Ali al-Akbar ibn al-Husayn (), asosan, Ali al-Akbar nomi bilan tanilgan, islom paygʻambari Muhammadning evarasi, Husayn ibn Alining oʻgʻli. 680-yilda 18–25 yoshlar oraligʻida boʻlgan chogʻida Karbalo jangida Umaviy xalifa Yazid qoʻshiniga qarshi jang qilgan va shu jangda otasi, qarindoshlari va boshqa aksariyat tarafdorlari bilan birga shahid boʻlgan. Shialik mazhabida uylanishga ulgurmay shahid boʻlgan jasur yigit sifatida xotirlanadi. Tashqi koʻrinishi va odob-axloqi jihatidan paygʻambar Muhammadga nihoyatda oʻxshashligi bilan ulugʻlanadi.

Tavalludi Ali al-Akbar uchinchi shia imomi Husayn ibn Ali oilasida tugʻilgan. Husayn islom paygʻambari Muhammadning nabirasi, birinchi shia imomi, shuningdek, Muhammad paygʻambarning amakivachchasi Ali ibn Abu Tolibning oʻgʻli boʻlgan. Ali al-Akbarning onasi Laylo binti Abu Murra as-Saqafiy Banu Saqif qabilasidan boʻlgan sahoba Urva ibn Mas’udning oʻgʻli Abu Murraning qizi edi. Ali al-Akbarning ona tomondan buvisi Maymuna Banu Umayya qabilasi boshligʻi Abu Sufyonning qizi boʻlgan. Ali al-Akbar tugʻilganidan koʻp oʻtmay Husaynning Zaynab ismli singlisi uni oʻz farzandi sifatida asrab olib tarbiyalashni soʻragan. Alining onasi Ummu Laylo bunga rozi boʻlgach, Ali Zaynab qoʻlida tarbiya topgan. Karbalo jangidan biroz oldin Husayn Ali al-Akbarga Ummu Layloning chodiriga kirib, oʻzini uning oʻgʻli sifatida tanishtirishni buyurgan.

Ali al-Akbar koʻpincha tashqi koʻrinishi va odob-axloqi jihatidan paygʻambar Muhammadga nihoyatda oʻxshashligi bilan ulugʻlanadi. Hatto odamlar Muhammad paygʻambarni sogʻinganida Ali al-Akbarga qarashardi deb rivoyat qilinadi. Muhammad paygʻambarga boʻlgan bu oʻxshashligi Ali al-Akbarning forscha () nomi bilan atalishiga sabab boʻlgan.

Aksariyat dastlabki manbalarga koʻra, Ali al-Akbar Husaynning toʻngʻich oʻgʻli boʻlgan. Jumladan, sunniy olimlar Ibn Saʼd, Balozuriy va shialik mazhabi tarafdori tarixchi Yaʼqubiy ham Ali al-Akbar Husayn ibn Alining toʻngʻich oʻgʻli ekanligini yozgan. Ali al-Akbar Karbalo jangidan omon qolgan Husaynning yagona oʻgʻli Ali Zayn al-Obidindan katta boʻlgan. Biroq islomshunos olim Wilferd Madelung Husaynning toʻngʻich oʻgʻli aynan Zayn al-Obidin boʻlgan deb hisoblagan. Alining tugʻilgan sanasi ham bahsli. Manbalarda Ali al-Akbar milodiy 680-yildagi Karbalo jangida ishtirok etayotgan paytda 18, 19, 23 yoki 25 yoshda boʻlgan deya turlicha qayd etiladi. Ushbu maʼlumotlarning orasida 25 yosh eng ehtimolga yaqini hisoblanadi, chunki uning ukasi Zayn al-Obidin Karbalo voqealari vaqtida, ehtimol, 23 yoshda boʻlgan.

