Shaxsiylashtirilgan tibbiyot (shuningdek, tizimli tibbiyot deb ham ataladi) — odamlarni turli guruhlarga ajratuvchi hamda tibbiy qarorlar, amaliyotlar, tibbiy aralashuvlar va/yoki mahsulotlarni individual bemorning taxmin qilingan javob reaksiyasi yoki kasallik xavfi asosida unga moslashtiradigan tibbiy modeldir. Shaxsiylashtirilgan tibbiyot, aniq tibbiyot, tabaqalashtirilgan tibbiyot va P4 tibbiyoti atamalari ushbu tushunchani ifodalash uchun bir-birining oʻrnida qoʻllanadi, biroq baʼzi mualliflar va tashkilotlar muayyan nozik farqlarga tayanib, bu atamalarni bir-biridan farqlaydilar. P4 — „prediktiv (bashorat qiluvchi), preventiv (oldini oluvchi), shaxsiylashtirilgan va ishtirok etuvchi“ (inglizcha: predictive, preventive, personalized and participatory) soʻzlarining qisqartmasi hisoblanadi.
Davolash usullarini bemorga moslashtirish tarixi kamida Gippokrat davriga borib taqalsa-da, keyingi yillarda kasallikning molekulyar asoslarini, xususan genomikani tushunish imkonini beruvchi yangi diagnostika va informatika yondashuvlarining rivojlanishi tufayli ushbu atamaning qoʻllanishi sezilarli darajada ortdi. Bu esa tegishli bemorlarni tabaqalashtirish uchun aniq biomarker beradi.
Milliy muhandislik akademiyasi (NAE) tomonidan homiylik qilinadigan Muhandislik sohasidagi 14 ta yirik chaqiriq orasida shaxsiylashtirilgan tibbiyot individual sogʻliq boʻyicha maqbul qarorlarga erishish, shu orqali yaxshiroq dorilarni ishlab chiqish vazifasini hal qilishda asosiy hamda istiqbolli yondashuv sifatida eʼtirof etilgan.
Konseptsiya taraqqiyoti Shaxsiylashtirilgan tibbiyotda bemorning genetikasi yoki uning boshqa molekulyar yoxud hujayraviy xususiyatlariga asoslanib, eng toʻgʻri va maqbul davolash usullarini tanlash uchun koʻpincha diagnostik testlardan foydalaniladi. Genetik maʼlumotlardan foydalanish shaxsiylashtirilgan tibbiyotning maʼlum sohalarida (masalan, farmakogenomika) muhim rol oʻynagan va bu atama dastlab genetika kontekstida paydo boʻlgan boʻlsa-da, keyinchalik u barcha turdagi shaxsiylashtirish choralarini, jumladan proteomikadan foydalanishni, tasvirlarni tahlil qilishni hamda nanozarralarga asoslangan teranostikani oʻz ichiga olgan holda kengaydi.
Aniq tibbiyot va shaxsiylashtirilgan tibbiyot oʻrtasidagi farq Aniq tibbiyot (inglizcha: precision medicine) — „hamma uchun bitta dori“ modelining oʻrniga sogʻliqni saqlashni moslashtirishni taklif qiluvchi hamda tibbiy qarorlar, muolajalar, amaliyotlar yoki mahsulotlarni bemorlarning maʼlum bir guruhiga moslashtirishni nazarda tutuvchi tibbiy modeldir. Aniq tibbiyotda bemorning genetik tarkibi yoki boshqa molekulyar yoxud hujayraviy tahlillari kontekstiga tayanib, tegishli va maqbul terapiyani tanlash uchun koʻpincha diagnostik testlar qoʻllanadi. Aniq tibbiyotda qoʻllanadigan vositalar qatoriga molekulyar diagnostika, tasvirlash va tahlillar kiradi.
