Shahzoda Abbos Hilmi (; 1941-yil 16-oktyabrda tugʻilgan) — Misr Xadivligi va Usmoniylar shahzodasi, moliya menejeri. Muhammad Ali sulolasi aʼzosi, Shahzoda Muhammad Abdulmunʼim va uning rafiqasi Usmoniy malika Fotma Neslişah Sultonning yagona oʻgʻli, Misr xadivi Abbos Hilmi II Beyning nabirasi.

Yoshligi Abbos Hilmi 1941-yil 16-oktyabrda Qohirada tugʻilgan. Unga ota tomondan bobosi, Misrning soʻnggi xadivi Abbos Hilmi II sharafiga shunday ism qoʻyilgan. U Ismoil poshoning eng yoshi katta erkak naslidan boʻlib, shu bois 1866-yilgi vorislik qoidalariga koʻra Misr taxti vorisligi navbatida birinchi oʻrinda boʻlgan. Biroq 1914-yilda Britaniya Misr ustidan protektorat eʼlon qilgach, bu qoidalar toʻxtatildi. Abbos Hilmi II taxtdan agʻdarildi, uning oʻgʻli Muhammad Abdulmunʼim esa valiahd shahzoda maqomini yoʻqotdiMontgomery-Massingberd 1980, p. 35. Taxt Abbos Hilmi II ning amakilari Husayn Komil va Fuod I ga oʻtdi. 1922-yil 13-apreldagi Qirollik farmoni Abbos Hilmi II ni taxt vorisligidan chiqarib tashladi, biroq ushbu hujjatda „bu istisno uning oʻgʻillari va ularning zurriyotiga tatbiq etilmaydi“ deb qayd etilgan edi. Bu esa shahzoda Muhammad Abdulmunʼim va uning oʻgʻli shahzoda Abbos Hilmining taxtga daʼvogarlik huquqi saqlanib qolganini va Misr Qirolligidagi ustuvorlik tartibida yuqori oʻrinni egallashda davom etganini anglatar edi.

Usmoniylar imperiyasining ikki sultoni Mehmed VI va Abdulmajid II Abbos Hilmining ona tomondan bobolari boʻlganMontgomery-Massingberd 1980, p. 247. Agar Usmoniylar monarxiyasi 1922-yilda tugatilmaganida shahzoda Abbos Hilmi Misrdagi shahzodalik unvonidan tashqari sultonning qizlarining oʻgʻillariga beriladigan sultonzoda unvonini ham olgan boʻlardi.

1952-yil iyul oyda Erkin zobitlar harakati inqilob boshladi. Ushbu harakat natijasida Misr qiroli Foruq Itaxtdan voz kechishga majbur qilindi, taxt uning hali goʻdak boʻlgan oʻgʻli qirol Fuod II foydasiga topshirildi. Fuod II hali voyaga yetmaganligi sababli Shahzoda Muhammad Abdulmun’im yangi harbiy hukmdorlar tomonidan regent etib tanlandi. U avval vaqtinchalik regentlik kengashi rahbari, keyin esa yagona regent shahzoda sifatida belgilandi. Biroq u bu lavozimda uzoq qolmadi, chunki 1953-yil 18-iyunda Misr monarxiyasi rasman bekor qilindi. Shahzoda Muhammad Abdulmunʼim va uning rafiqasi Neslişah 1957-yilda hibsga olinib, Jamol Abdul Nosirga qarshi fitnada ishtirok etganlikda ayblandi. Inqilobiy yangi rejim bilan munosabatlarning yomonlashuvi ularning surgun qilinishiga olib keldi. Natijada, ularning oʻgʻli shahzoda Abbos Hilmi hayotining katta qismini Angliya va Fransiyada oʻtkazdi.

