Shahzoda Ahmad Nuriddin afandi (; 1901-yil 22-iyun — 1945-yil 2-iyun) — Usmoniylar shahzodasi, sulton Abdulhamid II va uning rafiqasi Behice xonimning oʻgʻli.
Yoshligi Shahzoda Ahmad Nuriddin 1901-yil 22-iyunda Yıldız saroyida tugʻilgan. Uning otasi Abdulhamid II sulton Abdulmajid I va Tirimüjgan Kadınning oʻgʻli boʻlgan. Onasi Behice xonim esa Albus bey Maan va Nazli xonim Kuchbaning qizi edi. Uning shahzoda Mehmed Badriddin ismli egizak akasi boʻlgan, biroq u 1903-yilda bolaligida vafot etgan. Shahzoda Ahmad sulton Abdulhamid II ning oltinchi oʻgʻli boʻlgan. Unga vafot etgan amakisi Shahzoda Ahmad Nuriddinning (1852 — 1884) sharafiga shunday ism berilgan.
1909-yil 27-aprelda Abdulhamid II taxtdan agʻdarilib, Salonikiga surgun qilindi. Nuriddin esa Istanbulda qoldi. U va onasi avval oʻgay opasi Zekiye Sultonnikiga koʻchib oʻtdi, keyin esa Beshiktoshdagi ona tomondan bobo-buvilarining uyiga joylashdi. Soʻng 1911-yilda Maslak saroyiga koʻchdi. 1912-yilda Saloniki Gretsiya qoʻliga oʻtgach, Abdulhamid ham Istanbulga qaytib, Beylerbeyi saroyiga joylashdi va shu yerda 1918-yilda vafot etdi.
Taʼlimi va faoliyati 1902-yil oktyabr oyda u Ertugʻrul otliq polkiga roʻyxatga olindi. 1908-yil dekabrda esa Usmoniylar harbiy kollejiga qabul qilindi. Shahzoda 1915-yil martda Galatasaroy litseyiga oʻqishga kirdi. 1916-yilda Germaniyaga yuborilib, u yerda Potsdam harbiy akademiyasida tahsil oldi. Keyinchalik Usmoniylar armiyasida otliq qoʻshin leytenanti sifatida xizmat qildi.
Shahzoda Ahmad Arenda poshodan musiqani oʻrgangan. Shuningdek, u bastakor va rassom ham boʻlgan.
Shaxsiy hayoti Nuriddinning yagona rafiqasi Oysha Andalib xonim edi. U 1902-yil 2-avgustda Adapazarida tugʻilgan. Uning otasi Husayn Husnu posho Akintsba (1860 — 1915), onasi esa Fotima Shodiya Ezerakin (1868 — 1937-yil 15-avgust) boʻlgan. Uning Mahmud Jaloliddin Akinchigil va Mehmed Sadreddin Ozerakin ismli ikki akasi hamda Hadicha Kudsiye Ozerakin ismli opasi bor edi. Nuriddin va Oysha ilk bor Yildiz bogʻida uchrashgan, bu paytda Andalib Hilol-i Ahmer jamiyati uchun xayriya mablagʻlari yigʻayotgan edi.
Ular 1919-yil 5-may kuni Maslak saroyida turmush qurishdi. 1924-yilda Usmoniylar oilasi surgun qilingach, Oysha Andalib erining ortidan Fransiyaning Parij shahriga bordi. U yerda ularning yagona farzandi, oʻgʻli Shahzoda Mehmed Badriddin tugʻildi, biroq u yoshligida Parijda vafot etdi. Shahzoda 1944-yilda vafot etgach, Oysha Andalib Turkiyaga qaytdi. „Familiya toʻgʻrisidagi qonun“ga muvofiq unga „Özerakin“ familiyasi berildi. Oysha Andalib 1980-yil 15-iyulda Istanbulning Beshiktosh tumanidagi Dutluk Sokağıda vafot etdi va Sütlücedagi Kulaksiz qabristoniga dafn etildi.
Surgundagi hayoti va vafoti
1924-yil mart oyda Usmoniylar oilasi surgun qilingach, Nuriddin, uning rafiqasi va murabbiyi Halil bey Italiyaning Neapol shahriga joylashdi. Keyinroq ularga onasi va qaynogʻasi Jaloliddin bey ham qoʻshildi. 1925-yil 14-yanvarda Ahmad Nuriddin mashhur turkiyalik yahudiy advokat va muallif Sami Günzbergga ishonchnoma berib, Abdulhamid tomonidan Turkiya hududida va boshqa joylarda qoldirilgan bino, yer, kon va imtiyozlarni bosqinchilardan qaytarib olish vakolatini berdi.
Ularning puli tugab qolganida onasi yoki rafiqasining taqinchoqlarini sotib kun oʻtkazishdi. Ona tomondan buvisi ham vaqti-vaqti bilan oz miqdorda pul yuborib turardi. Biroq vaqt oʻtishi bilan tirikchilik qilish qiyinlashib, Ahmad Nuriddin ish topish uchun Parijga ketdi. Bu davrda u oʻgay opasi Shodiya Sulton bilan yashadi. Mos ish topa olmagach, u kafelarda pianino va baraban chalib, uch-besh kuruş evaziga kun kechirdi. Shahzoda Ahmad Nuriddin 1945-yil iyunda vafot etdi va Bobigny qabristoniga dafn qilindi.
Unvon va mukofotlari Usmoniylar uyi ordeni, 1917-yil may Usmoniya ordeni Majidiya ordeni Liyoqat oltin harbiy medali Imtiyoz oltin harbiy medali
Harbiy lavozimlari Harbiy unvonlari va armiyadagi lavozimlari Usmoniylar armiyasi otliq qoʻshin leytenanti
Farzandlari Ismi Tavalludi Vafoti Izohlar Shahzoda Mehmed Badriddin 1925-yildan keyin Otasining egizagi sharafiga shunday ism berilgan. Fransiyaning Parij shahrida tugʻilgan va yoshligida vafot etgan.
Serialda 2017-yilgi „Payitaht: Abdülhamid“ teleserialida shahzoda Ahmad Nuriddin rolini turk aktyori Alp Akar ijro etgan.
Nasabi
Manbalar
Adabiyotlar
Turkum:1901-yilda tugʻilganlar Turkum:1945-yilda vafot etganlar Turkum:Usmoniylar imperiyasi shahzodalari Turkum:Sultonlarning oʻgʻillari Turkum:Xalifalarning oʻgʻillari