Shahzoda Mehmed Salohiddin afandi (; 1861-yil 5-avgustda tugʻilgan — 1915-yil 29-aprelda vafot etgan) — Usmoniylar shahzodasi, sulton Murod V va Reftarıdil Kadınning farzandi. Sulton Murod V ning omon qolgan yagona oʻgʻli.

Yoshligi Shahzoda Mehmed Salohiddin 1861-yil 5-avgustda Dolmabahçe saroyida tugʻilgan. Uning otasi sulton Murod V sulton Abdulmajid I va Shevkefza xotunning oʻgʻli, onasi esa Reftarıdil Kadın boʻlgan. U otasining to‘ng‘ich farzandi va omon qolgan yagona o‘g‘li, onasining esa yagona farzandi edi. Uning tug‘ilishi o‘sha davr qoidalariga zid edi, chunki bu qoidalarga ko‘ra, Usmoniylar shahzodalari taxtga chiqquncha farzand ko‘rmasliklari lozim edi. Biroq amakisi sulton Abdulaziz istisno tariqasida Murodni buning uchun jazoga tortmagan, chunki Abdulazizning oʻzi ham bir paytlar shunday xatoga yoʻl qoʻygan va shu sababli bu qoidaga unchalik eʼtibor bermagan. Keyinchalik Murod sulton boʻlishidan avalla yana 4 farzand koʻrdi. Ular: Shahzoda Sulaymon, Shahzoda Sayfiddin, Hadicha Sulton va Fahima Sulton.

Abdulmajid 1861-yilda vafot etib, uning ukasi sulton Abdulaziz taxtga chiqqach, Murod valiahd shahzoda boʻldi. Uning oilasi Abdulaziz tomonidan ajratilgan Kurbağalıderedagi qasrda yashadi. Ular qish faslini Dolmabahçe saroyidagi valiahd shahzodalar uchun moʻljallangan xonadonlarda va Nisbetiye saroyida oʻtkazardi.

Salohiddin 1870-yilda sunnat qilindi. U bilan birga amakilari Shahzoda Salim Sulaymon, Shahzoda Mehmed Vahididdin (boʻlajak sulton Mehmed VI), Abdulmajid I ning oʻgʻillari Shahzoda Yusuf Izzeddin, Shahzoda Mahmud Jaloliddin, sulton Abdulazizning oʻgʻillari va Abdulmajidning qizi Munira Sultonning oʻgʻli Sultonzoda Alouddin bey ham sunnat qilingan.

Salohiddin boshlangʻich ta'limini Dolmabahçe saroyidagi Shahzodalar maktabida olgan. Uning murabbiyi Sulaymon ogʻa boʻlgan. Shahzodalar maktabini tamomlagach, u Usmoniylar harbiy kollejiga oʻqishga kirgan.

Qamoq Murodning taxtdan agʻdarilishi Salohiddinning otasi Murod amakisi Abdulazizni taxtdan agʻdardi va 1876-yil 30-mayda taxtga chiqdi. Shundan soʻng uning oilasi Dolmabahçe saroyiga koʻchib oʻtdi. Biroq sulton Murod V atigi 3 oy hukmronlik qildi, biroq ruhiy beqarorligi sababli 1876-yil 30-avgustda taxtdan tushirildi va Çırağan saroyida qamoqqa olindi. Salohiddin ham harbiy kollejdan chiqarildi. U va onasi ham sobiq sulton Murod bilan birga qamoqda saqlandi. Oʻsha paytda Salohiddin 15 yoshda edi. Uning xonalari saroyning pastki qavatida joylashgan.

