish tizimini, shuningdek, xaritaning muhiti va uslubini avvalgi hamjamiyat tomonidan yaratilgan Mirage versiyasi hamda oʻtmishdagi oʻyinlarning de_cpl_strike xaritalaridan ajratib turuvchi yangi fon parametrlarini oʻz ichiga olgan. U hozirgi kunga qadar oʻtkazilgan har bir Major chempionatida mavjud boʻlgan.

Mirage 2023-yil sentabr oyida CS:GOning davomchisi boʻlmish Counter-Strike 2 oʻyinining chiqish paytida uning tarkibiga kiritildi va 2023-yil dekabr oyiga kelib Premier va FACEIT matchmaking rejimlarida eng koʻp oʻynalgan xaritaga aylandi.

Eʼtirof etilishi Red Bull muallifi Mike Stubbs xarita oʻzining oddiy tuzilishi hamda oʻzgarmas tabiati sababli „azaldan koʻpchilikning sevimli xaritasi“ boʻlib kelganini taʼkidlagan. Game Rant nashridan PaulAn'drey Pierre-Louis uni „balansi, oʻziga xos estetikasi va oʻrganish osonligi“ uchun doimiy tayanch xarita deb atagan, shuningdek, u professional oʻyinlarda kutilmagan natijalar (upset) keltirib chiqarishi bilan nom qozonganini qayd etgan.. Dot Esports xaritani strategiyani oʻrganish uchun ideal deb atab, u rotatsiya va xarita nazoratini yaxshi bilishni talab qilishini taʼkidlagan. 2017-yilda ESPN vakili Scott Dahkle kibersportda Train kabi raqobatchi xaritalarga qaraganda Miragedan foydalanish ortib borayotganini sharhlab, uni „kelajakning eng muhim xaritasi“ deb atadi hamda bu oʻzgarish uning uch yoʻlakli tuzilishida koʻproq imkoniyatlar yaratgan yaxshiroq granatalar va taktikalarning rivojlanishi sababli mantiqiy ekanini aytdi. 2022-yilga kelib Dot Esports jurnalisti Leonardo Biazzi xaritaning metasi bir xil va zerikarli boʻlib qolgani haqida xabar berib, 2020-yildan beri xaritada yangilanishlar boʻlmagani sababli professional jamoalar har bir oʻyinda bir xil strategiyani takrorlayotganini taʼkidladi. U xarita 18 dan ortiq CS:GO Major chempionatlarida mavjud boʻlganiga qaramay, baʼzi kibersportchilar uni map pooldan olib tashlashni talab qilishganini, ammo oʻyinning eng koʻp oʻynaladigan va eng yaxshi optimallashtirilgan xaritalaridan biri boʻlgani sababli bu ehtimol noaniq ekanini qayd etdi.

Manbalar

Turkum:Counter-Strike xaritalari