Karbalo jangi va oʻlimi

Yazid I ning taxtga chiqishi Hasan ibn Ali bilan tuzilgan avvalgi kelishuvlarga zid ravishda Umaviylar xalifasi Muoviya () 676-yilda oʻgʻli Yazidni () oʻzining vorisi etib tayinladi. Musulmon tarixchilar Yazidni koʻpincha dindan yiroq va axloqsiz hukmdor sifatida tasvirlagan. Yazidning oʻsha paytda voris etib tayinlanishi Muhammad paygʻambarning mashhur sahobalarining ayrim oʻgʻillari, jumladan, Husayn ibn Ali tomonidan qarshilik bilan kutib olingan. 680-yilda Muoviya vafot etib, Yazid taxtga chiqqach, Madina hokimiga Husayndan majburan bayʼat olishni buyurgan. Husayn esa Yazidni xalifa sifatida tan olishdan bosh tortib, tunda Makkaga yoʻl olgan. Shuningdek, unga bir qancha qarindoshlari, jumladan, Ali al-Akbar ham hamrohlik qilgan.

Karbaloga safar Milodiy 680-yil 10 yoki 12-sentyabr (8 yoki 10-Zulhijja oyi)da Husayn bir necha qarindoshlari va tarafdorlari bilan Makkadan Kufaga yoʻl oldi. Kufaliklar Husaynga uni qoʻllab-quvvatlashlarini bildiruvchi maktublar yoʻllagan edi. Ularning maktublari qay darajada haqiqatga yaqin ekani Husaynning amakivachchasi Muslim ibn Oqil tomonidan tasdiqlangan. Husaynga nisbat berilgan bir rivoyatda, uning hayoti evaziga boʻlsa ham Yazidning zulmiga qarshi kurashish uchun yoʻlga chiqqani aytiladi. Bu haqida mashhur shia olimi al-Mufidning „Al-Irshod“ biografik asarida ham keltirilgan. Husayn ukasi Muhammad ibn al-Hanafiyaga yozgan vasiyatida ham buzgʻunchilik yoki zulm niyatida emas, balki yaxshilikka buyurib, yomonlikdan qaytarish uchun yoʻlga chiqqanini yozgan.

Kufaga ketayotganlarida Husayn ot ustida biroz uxlab qolgan va hamrohlarining yaqin orada vafot etishini tush koʻrgan. Husayn uygʻonib, Qurʼonning 2:156-oyati: „Albatta, biz Allohnikimiz va, albatta, biz Unga qaytuvchimiz“ deya tilovat qilib, bir necha bor Allohga hamd aytgan. Ali al-Akbar uning yoniga kelgan va tush haqida xabar topgan. Shunday boʻlsa-da, Ali oʻz taqdirini mamnuniyat bilan qabul qilgan. Bu rivoyat Karbalo jangidan omon qolgan Uqba ibn Sam’onning rivoyati asosida „Tarix at-Tabariy“ asarida keltirilgan. Koʻp oʻtmay, Husaynning kichik karvoni Yazidning qoʻshini tomonidan toʻxtatilgan va hijriy 61-yil 2-Muharram oyi (milodiy 680-yil 2-oktyabr)da Karbalo sahrosida ular suv manbalaridan va mudofaa istehkomlaridan uzoq joyda qarorgoh qurishga majbur boʻlgan. Kufaliklar bergan vaʼdasini bajarmagan va Husaynga yordam bermagan, chunki Kufaning yangi hokimi Ubaydulloh ibn Ziyod Husaynning elchisi Muslim ibn Oqilni qoʻlga olgan va uni oʻldirib, shu yoʻl bilan kufalik qabila boshliqlarini qoʻrqitgan edi.

