Massachusets texnologiya instituti va Harvard qoshidagi Broad instituti yoki shunchaki Broad instituti — AQShning Kembrij shahrida joylashgan biotibbiyot va genomika tadqiqot markazi. Mazkur institut Broad Institute Inc. nomi ostida 501(c)(3) moddasiga muvofiq notijorat tadqiqot tashkiloti sifatida mustaqil ravishda boshqariladi va moliyalashtiriladi. U Massachusets texnologiya instituti, Harvard universiteti hamda Harvardga qarashli beshta oʻquv shifoxonasi bilan hamkorlikda faoliyat yuritadi.

Tarixi Broad instituti Massachusets texnologiya instituti va Harvard olimlari oʻrtasidagi oʻn yillik tadqiqot hamkorligi natijasida shakllandi. Uning asosiy poydevorlaridan biri Massachusets texnologiya instituti qoshidagi Uaytxed institutining Genom tadqiqotlari markazi edi. 1982-yilda tashkil etilgan Uaytxed instituti genomika hamda „Inson genomi“ xalqaro loyihasining yirik markaziga aylandi. Uaytxed instituti olimlari hali 1995-yildayoq genomik tibbiyot sohasida sinov loyihalarini boshlab yuborishgan edi; bu esa saraton va inson genetikasiga genomik yondashuvlar bilan qiziqadigan yosh olimlar oʻrtasida norasmiy hamkorlik tarmogʻining shakllanishiga zamin yaratdi. Institutning yana bir poydevori — kimyoviy genetikani akademik fan sifatida rivojlantirish maqsadida 1998-yilda Harvard tibbiyot maktabi tomonidan tashkil etilgan Kimyo va hujayra biologiyasi instituti boʻldi. Uning skrining markazi akademik muhitda ochilgan dastlabki yuqori samarali resurslardan biri hisoblanib, u dunyo boʻylab 81 dan ortiq tadqiqot guruhlari uchun kichik molekulali skrining loyihalarini amalga oshirishga koʻmaklashdi.

Ochiq muloqotga asoslangan, hamkorlikka yoʻnaltirilgan, fanlararo va har qanday miqyosdagi loyihalarni tashkil etishga qodir yangi tuzilmani yaratish maqsadida, 2002–2003-yillarda filantroplar Eli va Edythe Broad, shuningdek, Massachusets texnologiya instituti, Uaytxed instituti, Harvard hamda Harvardga qarashli klinik shifoxonalar (xususan, „Beth Israel Deaconess“ tibbiyot markazi, „Brigham and Womenʼs“ shifoxonasi, Boston bolalar shifoxonasi, „Dana–Farber“ saraton instituti va Massachusets umumiy kasalxonasi) oʻrtasida rejalashtirish ishlari olib borildi.

Eli va Edythe Broad muassasa poydevori uchun 100 million AQSh dollari miqdorida boshlangʻich xayriya mablagʻi ajratishdi va Broad instituti 2004-yil may oyida rasman oʻz faoliyatini boshladi. 2005-yil noyabr oyida ular institutga yana qoʻshimcha 100 million dollar ajratishlarini eʼlon qilishdi. 2008-yil 4-sentyabrda esa er-xotin Broadlar institutni doimiy muassasaga aylantirish maqsadida uning daxlsiz jamgʻarmasiga 400 million dollar oʻtkazganliklarini maʼlum qilishdi. 2013-yil noyabr oyida ular institutdagi tadqiqotlarning ikkinchi oʻn yilligini moliyalashtirish uchun yana qoʻshimcha 100 million dollar sarmoya kiritishdi.

Amerika Qoʻshma Shtatlarida kechgan COVID-19 pandemiyasi davrida Broad instituti AQShning shimoli-sharqiy qismidagi 100 ga yaqin kollej va universitetlar uchun koronavirus tahlili boʻyicha laboratoriya testlarini oʻtkazdi. 2020-yil sentyabr holatiga koʻra, Broad instituti mamlakat miqyosida oʻtkazilayotgan har 20 ta COVID-19 testidan bittasini tahlil qilish darajasiga yetgan edi.

Tashkiliy tuzilishi Broad instituti tarkibida Harvard, MIT va Harvardga qarashli klinik shifoxonalardan jalb etilgan 24 nafar asosiy professor-oʻqituvchilar hamda 195 nafar oʻrindosh aʼzolar faoliyat olib boradi.

Broad instituti uch turdagi tashkiliy boʻlinmalardan iborat: asosiy aʼzolarning laboratoriyalari, tadqiqot dasturlari hamda platformalar. Institutning ilmiy-tadqiqot dasturlari qatoriga quyidagilar kiradiBroad Programs , Broad Institute official website (retrieved October 30, 2012).:

Saraton dasturi Tibbiy va populyatsion genetika dasturi Genom biologiyasi va hujayra zanjirlari dasturi Kimyoviy biologiya dasturi Metabolizm dasturi Yuqumli kasalliklar dasturi Broad instituti qoshidagi Stenli psixiatrik tadqiqotlar markazi Genom ketma-ketligini aniqlash va tahlil qilish dasturi Epigenomika dasturi Umurtqalilar genomikasi dasturi

Broad institutining platformalari professional olimlar jamoalaridan iborat boʻlib, ular Broad va boshqa tadqiqotchilar oʻz izlanishlarini olib borishida foydalanadigan texnologik vositalarni kashf etish, rivojlantirish va optimallashtirishga eʼtibor qaratadi. Ushbu platformalar qatoriga quyidagilar kiradiBroad Platforms , Broad Institute official site (retrieved October 24, 2013).:

Maʼlumotlar ilmi platformasi Genomika platformasi Tasvirlash platformasi Metabolitlarni profillash platformasi Proteomika platformasi Genetik perturbatsiya platformasi Terapevtika platformasi Terapevtik loyihalar guruhi

Broad instituti, shuningdek, institutning kreativ direktori Bang Wong rahbarligidagi „Maʼlumotlarni vizualizatsiya qilish tashabbusi“ni ham qoʻllab-quvvatlaydi; ushbu loyiha tadqiqot natijalarini chuqurroq oʻrganish va yetkazish uchun maʼlumotlar vizualizatsiyasini ishlab chiqishga qaratilgan.

Manbalar

Turkum:Biotexnologiya Turkum:Genetika yoki genomika ilmiy-tadqiqot muassasalari Turkum:Garvard tibbiyot maktabi Turkum:AQSHdagi laboratoriyalar Turkum:Massachusetsdagi tibbiy tadqiqot institutlari Turkum:Garvard universitetining ilmiy-tadqiqot institutlari