Fevziye Sulton (; 1928-yil 28-oktyabr — 2014-yil 9-aprel), shuningdek, Fevziye Osmanoğlu nomi bilan atalgan Usmoniylar malikasi, Shahzoda Ibrohim Tavfiq va Hayriye Xonimning qizi.
Hayoti Fevziye Sulton 1928-yil 28-oktyabrda Fransiyaning Parij shahrida tugʻilgan. Uning otasi Shahzoda Ibrohim Tavfiq Shahzoda Mehmed Burhoniddin va Mestinaz Xonimning oʻgʻli, Usmoniylar sultoni Abdulmejid I ning nabirasi edi. Onasi esa Shahzoda Ibrohim Tavfiqning soʻnggi xotini bosniyalik Hayriye Xonim boʻlgan. Fevziye Sulton otasining oxirgi, onasining esa yagona farzandi edi. Sulola surgun qilingandan keyin tugʻilgani uchun u hech qachon toʻla huquqli „Sulton“ unvonini olmagan. Fevziye va uning oilasi keyinchalik Nish yaqinidagi togʻ etagida joylashgan qishloqqa koʻchib oʻtgan. Soʻngra ular Shahzoda Umar Faruk va Sabiha Sulton bilan birga yashagan. 1930-yilda onasi Hayriye Xonim Fevziyeni ularga topshirib, oʻzi boshqa qarindoshinikiga yashashga ketgan.
1931-yilda otasining vafotidan soʻng onasi Nishga qaytib, uni olib avval Parijga, keyin esa Misrga joʻnadi va u yerda Seyfulin Bek ismli tatar kishi bilan turmush qurdi. U Fevziyani oʻz qizidek tarbiyaladi. Fevziye bir muddat Misr xedivi Ismoil poshoning oʻgʻli, shahzoda Ibrohim Hilmiyning rafiqasi malika Vijdan bilan birga yashadi. Malikaning eri 1927-yilda vafot etgan va unga katta boylik qolgan edi. Malika Vijdan yosh Fevziyeni oʻz qizi sifatida tarbiyalab, unga munosib turmush oʻrtoq topmoqchi edi, biroq qimorda barcha pulini yoʻqotgach, uni onasining oldiga qaytarib yuborishga majbur boʻldi.
1949 yoki 1951-yilda Fevziye harbiy havo kuchlari ofitseri Muhammad Husayn Xayri Bekka turmushga chiqdi. U Misr malikasi Kadria Husayn va Mahmud Xayri poshoning oʻgʻli edi. Xayri Bek 1956-yilda prezident Jamol Abdul Nosirni hokimiyatdan agʻdarish rejasida ishtirok etganlikda ayblanib, hibsga olindi. Shundan keyin uning hayoti haqida maʼlumot yoʻq.
Fevziye Sorbonna universitetida jurnalistika va sotsiologiya boʻyicha tahsil oldi va shu universitetda ingliz va fransuz tillaridan sinxron tarjima yoʻnalishida diplom oldi. 1962-yilda u UNESCOda faoliyatini boshladi. U 7 yil davomida taʼlimni rejalashtirish boʻyicha mutaxassis, keyingi 7 yil esa kommunikatsiyalar boʻyicha mutaxassis sifatida faoliyat yuritdi. Keyinchalik tashkilotning madaniyat boʻlimiga tayinlandi. 1978-yildan boshlab Fevziye qadimiy obidalarni restavratsiya qilish bilan shugʻullandi. Shuningdek, Istanbuldagi Vizantiya yodgorliklarini restavratsiya qilish boʻyicha xalqaro dasturda ham ishladi.
Fevziye Sulton 2014-yil 9-aprelda 85 yoshida Fransiyaning Parij shahrida vafot etgan. Uning janoza marosimi Parij Katta masjidida oʻtkazilgan va unda Fransiya hamda Shveysariyada yashovchi qarindoshlari, shuningdek, Turkiyaning Parijdagi elchixonasi muovini Ali Onaner ham qatnashgan. Fevziye Fransiyaning Val-de-Marne viloyatidagi Thiais shaharchasida joylashgan musulmon qabristoniga dafn qilingan.
Nasabnomasi
Manbalar
Adabiyotlar
Turkum:1928-yilda tugʻilganlar Turkum:2014-yilda vafot etganlar Turkum:20-asr Usmoniylar imperiyasi malikalari