Refia Sulton (; 1842-yil 7-fevral — 1880-yil 4-yanvar) — Usmoniylar malikasi, sulton Abdulmajid I va uning rafiqasi Gülcemal Kadınning qizi, sulton Mehmed V ning tugʻishgan opasi.

Yoshligi Refia Sulton 1842-yil 7-fevralda Beshiktosh saroyida tugʻilgan. Uning otasi sulton Abdulmajid I, onasi Gülcemal Kadın boʻlgan. Uning oʻzidan bir yosh katta Fotma Sulton ismli opasi boʻlgan. Egizak singlisi Hadicha Sulton esa tugʻilgan paytida vafot etgan. Boʻlajak sulton Mehmed V Refianing tugʻishgan ukasi edi. Uning, shuningdek, 1850-yilda tugʻilib, oʻsha yili vafot etgan Rukiye Sulton ismli singlisi ham boʻlgan.

1851-yilda onasi vafot etgach, Refia, opasi Fotma va ukasi Mehmedni Abdulmajidning birinchi rafiqasi Servetseza Kadın farzandlikka olgan.

Abdulmajid barcha oʻgʻil-qizlarining yuqori darajada, imkon qadar mukammal taʼlim olishini istagan. Bu taʼlim anʼanaviy fanlar, jumladan, Qur’on ilmi hamda gʻarbona fanlarni ham oʻz ichiga olgan. Refia taʼlim olishni 1847-yilda boshlangan. U darslarda ukasi Shahzoda Mehmed, oʻgay akalari Abdulhamid II va Murod V, opasi Fotma Sulton hamda oʻgay singlisi Jamila Sulton bilan birga qatnashgan. U taʼlim olishni nikoh qurganidan keyin ham davom ettirgan. Malika arab va fors tillarini, shuningdek, Tanzimot davrida muhim boʻlgan fransuz tilini oʻrgangan. U fransuz tili va gʻarb musiqasini ham oʻzlashtirgan. Fortepiano darslarini italiyalik xonim Therese Romanodan olgan.

Nikohi 1854-yil 22-fevralda Refia 12 yoshda boʻlganida Abdulmajid uni Damat Mehmed Ali poshoning oʻgʻli Mahmud Adham poshoga unashtirdi. Mehmed Ali posho Refianing xolasi Adile Sultonga uylangan boʻlib, ularning bir oʻgʻil va uch qizi bor edi. Qrim urushidan keyin 1858–1859-yillarda Istanbulda bir yarim yil yashagan baronessa Durand de Fontmagne Refia Sultonning nikohi oldidan yuborishga tayyorlangan sovgʻalarni koʻrgan. Ular orasida „Drezdenning juda nafis chinnisidan kamida besh yuz idishda“ turli murabbo va konserva mahsulotlari borligini qayd etgan. Nikoh 1857-yil 21-iyulda Topkapi saroyida boʻlib oʻtgan va er-xotinga yashashi uchun Defterdarburnuda joylashgan saroy berilgan. Unga hamroh ayollardan biri Meyliservet Kadın keyinchalik Refianing oʻgay akasi Murod V ning rafiqalaridan biriga aylanadi.

Refianing bir qizi boʻlib, goʻdakligida vafot etgan. Ularning nikohi baxtsiz kechgan. U akalariga yozgan maktublaridan Adham poshoning xushomadgoʻy xulqi boʻlgani anglashiladi. Boshqa tomondan, Adham posho ham bu nikohdan mamnun boʻlmagan, bunga Refianing tuxumdon kistalaridan aziyat chekkani va ular oʻrtasidagi boshqa kelishmovchiliklar sabab boʻlgan. Refia bolaligida sil kasaliga chalingan va yakkalanib yashagan oʻgay singlisi Behice Sultonga juda yaqin boʻlgan. U singlisining koʻnglini koʻtarish uchun doimo, hatto singlisi oʻlim yoqasida ekanini bilgan paytlarida ham mehrga toʻla xatlar yoʻllagan.

Shaxsiyati Refia Sulton saxovatli ayol boʻlib, uning bu tabiati bayramlar va alohida kunlarda yanada yaqqol koʻrinardi. Qurbon hayitida u ayrim qarindoshlari va xizmatkorlariga qoʻchqor va qoʻylar ulashgan. Refia Sulton yordami va saxiyligi bilan katta eʼtibor qozongan. 1877–1878-yillardagi rus-turk urushida yaralangan askarlarga va urushdan keyin uy-joyini tark etishga majbur boʻlgan musulmon muhojirlarga koʻrsatgan koʻmagi sabab u sulton Abdulhamid tomonidan 1-darajali Xayriya ordeni bilan taqdirlangan.

Mehribonligi va saxovatiga qoʻshimcha ravishda Refia dabdabali sarf-xarajatlari bilan ham ajralib turardi. XIX asrda, ayniqsa, otasi Abdulmajid hukmronligi davrida saroy ayollarining daromadidan ortiqcha sarflash deyarli anʼanaga aylangan edi. Refia ham shu davrda voyaga yetgan boʻlib, saroydagi boshqa ayollarning xaridlari va moda ishqibozligidan taʼsirlangan. Aslida bu gʻarbona yangicha turmush tarzining natijasi va zarurati edi. U Parijdan ot-ulov anjomlari va aravalar, shuningdek, kiyim-kechak hamda taqinchoqlarga buyurtmalar bergan.

Malika fransuz ustozi Maria Tirard orqali Istanbul va Fransiyadan turli buyum va kiyim-kechaklar buyurtma qilgan. Tirard kabi saroy bilan aloqada boʻlgan boshqa xorijlik ayollar saroy ayollari orasida gʻarb madaniyatining tarqalishini taʼminlash bilan birga ularni gʻarb modasiga ergashishga ham undagan. Bundan tashqari, u ikki rasmiy fotograf Abdulla Fréres va Vasilaki Kargopouloni ham qoʻllab-quvvatlagan hamda bir nechta mashhur rassomlarga turli oʻlchamdagi rasmlar va koʻmir bilan ishlangan suratlar buyurtma qilish uchun katta mablagʻ sarf qilgan.

Vafoti Refia Sulton butun umri davomida tuxumdon kistalaridan aziyat chekkan. Kasallik 1875-yildan boshlab ogʻirlashgan. U 1880-yil 4-yanvarda bir nechta operatsiyadan soʻng 37 yoshida vafot etgan. Soʻnggi operatsiyadan bir hafta oʻtib olamdan oʻtgan. U onasi bilan birga Istanbulda joylashgan Yangi masjiddagi sulton xonimlar maqbarasida dafn etilgan.

Mukofotlari 1-darajali Xayriya ordeni, 1877–1878

Nasabi

Manbalar

Adabiyotlar

Turkum:1842-yilda tugʻilganlar Turkum:1880-yilda vafot etganlar Turkum:19-asr Usmoniylar imperiyasi malikalari Turkum:Abdulmajid I ning qizlari