Fatma Omar (1973-yil 17-noyabrda tugʻilgan) — misrlik paralimpiada pauerliftingchi. U −56 kg vazn toifasida qatnashgan. Omar Yozgi Paralimpiada oʻyinlarida ketma-ket toʻrtta oltin medalni qoʻlga kiritgan hamda IPC pauerlifting boʻyicha jahon chempionatida toʻrtta oltin medal sohibasi boʻlgan.

Shaxsiy hayoti Omar 1973-yilda Qohirada tugʻilgan. Bir yoshida poliomiyelit bilan kasallangan va bu uning umurtqa pogʻonasiga zarar yetkazgan. Uning ikki nafar qizi bor.

Pauerliftingdagi faoliyati Omar Misr sharafini ilk bor 1998-yilda Dubayda oʻtkazilgan IPC pauerlifting boʻyicha jahon chempionatida himoya qilgan. U −44 kg vazn toifasida qatnashib, oltin medalni qoʻlga kiritgan. Ushbu muvaffaqiyatdan soʻng u 2000-yilgi Yozgi Paralimpiada oʻyinlarida qatnashish uchun Misr terma jamoasiga tanlangan.

Sidneyda oʻtkazilgan 2000-yilgi Paralimpiada oʻyinlarida Omar −44 kg vazn toifasida qatnashib, 109 kg natija bilan oltin medalni qoʻlga kiritgan. U finalda Lucy Ogechukwu Ejikeni ortda qoldirgan. Toʻrt yil oʻtib, Afina Paralimpiadasida Omar −56 kg vazn toifasiga oʻtgan va 127,5 kg natija bilan oltin medalni qoʻlga kiritgan.

2008-yilgi Pekin Paralimpiadasida Omar yana −56 kg vazn toifasida qatnashgan. U 141,5 kg natija bilan jahon rekordini oʻrnatib, oltin medalni qoʻlga kiritgan.

Pekindagi gʻalabasidan soʻng, nigeriyalik Lucy Ejike Omar qatnashadigan −56 kg vazn toifasiga oʻtishini maʼlum qilgan. Natijada ikki sportchi 2012-yilgi London Paralimpiadasida yana raqib sifatida uchrashgan. Ejike birinchi urinishda 135 kg natija bilan peshqadamlik qilgan, biroq keyingi urinishida bu natijani yaxshilay olmagan. Omar esa soʻnggi urinishida 142 kg koʻtarib, Pekindagi rekordini yangilagan va ketma-ket toʻrtinchi oltin medalini qoʻlga kiritgan.

Toʻrt yil oʻtib, Ejike va Omar 2016-yilgi Rio-de-Janeyro Paralimpiadasida uchinchi marta oʻzaro raqobatlashgan. London Paralimpiadasidan keyin Xalqaro Paralimpiya qoʻmitasi pauerlifting boʻyicha erkaklar va ayollar vazn toifalarini oʻzgartirgan va ikki sportchi ayollar oʻrtasidagi −61 kg vazn toifasida qatnashgan. 2015-yilda meksikalik Amalia Pérez −61 kg vazn toifasida 133 kg natija bilan jahon rekordini oʻrnatgan, biroq Ejike birinchi urinishidayoq 135 kg koʻtarib, bu rekordni yangilagan.

Omar birinchi urinishida 133 kgni koʻtara olmagan, biroq ikkinchi urinishida ayni natijani qayd etgan. Ejike ikkinchi urinishida 138 kg koʻtarib, kunning ikkinchi jahon rekordini oʻrnatgan. Omar soʻnggi urinishida 140 kg koʻtarib, vaqtincha ikkinchi oʻringa koʻtarilgan. Biroq Ejike 142 kg natija qayd etib, Omarni kumush medal bilan kifoyalanishga majbur qilgan.

2021-yilda Omar Gruziyaning Tbilisi shahrida oʻtkazilgan 2021-yilgi Para pauerlifting boʻyicha jahon chempionatida −67 kg vazn toifasida bronza medalni qoʻlga kiritgan. Manbalar

Havolalar Fatma Omar — IPC Tbilisi 2021: Ejike and Bettir win nail-biting battles — Paralympic.org 2021-yilgi Para pauerlifting boʻyicha jahon chempionati natijalari

Turkum:Misr pauerliftingchilari Turkum:Paralimpiyachi ayollar Turkum:2008-yilgi Yozgi Paralimpiya oʻyinlari sovrindorlari Turkum:2012-yilgi Yozgi Paralimpiya oʻyinlari sovrindorlari