Ali Suaviy voqeasi

1878-yil 20-mayda Murodni Çırağan saroyidan ozod qilib, uni yana taxtga qaytarish uchun urinish amalga oshirildi. Fitnaga Murodning aka-ukalari Shahzoda Ahmad Kamoliddin va Shahzoda Salim Sulaymon, opa-singillari Fotima Sulton, Seniha Sulton hamda uning eri Mahmud Jaloliddin posho aralashgan edi. Ularning barchasi qonuniy sulton ya'ni Murodning qayta taxtga oʻtirishini istashardi. Voqea chogʻida Abdulhamidning avtoritar rejimiga qarshi radikal siyosiy muxolif Ali Suaviy yaqinda boʻlib oʻtgan Rus-turk urushi qochqinlaridan iborat qurollangan guruh bilan saroyga bostirib kirdi. Salohiddin qoʻriqchilardan qochib, sodiq xizmatchisi Tirendaz xalfa ortidan saroy yaqinida langar tashlab turgan Masudiya jangovar kemasiga yoʻl oldi. U yerda Murodni ham olib, uning taxtga chiqqanini eʼlon qilish rejalashtirilgan edi. Murod kemaga yetib bora olmadi, biroq Salohiddin kemaga borishga ulgurdi. Ali Suaviyning odamlari Beshiktosh politsiya boshligʻi Haoji Hasan poshoning qattiq qarshiligini yenga olmadi. Fitna barbod boʻldi, Ali Suaviy va uning odamlarining aksariyati oʻldirildi. Shundan soʻng Salohiddin saroyga qaytdi. Shundan soʻng Çırağan saroyini qoʻriqlash choralari yanada kuchaytirildi.

Qamoqdagi hayot

Murod atrofidagilarni davolash uchun tayinlangan Rifat posho Salohiddinga tibbiyotdan biroz saboq berishni taklif qildi. Salohiddin bu taklifni mamnuniyat bilan qabul qildi. Ikkalasi Salohiddin qandaydir xastalikdan aziyat chekayotgani haqida aytishga kelishib oldi. Shundan soʻng Rifat posho saroyga tez-tez keladigan boʻldi: avval rostdan kasal boʻlishi mumkin boʻlganlarni davolar, keyin Salohiddin bilan bir xonaga kirib olib, u bilan mashgʻulot oʻtar edi. Rifat posho muhim narsalarni Salohiddinga diktovka qilardi, Salohiddin esa yozib olar, soʻng kechasi oʻtirib yodlar edi. Shu tarzda tibbiyotni oʻrganishi juda foydali boʻlib chiqdi: bir kuni u hatto otasini ham davoladi.

Shevkefza xotun 1889-yilda vafot etgach, Murod butun mehr va eʼtiborini farzandlariga qaratdi. Salohiddin qaygʻuda unga hamroh boʻldi va ikkalasi birga oʻtgan kunlarni eslab hamda kelajak haqida mulohaza qilib, uzoq soatlarni oʻtkazar edi. Bir muddat ota-bola Masnaviyga qiziqib, undan baytlarni soatlab oʻqib berishar va bundan katta zavq olishardi. Shu davrda Salohiddin kundalik ham yozgan boʻlib, unda otasining yaqin oilasi va ularning xizmatchilari qamovdagi kundalik hayoti bayon etilgan.

Shaxsiy hayoti Murod V ning qizlariga nihoyat turmushga chiqishga faqat Chirogʻon saroyiga hech qachon qaytmasliklari va shu tariqa oilani boshqa koʻrmasliklari sharti bilan ruxsat berilgan boʻlsa-da, Salohiddinga saroy ichida oʻz haremini saqlashga ruxsat etildi.

Uning birinchi xotini Diloviz xonim. boʻlib, Dilâru nomi bilan ham tanilgan. U gruzin yoki laz boʻlgan va ikki yoshga yetmasidan avval Batumidan badavlat oila tomonidan olib ketilib, Istanbulda oʻsha oilada ulgʻaygan. U Albaniya, Suriya va Batumi mintaqasida boʻlgan. 1874-yilda oʻz xonimi bilan Istanbulga kelib, Seniha Sulton Seniha Sultonning eri Mahmud Jaloliddin posho saroyiga kelgach, oʻz roziligi bilan sotilgan. Sulton Murod 1876-yilda taxtga chiqqanda posho uni yana toʻqqiz qiz bilan birga saroyga taqdim etdi. U Salohiddinga berildi. Ular 1877-yil 13-martda turmush qurdi. U 1878-yilda tugʻilgan Aysha Beyhan Sultonning onasi edi. Koʻp oʻtmay u sil kasalligiga chalinib, shundan soʻng Yildiz saroyidagi Malta paviloniga koʻchirildi. U 1880-yil 29-iyunda vafot etdi va Yahyo Efendi qabristoniga dafn qilindi.

