Norovirus (Norwalk virusi nomi bilan ham tanilgan) — gastroenteritni keltirib chiqaruvchi eng keng tarqalgan virus. Baʼzan „qishki qusish kasalligi“ deb ham ataladigan ushbu infeksiya qonsiz ich ketishi, qusish va oshqozondagi ogʻriqlar bilan tavsiflanadi. Shuningdek, isitma yoki bosh ogʻrigʻi ham kuzatilishi mumkin. Kasallik belgilari virus yuqqanidan soʻng odatda 24 soat ichida namoyon boʻladi va sogʻayish asosan bir-uch kun davom etadi. Asoratlar kam uchraydi, biroq yosh bolalar, keksalar va boshqa surunkali kasalliklari bor kishilarda suvsizlanishga olib kelishi mumkin.
Virus odatda fekal-oral yoʻl orqali tarqaladi. Bu ifloslangan oziq-ovqat yoki suv, yoki odamdan odamga yuqish holatlari orqali yuz berishi mumkin. Shuningdek, u ifloslangan yuzalar yoki kasallangan kishining qusugʻidan havoga tarqalgan tomchilar orqali ham yuqishi mumkin. Xavf omillariga taomlarni antisanitariya sharoitida tayyorlash va tirband joylarda birga yashash kiradi. Diagnoz, qoida tariqasida, alomatlarga tayanib qoʻyiladi. Tasdiqlovchi tahlillar odatda oʻtkazilmaydi, lekin kasallik avj olgan paytlarda sogʻliqni saqlash idoralari tomonidan oʻtkazilishi mumkin.
Oldini olish choralari qoʻllarni toʻgʻri yuvish va ifloslangan yuzalarni dezinfeksiya qilishdan iborat. Norovirusga qarshi vaksina yoki maxsus davolash usuli mavjud emas. Davolash, asosan, yetarli miqdorda suyuqlik ichish yoki vena ichiga suyuqlik yuborish kabi qoʻllab-quvvatlovchi terapiyadan iborat. Ichish uchun ogʻiz orqali qabul qilinadigan regidratatsiya eritmalari afzal koʻriladi, ammo tarkibida kofein yoki spirtli ichimlik boʻlmagan boshqa ichimliklar ham yordam berishi mumkin. Noroviruslar qobiqsiz boʻlgani sababli, tarkibida spirt boʻlgan antiseptik vositalari ularga qarshi samarasiz boʻlishi mumkin, biroq virusning ayrim genotiplari taʼsirchanroq boʻladi.
Norovirus jahon miqyosida yiliga qariyb 685 million odamning kasallanishiga va 200 ming kishining oʻlimiga sabab boʻladi. U ham rivojlangan, ham rivojlanayotgan mamlakatlarda keng tarqalgan. Kasallik koʻpincha besh yoshgacha boʻlgan bolalarda kuzatiladi va bu yosh guruhida rivojlanayotgan mamlakatlarda taxminan 50 ming oʻlim holatiga olib keladi. Norovirus infeksiyasi asosan qish oylarida koʻp uchraydi. U koʻpincha epidemik tarzda, ayniqsa, bir joyda zich yashovchi odamlar orasida tarqaladi. AQSHda oziq-ovqatdan zaharlanish bilan bogʻliq barcha kasallik avj olishining qariyb yarmiga aynan shu virus sababchidir. Virus nomi 1968-yilda kasallik tarqalgan Ogayo shtatining Norwalk shahri sharafiga qoʻyilgan.
Belgilari va alomatlari Norovirus infeksiyasi koʻngil aynishi, qusish, suyuq ich ketishi, qorin ogʻrigʻi va ayrim hollarda taʼm bilish hissini yoʻqotish bilan tavsiflanadi. Odatda, norovirus bilan zararlangandan 24 soat oʻtib, insonda gastroenterit alomatlari paydo boʻladi. Shuningdek, umumiy lanjlik, holsizlik, mushak ogʻriqlari, bosh ogʻrigʻi va haroratning biroz koʻtarilishi kuzatilishi mumkin. Kasallik koʻpincha oʻz-oʻzidan oʻtib ketadi va kamdan kam hollarda ogʻir kechadi. Garchi norovirus bilan kasallanish yoqimsiz holat boʻlsa-da, u odatda xavfli hisoblanmaydi va uni yuqtirganlarning aksariyati ikki-uch kun ichida butunlay sogʻayib ketadi.
Norovirus immuniteti zaif, masalan, umumiy oʻzgaruvchan immun tanqisligi boʻlgan yoki aʼzolar koʻchirib oʻtkazilgandan soʻng immun tizimi sustlashgan odamlarda uzoq muddatli infeksiyani keltirib chiqarishi mumkin. Bunday infeksiyalar alomatlar bilan yoki alomatlarsiz kechishi mumkin. Ogʻir hollarda surunkali infeksiyalar norovirus bilan bogʻliq enteropatiya, ichak vorsinkalari atrofiyasi va malabsorbsiyaga olib kelishi mumkin.
Manbalar
Havolalar Norovirus (vomiting bug) NHS Norovirus infections Global network and database noroviruses CDC Viral Gastroenteritis FAQs: Center for Disease Control and Prevention of Food Illness Fact Sheet „Norovirus in Healthcare Facilities Fact Sheet“, CDC, released 21 December 2006 tips from CDC for cruise vacationers Virus Pathogen Database and Analysis Resource (ViPR): Caliciviridae 3D structure of Norovirus from the EM Data Bank at the European Bioinformatics Institute UK Viralzone: Norovirus ICTV Report: Caliciviridae
Turkum:Norovirus