Olimjon Sadulloyevich Jumayev (1975-yil 11-mart, Termiz, Surxondaryo viloyati) — o‘zbekistonlik iqtisodchi olim, iqtisod fanlari doktori (DSc), professor. O‘zbekiston Respublikasi Raqobatni rivojlantirish va iste’molchilar huquqlarini himoya qilish qo‘mitasi huzuridagi Raqobat siyosati va iste’molchilar huquqlari tadqiqotlari markazi direktori.
Tarjimai holi
Olimjon Jumayev 1975-yil 11-martda Surxondaryo viloyatining Termiz shahrida tug‘ilgan. 1997-yilda Termiz davlat universitetini tamomlagan. 2004-yilda O‘zbekiston bozor islohotlari ilmiy-tadqiqot instituti aspiranturasini tamomlagan. Mutaxassisligi — iqtisodiyot va ishlab chiqarishni boshqarish.
2005-yilda iqtisod fanlari nomzodi ilmiy darajasini olgan. 2024-yilda uning 08.00.11 — Marketing ixtisosligi bo‘yicha Ipakchilik korxonalarida marketing faoliyatini boshqarish metodologiyasini takomillashtirish mavzusidagi doktorlik dissertatsiyasi avtoreferati e’lon qilingan.
Mehnat faoliyati
Sanoat, ilmiy-tadqiqot, raqobat siyosati, isteʼmolchilar huquqlarini himoya qilish va ipaksanoat sohalarida turli rahbarlik lavozimlarida faoliyat yuritgan.
2003–2004-yillarda — “Surxonoziqovqatsanoat” aksiyadorlik jamiyati raisi. 2008–2012-yillarda — O‘zbekiston Respublikasi Monopoliyadan chiqarish va raqobatni rivojlantirish davlat qo‘mitasi boshqarma boshlig‘i. 2012–2014-yillarda — O‘zbekiston Isteʼmolchilar huquqlarini himoya qilish jamiyatlari federatsiyasi ijrochi direktori va raisi. 2014–2017-yillarda — “Inter Silk Pro” qo‘shma korxonasi bosh direktori. 2017–2024-yillarda — “O‘zbekipaksanoat” uyushmasi raisining iqtisodiyot va istiqbolli rivojlantirish masalalari bo‘yicha o‘rinbosari, birinchi o‘rinbosari va raisi. 2024-yildan — O‘zbekiston Respublikasi Raqobatni rivojlantirish va isteʼmolchilar huquqlarini himoya qilish qo‘mitasi huzuridagi Raqobat siyosati va isteʼmolchilar huquqlari tadqiqotlari markazi direktori.
Markaz direktori sifatida raqobat siyosati va isteʼmolchilar huquqlarini himoya qilish sohalaridagi ilmiy-tadqiqot faoliyatiga rahbarlik qiladi hamda bozorlarni tahlil qilish va raqobat muhitini o‘rganish yo‘nalishlaridagi ishlarni muvofiqlashtiradi.
Ilmiy faoliyati
Jumayevning ilmiy izlanishlari marketing, iqtisodiy tahlil, iste’mol bozorlari va raqobat muhitini o‘rganish bilan bir qatorda ekonometrik modellashtirish, narxlarni prognozlash hamda iqtisodiy faollikni baholash masalalarini qamrab oladi.
Uning ilmiy ishlarida oziq-ovqat mahsulotlari narxlarining o‘zgarishini modellashtirish va iqtisodiy jarayonlarni baholashda ekonometrik usullardan foydalanish masalalari yoritilgan. Jumladan, ARIMA modeli asosida ijtimoiy muhim oziq-ovqat mahsulotlari narxlarini prognozlash masalasi tadqiq qilingan.
Shuningdek, uning tadqiqotlarida iqtisodiy faollikni baholash va O‘zbekistonda biznes faolligi indeksini shakllantirishning metodologik masalalari ko‘rib chiqilgan.
Raqobat siyosati va iste’molchilar huquqlari tadqiqotlari markazi ma’lumotlariga ko‘ra, Jumayev mahalliy va xorijiy nashrlarda chop etilgan 122 ta ilmiy maqola, 2 ta monografiya va 1 ta o‘quv-amaliy qo‘llanma muallifidir.
Jumayev Marketing ilmiy, amaliy va ommabop jurnalining hamda Science and Innovation xalqaro ilmiy jurnalining tahrir hay’atlarida faoliyat yuritadi.
2026-yilda Jumayevning Raqobat siyosati va strategiyalari nomli o‘quv qo‘llanmasi nashr etilgan. Nashr Toshkent shahridagi Innovatsion rivojlanish nashriyot-matbaa uyida chop etilgan bo‘lib, 152 betdan iborat. ISBN 978-9910-01-670-7.
Raqobat siyosati sohasidagi faoliyati
2024-yil 18-iyuldan Jumayev Raqobat siyosati va iste’molchilar huquqlari tadqiqotlari markaziga rahbarlik qilib kelmoqda.