Aniq tibbiyot va shaxsiylashtirilgan tibbiyot (shuningdek, individuallashtirilgan tibbiyot) oʻxshash tushunchalar boʻlib, kasallikning oldini olish, unga tashxis qoʻyish hamda davolash boʻyicha klinik qarorlarni qabul qilishda insonning genetik profiliga tayanadi. Shaxsiylashtirilgan tibbiyot Inson genomi loyihasi davomida qoʻlga kiritilgan kashfiyotlarga asoslanadi.
AQSh Prezidentining fan va texnologiyalar boʻyicha maslahatchilar kengashi shaxsiylashtirilgan tibbiyot atamasining farqini quyidagicha tushuntiradi:
„Aniq tibbiyot“ atamasining qoʻllanishi nafaqat davolash usulini tanlashni, balki muayyan shaxslar uchun noyob tibbiy mahsulotlarni yaratishni ham qamrab olishi mumkin — masalan, „…turli odamlar uchun muolajalarni moslashtirish maqsadida bemorga xos toʻqimalar yoki organlarni yaratish“. Shu sababli, amaliyotda ushbu atama „shaxsiylashtirilgan tibbiyot“ atamasi bilan shunchelik koʻp kesishadiki, osongina bir-birining oʻrnida ishlatiladi, garchi keyingi atama baʼzida har bir shaxs uchun mutlaqo oʻziga xos davolashni nazarda tutadi deb notoʻgʻri talqin qilinsa ham.
Asosiy tushunchalar
Asoslar Har bir inson inson genomining oʻziga xos variantiga ega hisoblanadi. Garchi shaxslar oʻrtasidagi farqlarning aksariyati sogʻliqqa taʼsir qilmasa-da, inson salomatligi atrof-muhitning taʼsiri hamda xatti-harakatlar bilan birga genetik oʻzgaruvchanlikdan shakllanadi.
Shaxsiylashtirilgan tibbiyotdagi zamonaviy yutuqlar bemorning fundamental biologiyasini, DNK, RNK yoki oqsilini tasdiqlovchi texnologiyalarga tayanadi, bu esa yakunda kasallikni aniqlashga olib keladi. Masalan, genomni ketma-ketlashtirish (sekvenirlash) kabi shaxsiylashtirilgan usullar DNKdagi kistoz fibrozdan tortib saratongacha boʻlgan turli kasalliklarga taʼsir qiluvchi mutatsiyalarni aniqlashi mumkin. RNA-seq deb ataladigan boshqa bir usul esa qaysi RNK molekulalari maʼlum kasalliklar bilan bogʻliqligini koʻrsatib beradi. DNKdan farqli oʻlaroq, RNK darajasi atrof-muhitga javoban oʻzgarishi mumkin. Shuning uchun RNKni sekvenirlash insonning salomatlik holati haqida kengroq tushuncha beradi. Soʻnggi tadqiqotlar shaxslar oʻrtasidagi genetik farqlarni RNK ekspressiyasi, translyatsiya va oqsil darajalari bilan bogʻladi.
Shaxsiylashtirilgan tibbiyot tushunchalari sogʻliqni saqlashga yangi hamda transformativ yondashuvlarni tatbiq etishda qoʻllanishi mumkin. Shaxsiylashtirilgan sogʻliqni saqlash tizimlar biologiyasi dinamikasiga asoslanadi va sogʻliq uchun xavflarni baholash hamda bemorlarga xavflarni kamaytirish, kasalliklarning oldini olish va kasallik yuzaga kelganda uni aniqlik bilan davolashga yordam beruvchi shaxsiylashtirilgan sogʻliqni saqlash rejalarini ishlab chiqish uchun baholovchi vositalardan foydalanadi. Shaxsiylashtirilgan sogʻliqni saqlash konsepsiyalari borgan sari kengroq tan olinmoqda, chunki Faxriylar ishlari boʻyicha boshqarma (Veterans Administration) barcha faxriylar uchun shaxsiylashtirilgan, proaktiv va bemorga yoʻnaltirilgan parvarishni yoʻlga qoʻyish majburiyatini olgan. Baʼzi hollarda shaxsiylashtirilgan sogʻliqni saqlash bemorning genetik tuzilishiga emas, balki kasallik keltirib chiqaruvchi agentning tuzilishiga moslashtirilishi mumkin; bunga dori-darmonlarga chidamli bakteriyalar yoki viruslar misol boʻladi.