Uning ikkinchi xotini Tevhide Zotigul xonim edi. U 1864-yil 25-yanvarda Gruziyadagi Batumida tugʻilgan. Gulshen nomi bilan tugʻilgan u, Ibrohim Bey (1885-yilda vafot etgan) va uning rafiqasi Xonimning qizi edi. Uning uch akasi — Husayn Bey, Umar Bey va Shehabiddin Bey, hamda Nasibe yoki Hasibe xonim ismli bir singlisi bor edi. U 1876-yilda yoki undan oldin sulton Murod atrofidagilar safida kalfa sifatida saroy xizmatini boshlagan. Ular 1878-yil 3-dekabrda turmush qurdi. U 1882-yilda tugʻilgan Jalila Sulton, 1885-yilda tugʻilgan Rukiye Sulton. 1887-yilda tugʻilgan Odila Sulton, 1889-yilda tugʻilib vafot etgan Shahzoda Mehmed, va 1891-yilda tugʻilgan Emine Atiye Sultonning onasi edi. U 1896-yil 8-aprelda vafot etdi va Yahyo Efendi qabristoniga dafn qilindi.

Uning uchinchi xotini Zeliha Vasfijahon xonim edi. U 1876-yilda sulton Murod taxtga chiqqanda Mahmud Jaloliddin posho tomonidan yana toʻqqiz qiz bilan birga saroyga taqdim etilgan. U Salohiddinning buvisi Shevkefza xotunga berilgan. Ular 1879-yil fevralida turmush qurdi. U 1880-yilda tugʻilgan Shahzoda Livaeddinning onasi edi. Ikkalasi 1882-yilda ajrashdi, shundan soʻng u Yildiz saroyidagi Orta pavilonida yashashga bordi. U yerda toʻrt oy qolib, keyin Madinada yashashga yuborildi va unga oyiga 500 piastr nafaqa belgilandi. Biroq nafaqa toʻlanmay, u tikuvchilik ustaxonasida ishladi. Keyin Hijozga ketdi va 1909-yilda Istanbulga qaytdi.

Uning toʻrtinchi xotini Naziknaz xonim edi. U 1860-yilda tugʻilgan. U 1881-yilda tugʻilgan Behiye Sulton, 1883-yilda tugʻilgan Shahzoda Ahmad Nihad va 1887-yilda tugʻilgan Behice Sultonning onasi edi. U 1928-yilda Fransiyaning Nitsa shahrida vafot etdi.

Uning beshinchi xotini Gulter xonim edi. U 1867-yilda tugʻilgan. U 1887-yilda tugʻilgan Safiye Sultonning onasi edi. U 1895-yil 17-fevralda vafot etdi va Yahyo Efendi qabristoniga dafn qilindi.

Uning oltinchi xotini Jalefer xonim edi. U 1872-yil 19-avgustda. Kavkazdagi Kars shahrida tugʻilgan, Ular 1891-yilda turmush qurdi. U 1895-yilda tugʻilgan Shahzoda Usmon Fuadning onasi edi. U 1937-yil 7-aprelda Istanbulda vafot etdi.

Uning yettinchi xotini Jemile Dilberiston xonim edi. U 1880-yilda tugʻilgan. U 1896-yilda tugʻilib vafot etgan Shahzoda Mehmed Nijod Nejad va 1898-yilda tugʻilgan Shahzoda Mehmed Nomiq Voniqning onasi edi, 1934-yilda Familiya to‘g‘risidagi qonunga muvofiq u „Hakgil“ familiyasini oldi. U 1966-yil 12-yanvarda Istanbulda vafot etdi.

Soʻnggi yillari va vafoti Salohiddin tibbiy bilimlari bilan yordam berishga uringan Murod 1904-yilda vafot etgach, Salohiddinning Chirogʻon saroyidagi mashaqqatlari yakunlandi. Shundan soʻng u Uskudardagi Feneryolu villalaridan biriga koʻchib oʻtdi. Yuksak zakovatli shahzoda boʻlishiga qaramay, qamovda koʻp yillar oʻtkazgani bois Salohiddin maʼnaviy va jismonan vayron boʻlib qolgan edi. U vaqtidan oldin qarib qolgan, 1908-yildagi ikkinchi konstitutsiyadan soʻng hukumat tomonidan berilgan nafaqa esa uning moliyaviy inqirozini bartaraf eta olmagan. U 1915-yil 29-aprelda 53 yoshida vafot etdi; otasidan bor-yoʻgʻi oʻn bir yilga koʻproq umr koʻrdi va ortida ikki oʻgʻil hamda toʻrt qiz qoldirdi. U Istanbuldagi Yahyo Efendi qabristonida Shahzoda Ahmad Kamoliddin maqbarasiga dafn qilindi.