Markaz faoliyatida raqobat siyosati va iste’molchilar huquqlarini himoya qilish masalalari, shuningdek, tovar va moliya bozorlaridagi jarayonlarni ilmiy-tahliliy o‘rganish yo‘nalishlariga e’tibor qaratiladi.
2025-yil davomida Markazning mahalliy va xalqaro tashkilotlar bilan hamkorligi kengaygan. Jumladan, Markaz BRICS Raqobat huquqi va siyosati xalqaro markazi bilan o‘zaro hamkorlik to‘g‘risida memorandum imzolagan. Hamkorlik doirasida raqobat siyosati va iste’molchilar huquqlarini himoya qilish sohasida ilmiy va amaliy tajriba almashish masalalari belgilangan.
Markaz Iqtisodiy tadqiqotlar va islohotlar markazi bilan ham hamkorlik memorandumini tuzgan. Kelishuv raqobat siyosati, davlat xaridlari, birja savdolari va tabiiy monopoliyalar bilan bog‘liq ilmiy-amaliy tadqiqotlarni rivojlantirishga qaratilgan.
Markaz Adliya vazirligi huzuridagi Qonunchilikni tahlil qilish va tartibga solish ta’sirini baholash instituti bilan hamkorlik memorandumini imzolagan. Unda ilmiy-tahliliy tadqiqotlar, malaka oshirish va qo‘shma loyihalarda ishtirok etish kabi yo‘nalishlar belgilangan.
Markaz Progressiv islohotlar markazi bilan ham hamkorlik to‘g‘risida memorandum imzolagan. Hamkorlik doirasida raqobat muhitini baholash, monopoliyaga qarshi tartibga solish va bozorga kirishdagi to‘siqlarni o‘rganish masalalari belgilangan.
2025-yil iyul oyida Markaz “Yuksalish” umummilliy harakati bilan hamkorlik to‘g‘risidagi anglashuv memorandumini imzolagan.
2025-yil iyul oyida Markaz Raqamli hukumat loyihalarini boshqarish markazi bilan hamkorlik to‘g‘risidagi anglashuv memorandumini imzolagan. Hamkorlik raqamli transformatsiya, raqobat muhitini rivojlantirish, iste’molchilar huquqlarini himoya qilish va zamonaviy texnologiyalardan foydalanish masalalarini qamrab olgan.
Markaz Toshkent Xalqaro Vestminster universiteti bilan ham hamkorlik memorandumi imzolagan. Kelishuv doirasida raqobat siyosati va raqamli iqtisodiyot bo‘yicha qo‘shma tadqiqotlar, talabalar amaliyoti, seminarlar va ilmiy loyihalarni amalga oshirish nazarda tutilgan.
Markaz Toshkent davlat yuridik universiteti bilan ham o‘zaro hamkorlik to‘g‘risida memorandum imzolagan.
2025-yil 25-iyulda Markaz Science and Innovation tashkiloti bilan hamkorlik to‘g‘risidagi anglashuv memorandumini imzolagan.
Markaz Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Makroiqtisodiy va hududiy tadqiqotlar instituti bilan ham hamkorlik memorandumini tuzgan.
2025-yil aprel oyida Turkiy Davlatlar Tashkilotining yetakchi tahlil markazlari ishtirokidagi xalqaro anjuman doirasida Markaz Ozarbayjon Respublikasining Iqtisodiy ilmiy tadqiqotlar instituti (ESRI) va Qozog‘iston Respublikasining Yevroosiyo tadqiqotlar instituti (ERI) bilan o‘zaro hamkorlik memorandumlarini imzolagan.
2025-yil oktabr oyidagi xalqaro konferensiya doirasida Markaz direktori Olimjon Jumayev Xitoy Xalq Respublikasining Bozorni tartibga solish davlat boshqarmasi huzuridagi Raqobat siyosati va baholash markazi hamda “Markaziy Osiyo Fintex Assotsiatsiyasi” bilan o‘zaro anglashuv va hamkorlik to‘g‘risidagi memorandumlarni imzolagan.
2025-yil yakunlariga ko‘ra, Markaz O‘zbekistondagi TOP–20 “Aql markazlari” qatoridan joy olgan.
2025-yilda Markaz SCIENCE AND INNOVATION AWARDS tanlovining Yilning eng yaxshi tadqiqot markazi nominatsiyasida g‘olib deb e’lon qilingan.
Tanlangan ilmiy ishlari
— Raqobat siyosati va strategiyalari. Toshkent: Innovatsion rivojlanish nashriyot-matbaa uyi, 2026. 152 b. ISBN 978-9910-01-670-7.
Tashqi havolalar
Olimjon Jumayev — Google Scholar
Manbalar
Turkum:1975-yilda tug‘ilganlar Turkum:Tirik shaxslar Turkum:O‘zbekiston iqtisodchilari Turkum:Iqtisod fanlari doktorlari Turkum:Termizda tug‘ilganlar