Fotima Neslişah Sulton, shuningdek, Buyuk Neslişah, 1957-yildan keyin Neslişah Osmanoğlu (, 1921-yil 4-fevralda tugʻilgan — 2012-yil 2-aprelda vafot etgan) deb atalgan Usmoniylar malikasi. Ota tomondan soʻnggi Usmoniy xalifa Abdulmajid II va uning birinchi rafiqasi Şehsuvar xonimning nabirasi. Ona tomondan soʻnggi Usmoniylar sultoni Mehmed VI va uning birinchi rafiqasi Nazikeda Kadınning nabirasi. Usmoniy Shahzoda Umar Faruk va uning birinchi rafiqasi hamda amakivachchasi Sabiha Sultonning qizi.

Yoshligi Neslişah Sulton 1921-yil 2-fevralda Istanbuldagi Nişantaşı mahallasida Sabiha Sulton saroyida tugʻilgan. Uning otasi xalifa Abdulmajid II va Şehsuvar xonimning yagona oʻgʻli Shahzoda Umar Faruk boʻlgan. Onasi esa sulton Mehmed VI va Nazikeda Kadınning kenja qizi Sabiha Sulton edi. Neslişahning Honzoda Sulton va Necla Sulton ismli ikki singlisi boʻlgan. Uning tavallud sanasi sulola aʼzolarining saroy reyestriga kiritilgan soʻnggi qayd boʻlib, shu boisdan u Usmoniylar oilasining imperiya davridagi soʻnggi aʼzosi sanalgan. Uning tavalludidan bir necha yil oʻtib tugʻilgan amakivachchasi Safvet Neslişah Sulton (Kichik Neslişah )dan farqlash uchun unga Buyuk Neslişah yoki Katta Neslişah taxallusi berilgan.

1924-yil mart oyida Usmoniylar oilasi surgun qilingach, Neslişah va uning oilasi Fransiyaning Nice shahriga koʻchib bordi. Neslişahning bolaligi va oʻsmirlik yillari shu yerda oʻtdi hamda shu shaharda dastlabki taʼlimini oldi. Bobosi Abdulmajid bayramona tadbirlarda uni va singlisini dengiz boʻyiga olib borar edi. Oila 1938-yilda Ikkinchi Jahon urushi boshlanishi sababli Misrga koʻchib oʻtdi. U yerda Neslişahga misrlik shahzoda Hasan Tusun sovchi yubordi. Eʼtirozlarga qaramay, Neslişah shahzoda bilan unashtirildi, biroq keyinchalik bu unashtiruvni bekor qildi.

Nikohi 1940-yilda Misrning soʻnggi xedivi Abbos Hilmi II ning oʻgʻli shahzoda Muhammad Abdul Moneim Neslişahga sovchi yubordi. Neslişah bu taklifni rad etdi, biroq otasining bosimi ostida keyinchalik bunga rozi boʻldi. Aslida uning singlisi Honzoda opasining oʻrniga Moneimga turmushga chiqishni ixtiyor qilgan edi, ammo otasi bu taklifni rad etdi. Shundan soʻng Honzoda opasidan bir hafta oldin boshqa misrlik shahzodaga turmushga chiqdi. Nikoh 1940-yil 26-sentyabrda Qohiradagi Al-Orouba saroyida boʻlib oʻtdi va Neslişahga Sahibat-al Sumuv Al-Amira Neslishah (Oliy Hazratlari Malika Neslishoh) unvoni berildi. Ikki yil avval 50 000 000 AQSh dollari miqdoridagi merosning vorisi boʻlgan Abdul Moneim amakivachchasi Misr qiroli Foruq I dan Albaniya qiroli Zog I ning singlisi malika Mizejen Zogu (1909–1969) bilan turmush qurish uchun ruxsat olgan edi. Biroq bu nikoh boʻlmadi va shahzoda Abdul Moneim uning oʻrniga Neslişahga uylandi. 1941-yil 16-oktyabrda Neslişah Shahzoda Abbos Hilmini dunyoga keltirdi. Oradan uch yil oʻtib, 1944-yil 22-dekabrda esa ularning qizi Malika Iqbol tugʻildi.

1952-yil iyul inqilobi davomida Misrdagi Erkin ofitserlar harakati qirol Foruqni taxtdan agʻdarib tashlagach, ular Foruqning endigina taxtga oʻtqazilgan goʻdak oʻgʻli Fuad II nomidan hokimiyatni boshqarish uchun tuzilgan uch kishilik Regentlik organi raisi etib shahzoda Abdul Moneimni tanladilar. Regentlik organi 1952-yil 7-sentyabrda tugatildi va Abdul Moneim yagona regent shahzoda etib tayinlandi. Mamlakat qirolining rafiqasi boʻlmagani uchun Neslişah amalda (de facto) regent shahzodaning rafiqasi sifatida bu rolni bajardi. Erining regentligi davrida u rasmiy tadbirlarda kamdan-kam qatnashgan va, asosan, xayriya ishlariga eʼtibor qaratgan. Undan oldingi qirollarning rafiqalari kabi Neslişah ham polo oʻyinlari va xalqaro tennis turniri final uchrashuvlari kabi sport tadbirlarida ham qatnashgan.