Biznes faoliyati Angliyaning Street qishlogʻida joylashgan Millfield maktabida taʼlim olgan shahzoda Abbos Hilmi oliy taʼlimni Oksforddagi Christ Church kollejida davom ettirdi. U 1968-yilda Grieveson Grant & Co. kompaniyasiga qoʻshilishidan avval bank va sugʻurta brokerlik tashkilotida ishladi. U London shahridagi eng yirik aksiyadorlik brokerlaridan biri boʻlgan Grieveson Grant & Co. kompaniyasi tarkibida 1981-yilgacha faoliyat yuritdi. 1970-yilda Abbos Hilmi London fond birjasining ilk xorijiy aʼzosi sifatida tarixga kirdi. Uning ushbu kompaniyaga aʼzo boʻlishiga bundan avval faqatgina Britaniya fuqarolari bilan cheklagan 21-qoidaga kiritilgan oʻzgartirish imkon berdi. Grieveson Grant & Co.dan ketgach, shahzoda Abbos Hilmi Schroder Asseily & Co. kompaniyasida bosh menejer (1981–1983), soʻng Hilmi and Associates kompaniyasida rais (1983–1986) boʻlib ishladi. U yerda, asosan, moliyaviy boshqaruv va loyihalarni moliyalashtirish topshiriqlari bilan shugʻullandi. Londonda Kidder, Peabody & Co. kompaniyasida 3 yil vitse-prezident boʻlib ishlagach (1986–1989), 1989-yilda tashkil topganiga atigi 1 yil boʻlgan Concord Group tarkibiga qoʻshildi. Abbos Hilmi 1994-yilda Concord Groupning Qohiradagi ofisini ishga tushirgan uch kishilik jamoa tarkibida edi. Shundan beri Misr guruhning asosiy yoʻnalishiga aylandi. Abbos Hilmi boshqarayotgan aktivlarning yarmidan koʻpi ($3.4 mlrddan $2.8 mlrdi) Misr qimmatli qogʻozlariga yoʻnaltirilgan. Concord hozirda Misrdagi eng yirik aktivlarni boshqarish kompaniyalaridan biri hisoblanadi. U boshqaradigan fondlardan biri Egypt Investment Company Ltd „International Herald Tribune“ gazetasi tomonidan bir necha bor dunyodagi eng yuqori daromad koʻrsatgan fond sifatida qayd etilgan. Shahzoda Abbos Hilmi hanuz Concordda faoliyat yuritadi va u yerda katta boshqaruvchi direktor lavozimini egallab turibdi.

Madaniy sohadagi faoliyati 1994-yilda Misrga qaytganidan keyin Abbos Hilmi oilasining meʼmoriy merosini saqlashga ancha vaqt ajratdi. U 2004–2008-yillarda katta bobosi Tavfiq posho maqbarasini taʼmirlash uchun zarur mablagʻ ajratilishida muhim rol oʻynadi. U yerda Abbos Hilmi oʻzi uchun dafn joyini ham band qilib qoʻygan. 2006-yilda u Manial saroyi muzeyi doʻstlari uyushmasini tuzdi. Bu uyushma uning katta amaki buvasi Shahzoda Muhammad Alining saroyini saqlash ishlari bilan shugʻullanadi.

Nikohi va farzandlari 1969-yilda shahzoda Abbos Hilmi Mediha Mumtoz (1945-yilda tugʻilgan) ismli ayolga uylangan. Diniy nikoh marosimi 1-iyunda Istanbulda oʻtkazilgan, fuqarolik nikohi esa 20-iyunda Londondagi Kensington roʻyxatga olish idorasida qayd etilgan. Mediha — Misr qirollik oilasining asoschisi Muhammad Ali poshoning opa-singillaridan birining avlodi boʻlgan Ahmad Midhat Abbos Yegʻenning ona tomondan nabirasi hisoblanadi. Shunday qilib, shahzoda Abbos Hilmi va uning rafiqasi Mediha Mumtoz nasab jihatidan qarindosh. Ularning Sabiha Fotima (1974-yilda tugʻilgan) ismli bir qizi va Dovud Abdulmunʼim (1979-yilda tugʻilgan) ismli bir oʻgʻli bor. 2005-yil holatiga koʻra, shahzoda Abbos Hilmining yagona singlisi Iqbol (1944-yilda tugʻilgan) Istanbulda onasi Neslişah Sulton (1921–2012) va eri (2000-yilda turmush qurgan) bilan yashagan.

Manbalar

Adabiyotlar

Havolalar

Shahzoda Abbos Hilmiyning misrlik nasabnomasi Ancestry.com saytida Shahzoda Abbos Hilmiyning usmonliy nasabnomasi Ancestry.com saytida Veb-sayt — Manial saroyi muzeyi doʻstlari uyushmasi

Turkum:1941-yilda tugʻilganlar Turkum:20-asr misrlik biznesmenlar Turkum:Usmoniylar imperiyasi shahzodalari Turkum:Yashayotgan insonlar Turkum:Muhammad Ali sulolasi shahzodalari Turkum:Qohiralik biznesmenlar