Suv tanqisligi 7-Muharram kuni Ibn Ziyod buyrugʻi bilan Umaviylar qoʻmondoni Umar ibn Saʼd Husaynning Furot daryosiga chiqish yoʻlini toʻsib qoʻydi. Shunga qaramay, Husaynning ota bir akasi Abbos ibn Ali va yana qariyb 50 nafar hamrohi kechasi uyushtirilgan qisqa harbiy yurish orqali Husaynning qarorgohiga biroz suv olib kelishga muvaffaq boʻldi. Biroq islomshunos Laura Veccia Vaglierining maʼlumotlariga koʻra, keyingi 3 kun davomida qarorgohdagilar chanqoqlikdan aziyat chekkan. Boshqa tadqiqotchilar, jumladan D. Pinault, ham qamal davomida qarorgohdagilar, ayniqsa koʻplab yosh bolalar ochlik va tashnalikdan qiynalganini yozgan. Shuningdek, A. Hamdarning fikri ham shunga yaqin. Buning ustiga, Karbalo issiq choʻl iqlimiga ega hudud boʻlgan.

Muzokaralar Ibn Ziyod Umar ibn Saʼdga Husayn Yazidga bay’at bermaguncha uning Karbalodan chiqib ketishiga yoʻl qoʻymaslikni buyurgan. Biroq Husayn Yazidga boʻysunmadi. Shunga qaramay, u qon toʻkilishining oldini olish va u yerdan tinch yoʻl bilan chiqib ketishga ruxsat olish maqsadida Ibn Saʼd orqali Ibn Ziyod bilan muzokara olib borgani aytiladi. Ammo Ibn Ziyod muzokaraga koʻnmadi. Oxir-oqibat, Ibn Ziyod Ibn Saʼdga agar Husayn va uning tarafdorlari Yazidga bay’at bermasa ularga qarshi jang qilish, ularni oʻldirish va jasadlarini tahqirlashni buyurdi. Agar bay’at berishsa, ularning keyingi taqdiri keyinroq hal qilinishi kerak edi.

Tasuʼa Ibn Saʼd Tasuʼa kuni (Muharram oyining 9-kuni) peshin namozidan keyin hujum boshlashga qaror qildi. Biroq Umaviylar qoʻshini yaqinlashayotganida, Husayn Abbos va yana bir nechta hamrohini ularning yoniga yubordi. Ular Ibn Saʼdni toʻqnashuvni keyingi kunga qoldirishga koʻndirdi. Shundan soʻng Husayn oʻz tarafdorlariga murojaat qilib, uning uchun jonlarini xavf ostiga qoʻymasliklarini va istasalar, uni tark etishlari mumkinligini aytdi. Shundan keyin Abbos birinchi boʻlib Husaynni qoʻllab-quvvatlashini bildirib, har qanday vaziyatda ham uning yonida boʻlishini aytdi. U yerda boʻlganlarning deyarli barchasi oxirgi damgacha Husayn bilan birga qoldi. Oʻsha kechada Husayn va uning hamrohlari ibodat qilib, Qur’on tilovat qilish bilan vaqt oʻtkazdilar. Bu voqea shia faqihi Ibn Tavus (vafoti: 1266-yil) va maqotil deb ataluvchi Karbalo voqealariga bagʻishlangan asarlarning aksariyatida qayd etilgan.

Ashuro Ashuro tongida (Muharram oyining 10-kuni) Husayn atrofidagi 72 kishini safarbar qildi. Shundan soʻng u dushman qoʻshinlari safiga murojaat qilib, Muhammad paygʻambarning nabirasini oʻldirishni qanday qilib joiz deb hisoblashayotganini soʻradi. Ehtimol, aynan shu murojaatdan keyin Umaviylar qoʻmondoni Al-Hurr ibn Yazid at-Tamimiy Husayn tomoniga oʻtgan. Keyin Umaviylar qoʻshini Husaynning qarorgohiga oʻq yogʻdirdi, shu tariqa jang boshlandi. Jang ertalabdan quyosh botgunga qadar davom etdi. Ertalabki vaqt davomida, asosan, yakkama-yakka olishuvlar, kichik toʻqnashuvlar, hujumlar va chekinishlar sodir boʻldi. Biroq peshinga yaqin Umaviylar qoʻshini qarorgohni qurshab oldi, bu paytga kelib, Husaynning hamrohlarining barchasi halok boʻlgan edi.