Taxminan 1943-yilda Neslişahning otasi Umar Faruk Shahzoda Yusuf Izzeddinning qizi Mehrishoh Sultonga tobora koʻproq qiziqa boshladi. Faruk bilan uning rafiqasi Sabihaning munosabatlaridagi notinchlik ham ommaga maʼlum edi. 1944-yilda kengash Shahzoda Umar Farukni emas, Shahzoda Ahmad Nihodni sulola boshligʻi sifatida tanladi. Farukning rafiqasi Sabiha kengashning bu qarorini qoʻllab-quvvatladi. Neslişah va uning singillari ham onasining tarafini oldi. Faruk rafiqasini qizlarini unga qarshi qayrashda aybladi. Jurnalist Murod Bardakçıning fikricha, Faruk bu paytga kelib, allaqachon Mehrishohga oshiq boʻlib qolgan, kengash masalasi shunchaki bahona boʻlgan. 1948-yilda 28 yillik nikohdan soʻng Faruk Sabiha bilan ajrashdi va Mehrishohga uylandi, shundan keyin Sabiha Neslişahga yaqin joyga koʻchib bordi. Neslişah otasining ikkinchi rafiqasini hech qachon qabul qilmagan.

Shahzoda Abdul Moneimning regentligi 10 oy davom etdi. Misr Inqilobiy Qoʻmondonlik Kengashi 1953-yil 18-iyunda monarxiyani rasman tugatdi. 1957-yilda Abdul Moneim va Neslişah hibsga olindi. Neslişah yana surgun qilindi, biroq Turkiya Respublikasi Prezidenti bu masalaga aralashib, uning ozod etilishini talab qilganidan soʻng u qamoqdan qoʻyib yuborildi. U avval qisqa vaqt Yevropada yashadi, soʻng vatani Turkiyaga qaytdi. 1963-yilda u Turkiya fuqaroligini oldi va sobiq Usmoniylar oilasi aʼzolariga berilgan Osmanoğlu familiyasini qabul qildi. Shahzoda Abdul Moneim 1979-yilda Istanbulda vafot etdi. Neslişah hali turmushga chiqmagan qizi Iqbol bilan shu yerda yashashda davom etdi.

Vafoti Neslişah Sulton 2012-yil 2-aprelda Ortaköydagi uyida yurak xurujidan vafot etdi. Oʻlimi oldida qizi uning yonida boʻlgan. Oʻsha paytda Neslişah eng yoshi ulugʻ usmoniy malika edi. 2008-yilda Shahzoda Ibrohim Tavfiqning oʻgʻli Shahzoda Burhoniddin Cem, 2009-yilda Shahzoda Ertugʻrul Usmon vafot etganidan soʻng, Neslişah Usmoniylar sulolasining Usmoniylar davrida tugʻilgan va shu paytgacha tirik boʻlgan soʻnggi aʼzosi ham edi. Uning janoza marosimi Yıldız Hamidiye masjidida oʻtkazildi. Vafotidan keyin u Aşiyan Asri qabristonida onasi va singillari yoniga dafn etildi. Prezident Abdullah Gül uning oila aʼzolariga taʼziya yoʻlladi. Bosh vazir Recep Tayyip Erdoğan marhuma malikaning nomini eʼzoz bilan tilga oldi. Erdoğan parlamentda Usmoniylar imperiyasiga asos solgan Usmon I ga ishora qilib Neslişah haqida: „U Usmon qonini olib yurgan olijanoblik timsoli edi. Biz uni yuksak hurmat va duolar bilan eslaymiz“, — dedi.

Farzandlari Neslişah Sultonning bir oʻgʻil va bir qizi boʻlgan: Shahzoda Sultonzoda Abbos Hilmi (1941-yil 16-oktyabrda tugʻilgan) ota tomondan bobosi sharafiga shunday ism berilgan. Bir marta uylangan, bir qiz va bir oʻgʻil koʻrgan. Malika Iqbol Xonimsulton (1944-yil 22-dekabrda tugʻilgan) ota tomondan buvisi sharafiga shunday ism berilgan. 2000-yil yanvar oyida Mursel Saviçga turmushga chiqqan.

Shaxsiyati Neslişah Sulton fransuz, ingliz, nemis va arab tillarini ravon bilgan. U, shuningdek, changʻi uchish, suzish va ot minishga ishqiboz boʻlgan. Malika tarix, adabiyot, geografiya, botanika hamda taomlar madaniyatiga qiziqqan. U musiqa olamidagi bir qator yirik dirijyorlar tomonidan ham katta hurmatga sazovor boʻlgan.

Mukofotlari Usmoniylar uyi ordeni, 1922-yil.

Nasabi

Yana qarang Sultonlar: imperatorlik malikalari

Manbalar

Adabiyotlar

Havolalar

(turk tilida) „Soʻnggi usmoniylar“ hujjatli filmi, 3-qism: Neslişahning surguni YouTubeda

Turkum:1921-yilda tugʻilganlar Turkum:2012-yilda vafot etganlar Turkum:20-asr Usmoniylar imperiyasi malikalari