Five Nights at Freddy’s 4 — 2015-yilda amerikalik dizayner Scott Cawthon tomonidan ishlab chiqilgan va nashr etilgan point-and-click hamda survival horror janrlaridagi mustaqil kompyuter oʻyini. Bu— „Five Nights at Freddy’s“ franshizasining toʻrtinchi qismi. Seriyaning avvalgi qismlaridan farqli oʻlaroq, bu oʻyinda oʻyinchi oʻz uyida kezib yurgan halokatli va qoʻrqinchli animatroniklarni fonar yordamida toʻxtatishi kerak boʻlgan ismsiz bolani boshqaradi. Shu sababli, oʻyinchining dushmanlarni kuzatish uchun kamerali planshetdan foydalanish imkoni yoʻq va u eshitish qobiliyatiga tayanishiga toʻgʻri keladi. „Tunlar“ deb nomlanuvchi bosqichlar orasidagi tanaffuslarda Atari 2600 davri videooʻyinlari uslubida yaratilgan mini-oʻyinlar mavjud boʻlib, ular akasi tomonidan xoʻrlangan kichkina bola haqida hikoya qiladi.

Oʻyin 2015-yil aprel oyida rasman eʼlon qilingan va „yakuniy qism“ sifatida taqdim etilgan. Five Nights at Freddy’s 4 dastlab Xellouin bayrami munosabati bilan 31-oktyabrda chiqarilishi rejalashtirilgan boʻlsa-da, 2015-yil 23-iyulda Windows uchun taqdim etildi. 25-iyul va 3-avgust kunlari esa oʻyinning Android va iOS uchun moʻljallangan mobil versiyalari chiqarildi. 2019-yil noyabr oyida Five Nights at Freddy’s 4 PlayStation 4, Xbox One va Nintendo Switch konsollariga port qilindi. Oʻyin tanqidchilar tomonidan turlicha baholandi: u vahimali muhiti uchun maqtovga sazovor boʻldi, biroq qayta ishlangan geympley mexanikasi tanqidga uchradi. 2016-yil oktyabr oyida oʻyinning davomi — Five Nights at Freddy’s: Sister Location taqdim etildi.

Oʻyin jarayoni Five Nights at Freddy’s 4 — point-and-click elementlariga ega survival horror janridagi oʻyin. Voqealari „Freddy Fazbear’s Pizza“ pitseriyasi va „Fazbear’s Fright: The Horror Attraction“ mavzuli xorror-attraksionida boʻlib oʻtgan Five Nights at Freddy’s seriyasining oldingi oʻyinlaridan farqli oʻlaroq, bu oʻyinda oʻyinchi oʻz yotoqxonasidagi bolani boshqaradi. U tungi soat 12 dan ertalabki 6 gacha davom etadigan tundan omon qolishi va „dahshatli“ animatroniklar — ayiq Freddi, quyon Bonni, tovuq Chika va tulki Foksini toʻxtatib turishi kerak.

Manbalar