Oʻlimi

Aliylar, yaʼni Ali ibn Abu Tolibning avlodlari orasida Ali al-Akbar maydonga chiqishga va jang qilishga birinchi boʻlib ruxsat olgan. Biroq mashhur adabiy manbalarda baʼzan u jangda eng oxirgi halok boʻlganlardan biri sifatida tasvirlanadi. Masalan, Temuriylar davri shoiri va voiz Husayn Koshifiyning asarida Ali 17-qurbon sifatida keltirilgan. Rivoyatlarga koʻra, Ali al-Akbar dushman safiga bir necha bor hujum qilgan. Hujumlaridan biridan soʻng u yaralangan va qattiq chanqagan holda jang maydonidan otasining oldiga qaytib, chanqaganini aytgan. Husayn uni yupatib, tez orada bobosi Muhammadning qoʻlidan chanqogʻi qondirilishini aytgan. Shundan soʻng Ali al-Akbar jangga qaytgan va oxir-oqibat Murra ibn Saʼd tomonidan orqadan zarba berib yiqitilgan. Ali yiqilgach, Umaviylar askarlari uning atrofini oʻrab olib, tanasini tilka-pora qilib tashlagan. Aksariyat rivoyatlarda uning qotili Murra ibn Munqiz al-Abdiy deya koʻrsatiladi. Keyinchalik u Aliylar tarafdori boʻlgan inqilobchi Muxtor as-Saqafiy tomonidan uyushtirilgan qasos hujumidan omon qolgan, biroq ogʻir yaralangan. Oʻgʻlining oʻlimidan qattiq qaygʻuga tushgan Husayn uning jasadi ustida yigʻlagan. asaridagi rivoyatga koʻra, Husayn: „Dunyo tugadi“, „Sening ortingdan dunyoda [faqat] chang qoladi“, — deya nola qilgan. Husaynning singlisi Zaynab ham u yerga yugurib kelgan. Oxir-oqibat, Husayn Zaynab bilan birga qarorgohga qaytgan. Soʻng u boshqa yosh yigitlardan Ali al-Akbarning jasadini qarorgohga olib kelishni soʻragan.

Jang tushdan keyin, jang maydonida yolgʻiz qolgan Husaynning oʻldirilishi bilan yakunlangan. Shundan soʻng Ali al-Akbar va boshqa halok boʻlganlarning kesilgan boshlari avval Kufa hokimi Ibn Ziyodning, soʻngra Damashqqa Yazidning huzuriga olib borilgan. Uning boshi ehtimol Bob as-Sagʻir qabristoniga dafn etilgan. Jangdan keyin asir olingan ayollar va bolalar esa Kufaga, keyinchalik Damashqqa olib borilgan.

Maqbara

Husaynning halok boʻlgan tarafdorlari al-Gʻodiriya qishlogʻidan boʻlgan Banu Asad qabilasining ayrim vakillari tomonidan dafn etilgan. Xususan, Ali al-Akbar otasi Husaynning yoniga dafn qilingan. Bugungi kunda bu ikki qabr hozirgi Iroqning Karbalo shahridagi Imom Husayn maqbarasining markaziy gumbazi ostida joylashgan. Vaqt oʻtishi bilan shahar aynan shu maqbara atrofida rivojlangan va Karbalo shahri ziyorat qilinadigan muhim maskan hamda diniy taʼlim markaziga aylangan. Ziyoratchilar oʻqiydigan duo va munojotlarda Ali al-Akbarga bagʻishlangan alohida parchalar ham mavjud. Ali al-Akbarning farzandlari boʻlmagan va undan avlod qolmagan.

Yana qarang

Manbalar

Adabiyotlar

Turkum:Muhammadning oilasi Turkum:Karbalo jangida vafot etganlar Turkum:664-yilda tugʻilganlar Turkum:680-yilda vafot etganlar