Aniq tibbiyot koʻpincha individual bemor kasalligining sababini molekulyar darajada tahlil qilish uchun panomik tahlil hamda tizimlar biologiyasini qoʻllashni, soʻngra ushbu individual bemor kasalligi jarayoniga qarshi turish uchun maqsadli davolash choralarini (ehtimol kombinatsiyalangan holda) qoʻllashni oʻz ichiga oladi. Keyin bemorning javob reaksiyasi imkon qadar yaqindan kuzatiladi, buning uchun koʻpincha oʻsimta yuki kabi surrogat koʻrsatkichlardan foydalaniladi (haqiqiy natijalar, masalan, besh yillik omon qolish darajasiga qarshi) va davolash bemorning reaksiyasiga qarab aniq moslashtiriladi. Aniq tibbiyotning saraton kasalligiga qaratilgan tarmogʻi „aniq onkologiya“ deb ataladi. Ruhiy buzilishlar va ruhiy salomatlik bilan bogʻliq boʻlgan aniq tibbiyot sohasi esa „aniq psixiatriya“ deb ataladi.
Molekulyar patologiyaning shaxslararo farqi juda xilma-xildir, xuddi shuningdek ekspozomadagi shaxslararo farqlar ham mavjud boʻlib, ular kasallik jarayonlariga toʻqima mikromuhiti ichidagi interaktoma orqali odamdan odamga turlicha taʼsir qiladi. Aniq tibbiyotning nazariy asosi sifatida „noyob kasallik tamoyili“ kasallik etiologiyasi va patogenezining keng tarqalgan geterogenlik hodisasini qamrab olish uchun paydo boʻldi. Noyob kasallik tamoyili birinchi marta neoplastik kasalliklarda noyob oʻsimta tamoyili sifatida tavsiflangan edi. Ekspozoma epidemiologiyaning umumiy tushunchasi boʻlgani sababli, aniq tibbiyot aniq tibbiyot uchun potentsial biomarkerlarni aniqlashga qodir boʻlgan molekulyar patologik epidemiologiya bilan chambarchas bogʻliqdir.
Usul Shifokorlar mutatsiyaning maʼlum bir kasallik bilan bogʻliqligini bilishlari uchun tadqiqotchilar koʻpincha „butun genom boʻyicha assotsiatsiya tadqiqoti“ (GWA tadqiqoti) deb nomlanuvchi tadqiqotni oʻtkazadilar. Bunday tadqiqot bitta kasallikni oʻrganadi, soʻngra genomda umumiy mutatsiyalarni izlash uchun ushbu kasallikka chalingan koʻplab bemorlarning genomini ketma-ketlashtiradi. GWA tadqiqoti natijasida kasallik bilan bogʻliq deb topilgan mutatsiyalar keyinchalik yangi bemorlarda genom ketma-ketligini oʻrganish va oʻsha mutatsiyani topish orqali kasallikka tashxis qoʻyish uchun ishlatilishi mumkin. 2005-yilda oʻtkazilgan birinchi GWA tadqiqotida yoshga bogʻliq makula degeneratsiyasi (YBMD) bilan ogʻrigan bemorlar oʻrganilgan. Unda YBMD bilan bogʻliq boʻlgan va faqat bitta nukleotiddagi oʻzgarishni oʻz ichiga olgan ikki xil mutatsiya (bular yagona nukleotid polimorfizmi yoki SNP deb ataladi) topilgan. Bu kabi GWA tadqiqotlari kasalliklar bilan bogʻliq keng tarqalgan genetik oʻzgarishlarni aniqlashda juda muvaffaqiyatli boʻldi. 2014-yil boshiga kelib, 1300 dan ortiq GWA tadqiqotlari yakunlandi.
