Foiza Muhammad al-Xurofiy (; 1946-yilda tugʻilgan) — kuvaytlik kimyogar va akademik. 1993—2002-yillarda Kuvayt universiteti rektori boʻlib ishlagan va Yaqin Sharqda yirik universitetni boshqargan birinchi ayol. Shuningdek, Butunjahon Fanlar Akademiyasi vitse-prezidenti.
Yoshligi va taʼlimi
al-Xurofiy 1946-yilda Kuvaytda badavlat oilada tugʻilgan va yoshligidan ilm-fanga qiziqa boshlagan. Al-Markab oliy maktabida oʻqigan.
1967-yilda Qohiradagi Ain Shams universitetidan bakalavr darajasini olgan. Keyinchalik Kuvayt universitetida tahsil olib, aspiranturada oʻqiyotgan paytida Korroziya va elektrokimyo tadqiqot laboratoriyasiga asos solgan.
1972-yilda magistr, 1975-yilda esa doktorlik darajasini olgan. Faoliyati
Foiza 1975—1981-yillarda Kuvayt universiteti kimyo boʻlimida ishlagan. 1984-yilda boʻlim mudiri boʻlgan, 1986—1989-yillarda esa Fanlar fakulteti dekani lavozimida faoliyat yuritgan. 1987-yilda shu universitetda kimyoboʻyicha professor unvonini olgan.
1993-yil 5-iyulda Kuvayt amiri Jobir al-Ahmad Al-Jobir as-Saboh farmoni bilan al-Xurofiy universitet rektori etib tayinlangan. Shu tariqa Yaqin Sharqda yirik universitetni boshqargan birinchi ayolga aylangan. 1993—2002-yillarda rektor boʻlib ishlagan. Bu davrda 1500 nafar professor-oʻqituvchi, 5000 dan ortiq xodim va 20 mingdan ortiq talabalardan iborat universitet faoliyatini boshqargan.
Al-Xurofiy 1991-yilda tugagan Koʻrfaz urushidan keyin Kuvayt universitetini qayta tiklash ishlariga ham katta hissa qoʻshgan.
Kuvaytda ilmiy tadqiqotlarni rivojlantirish tarafdori sifatida ham tanilgan. 1986-yilda al-Xurofiy hamkasblari bilan birga Kuvaytda ilmiy tadqiqotlarning rivojlanishini boshqa rivojlanayotgan davlatlar bilan taqqoslab oʻrgangan va mamlakat oliy taʼlim muassasalari muhim ilmiy tadqiqotlar olib borishga qodir ekanini koʻrsatgan.
Al-Xurofiy korroziyaning dvigatel sovitish tizimlariga, xom neftni distillash qurilmalariga, yuqori haroratli geotermal suvlarga va ichimlik suviga taʼsirini oʻrgangan. Shuningdek, ifloslangan suvdagi korroziya hamda ifloslanish sabab metallarning yemirilishini tadqiq qilgan. Elektrokimyogar sifatida alyuminiy, mis, platina, niobiy, vanadiy, kadmiy, latun, kobalt va past uglerodli poʻlat kabi metallar va qotishmalarning elektrokimyoviy xatti-harakatini oʻrgangan.
Hamkorlari bilan benzol qoʻshimchalarini hosil qilmasdan benzinning oktan sonini oshiradigan molibden asosidagi katalizatorlar turini kashf etishda ham qatnashgan.
1998-yilda BMT universiteti boshqaruv kengashiga aʼzo boʻlgan. 2005-yilda Kuvaytda ayollarga saylov huquqi berilgach, „siyosiy huquqlarga ega boʻlsak, oʻz fikrimizni bildira olamiz va munosib nomzod uchun ovoz bera olamiz — bu bizga gʻoyalarimizni ifoda etish imkonini beradi“, deb taʼkidlagan.
2006-yilda Kuvaytda American Bilingual Schoolni tashkil etishda yordam bergan. Butunjahon Fanlar Akademiyasi vitse-prezidenti boʻlib, Quvayt ilm-fanni rivojlantirish jamgʻarmasi, Alqabas va Quvayt-MIT tabiiy resurslar va atrof-muhit markazi kabi bir qator tashkilotlar boshqaruv kengashlarida faoliyat yuritadi. Mukofotlari
Foiza Muhammad al-Xurofiy 2005-yilda Forbes jurnali tomonidan eʼlon qilingan „Yaqin Sharqda eʼtiborga molik boʻlgan eng qudratli 100 ayol“ roʻyxatiga kiritilgan.
2006-yilda Amaliy fanlar boʻyicha Kuvayt mukofoti bilan taqdirlangan.
2008-yilda Koʻrfaz aloqalari boʻyicha kengash uni „Yilning eng yetakchi Fors koʻrfazi ayoli“ deb eʼtirof etgan.
2011-yilda korroziya boʻyicha olib borgan ilmiy tadqiqotlari uchun Ilm-fan sohasidagi ayollar uchun L’Oréal-UNESCO mukofoti mukofotiga sazovor boʻlgan.
Shaxsiy hayoti
Al-Xurofiy Ali Muhammad Tunayon al-Gʻanimga turmushga chiqqan va ularning besh oʻgʻli hamda oʻn nafar nabirasi bor. Oʻgʻillaridan biri — Marzuq al-Gʻanim — Kuvayt Milliy Assambleyasining sobiq spikeridir.
Yoz oylarini Jeneva koʻli (Shveysariya) atrofida oʻtkazadi.
Akalari — Josim al-Xurofiy (Kuvayt Milliy Assambleyasining sobiq spikeri) va marhum Nosir al-Xurofiy. Foiza M. A. Kharafi & Sons oilaviy kompaniyasi boyligidan ulushga ega. Manbalar
Turkum:1946-yilda tugʻilganlar