Mukofotlari Usmoniylar uyi ordeni Sharaf ordeni Sharaf ordeni Usmoniya ordeni Majidiya ordeni

Farzandlari Oʻgʻillari Shahzoda Mehmed Salohiddinning 8 nafar oʻgʻli boʻlgan:: Shahzoda Mehmed Livaeddin (1880-yil 25-iyun — 1882-yil 1-avgust) — Zeliha Vasfijahon xonim bilan nikohidan tugʻilgan oʻgʻli. Çırağan saroyida tugʻilib, shu yerda vafot etgan. Shahzoda Ahmad Nihod (1883-yil 6-iyul — 1954-yil 4-iyun) — Naziknaz xonim bilan nikohidan tugʻilgan oʻgʻli. Uning 3 xotini va 1 oʻgʻli boʻlgan. Usmoniylar xonadonining 38-boshligʻi. Shahzoda Usmon Fuad (1885-yil 25-fevral — 1973-yil 22-may) — Jalefer xonim bilan nikohidan tugʻilgan oʻgʻli. Usmoniylar xonadonining 39-boshligʻi. Shahzoda Mehmed (1889-yil 23-mart — 1889-yil 23-mart) — Tevhide Zotigul xonim bilan nikohidan tugʻilgan oʻgʻli. Çırağan saroyida tugʻilib, shu yerda vafot etgan. Shahzoda Mehmed (1891-yil 2-mart — 1891-yil 2-mart) — onasining kimligi nomaʼlum. Çırağan saroyida tugʻilib, shu yerda vafot etgan. Shahzoda Mehmed Nijod Najod (1896-yil 3-mart — 1896-yil 3-mart) — Jemile Dilberiston xonim bilan nikohidan tugʻilgan oʻgʻli. Çırağan saroyida tugʻilib, shu yerda vafot etgan. Shahzoda Mehmed Vomiq Nomiq (1898-yil 24-iyun — 1899-yil 18-sentyabr) — Jamila Dilberiston xonim bilan nikohidan tugʻilgan oʻgʻli. Çırağan saroyida tugʻilib, shu yerda vafot etgan. Shahzoda Nureddin  — onasining kimligi nomaʼlum. Çırağan saroyida oʻlik tugʻilgan.

Qizlari Shahzoda Mehmed Salohiddinning 8 nafar qizi boʻlgan : Oysha Beyhan Sulton (1878-yil 17 iyul — 1878-yil 17-dekabr) — Diloviz xonim bilan nikohidan tugʻilgan qizi, Çırağan saroyida tugʻilib, shu yerda vafot etgan. Behiye Sulton (1881-yil 29-sentyabr — 1948-yil 5-mart) — Naziknaz xonim bilan nikohidan tugʻilgan qizi. Bir marta turmushga chiqqan, farzand koʻrmagan. Jalila Sulton (1882-yil 5-mart — 1899-yil 24-noyabr) — Tevhide Zotigul xonim bilan nikohidan tugʻilgan qizi. Çırağan saroyida tugʻilgan. Bobosi Murod V uning sharafiga polka bastalagan. Çırağan saroyida tifdan vafot etgan va Yahyo afandi qabristoniga dafn qilingan. Rukiye Sulton (1885-yil 1 iyun — 1971-yil 16 iyun) — Tevhide Zotigul xonim bilan nikohidan tugʻilgan qizi. Çırağan saroyida tugʻilgan. 1910-yil 17-fevralda Ortaköy saroyida Sherif Mehmed Abdulmajid Haydar Beyga turmushga chiqqan, 1913-yil aprelida Göztepe saroyida nikohdan oʻtgan. Juftlik farzand koʻrmagan. Istanbulda vafot etib, Zincirlikuyu qabristoniga dafn qilingan. Adile Sulton (1887-yil 10-fevral — 1973-yil 6-dekabr) — Tevhide Zotigul xonim bilan nikohidan tugʻilgan qizi. Ikki marta turmushga chiqqan, bir qizi boʻlgan.