Kasallik xavfini baholash Koʻpgina genlar birgalikda keng tarqalgan hamda murakkab kasalliklarning rivojlanish ehtimoliga taʼsir qiladi. Shaxsiylashtirilgan tibbiyot bitta yoki bir nechta genlar asosida insonning maʼlum bir kasallikka chalinish xavfini bashorat qilish uchun ham qoʻllanishi mumkin. Ushbu yondashuv kasallik xavfini baholashga qaratilgan sekvenirlash texnologiyasidan foydalanadi, bu esa shifokorga kasallik namoyon boʻlishidan oldin profilaktik davolashni boshlash imkonini beradi. Masalan, agar DNK mutatsiyasi insonning 2-toifadagi qandli diabetga chalinish xavfini oshirishi aniqlansa, ushbu shaxs keyinchalik hayotida diabet rivojlanish ehtimolini kamaytirish uchun turmush tarzini oʻzgartirishni boshlashi mumkin.
Amaliyot Kundalik klinik sharoitlarda bemorlarga aniq tibbiy yordam koʻrsatish imkoniyati molekulyar profillash testlarining, masalan, individual embrional DNK sekvenirlashining mavjudligiga bogʻliqdir. Aniq tibbiyot hozirgi vaqtda davolashni asosan genomik testlar (masalan, Oncotype DX) asosida individual ravishda belgilasa-da, spektrometriya hamda hisoblash quvvatini birlashtirgan usullardan tortib, organizmdagi dorilar taʼsirini real vaqt rejimida tasvirlashgacha boʻlgan bir qancha istiqbolli texnologik modalliklar ishlab chiqilmoqda. Aniq tibbiyotning koʻplab turli jihatlari ilmiy-tadqiqot sharoitlarida sinovdan oʻtkazilmoqda (masalan, proteoma, mikrobioma), biroq kundalik amaliyotda barcha mavjud maʼlumotlar qoʻllanilmaydi. Aniq tibbiyot bilan shugʻullanish imkoniyati shifokorlarga test natijatlari asosida chora koʻrishda yordam beradigan bilimlar bazasiga ham bogʻliqdir. Diagnostikasi qoʻyilmagan kasallikka chalingan shaxslar guruhiga omikaga asoslangan aniq tibbiyotni qoʻllagan dastlabki tadqiqotlar natijasida tashxis qoʻyish darajasi taxminan 35% ni tashkil etdi, yangi tashxis qoʻyilgan bemorlarning har 5 tasidan 1 tasiga davolash usulini oʻzgartirish boʻyicha tavsiyalar berildi. Farmakogenetika yanada rivojlanib, individual davolash reaksiyalarini bashorat qilishga qodir boʻlguniga qadar, N-of-1 (bitta bemorda oʻtkaziladigan) sinovlari bemorlarning davolash choralariga boʻlgan munosabatini aniqlashning eng yaxshi usuli ekanligi taxmin qilingan.
Davolash nuqtai nazaridan, shaxsiylashtirilgan tibbiyot farmatsevtika dorixonalarida dorilarni retsept boʻyicha tayyorlash orqali tayyorlanadigan dori aralashmalari kabi moslashtirilgan tibbiy mahsulotlarni yoki individual ravishda ishlab chiqarilgan asboblarni qoʻllashni oʻz ichiga olishi mumkin. U shuningdek dorilarning zararli oʻzaro taʼsirini oldini olishi, dori-darmonlarni buyurishda umumiy samaradorlikni oshirishi hamda sogʻliqni saqlash xarajatlarini kamaytirishi mumkin.
Davlat tomonidan moliyalashtiriladigan genomikadan kimlar foyda koʻrayotgani sogʻliqni saqlash sohasidagi muhim masala hisoblanadi hamda genomik tibbiyotning joriy etilishi ijtimoiy tenglik bilan bogʻliq muammolarni yanada kuchaytirmasligini taʼminlash uchun alohida eʼtibor talab etiladi.
Aniq tibbiyotda sunʼiy intellekt