Ramazon bayrami islomiy bayram boʻlib, shavvol oyining birinchi kuni nishonlanadi. Shu kuni muborak oy barcha taomillarga asosan oʻtkazilgani bayram qilinadi. Hayit arab tilida عيد [ʼiydun] deyiladi. Bu oʻzbekcha “bayram” degani. Birgalashib bayram qilinadigan har qanday kunni عيد deyish mumkin. Bu soʻzning asli عاد – يعود [ʼaada – yaʼuudu] (qaytish) feʼlidan olingan. Ibn Arabiy: “Hayit (bayram) “iyd” deb nomlanishining sababi har yili yangilangan xursandlik bilan qayta kelib turgani uchundir”, deganIbn Manzur. Lusonul arab. J.3. Ali Sheriy tadqiqi. – Bayrut. Dor sadr, 1994. – B. 319. – 522 b..
Ramazon roʻzasi farz qilinganidan keyin bu hayit ilk bor 2/624-yilda nishonlanganQarang: Ibn Kasir. Al-Bidoya van nihoya. J.3. Ali Sheriy tadqiqi. – Bayrut. Dor ihyoit turosil arabiy, 1988. – B. 311-312. – 409 b..
Hayitning muddati bir kun boʻlib, aslida Ramazon oyining oxirgi kuni quyosh botgandan keyin boshlanadi va shavvol oyining birinchi kuni quyosh botishi bilan tugaydi. Imom Abu Dovud “Sunan”ida hayit haqida quyidagi rivoyatni keltirgan: “Anas roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi: “Rasululloh sollallohu alayhi vasallam Madinaga kelganlarida, u yerdagilarning ikki (alohida bayram) sanasi boʻlib, oʻsha kunlarda oʻyin-kulgi qilishar edi. U zot: “Bu ikki kun qanday kun?” deb soʻradilar. “Johiliyatda shu kunlarda oʻyin-kulgi qilar edik”, deyishdi. Shunda Rasululloh sollallohu alayhi vasallam: “Alloh sizga bu ikkisining oʻrniga ulardan yaxshisini – Adho (Qurbon hayiti) va Fitr (Ramazon hayiti) kunlarini ato etdi”, dedilar”Abu Dovud Sijistoniy. Sunanu Abi Dovud. J.2. Shuayb Arnaut va Muhammad Komil Qara Ballaliy tadqiqi. – Bayrut. Dorur risolatil olamiyya, 2009. – B. 345. – 666 b.. Islom olamida mana shu ikki sana shodlik kunlaridir.
Ramazon hayitining oʻziga xos jihatlaridan biri – fitr sadaqasi. U belgilangan miqdorda boʻlib, miskinlarga beriladi. Fitr sadaqasini hayit namozi oʻqilgungacha berish lozim. Hayit kuni ertalab, quyosh chiqqandan biroz oʻtib, jamoat bilan ikki rakat namoz oʻqiladi. Shundan keyin odamlar bir-birini qutlaydi, ota-onasi va qarindosh-urugʻlarini ziyorat qiladi. Sovgʻa-salom ulashiladi, ginalar unutiladi.
Shuningdek, shu kuni odamlar doʻstlarini ziyorat qiladi, mehmon qabul qiladi, qoʻshnilariga yaxshilik qiladi va kambagʻallarga mehr-shafqat koʻrsatadi.
Bunday xayriya tadbirlariga koʻp joylarda xalqlarning mahalliy odatlari – arafa kuni osh ulashish, yangi kiyim kiyish, “hayitlik” berish, sayil qilish, yaqin odamlar bilan koʻrishish kabilar qoʻshilib ketganOʻzbekiston milliy ensiklopediyasi. H harfi. “Oʻzbekiston milliy ensiklopediyasi” Davlat ilmiy nashriyoti. – T. 2000. – B. 51. – 252 b..
Ushbu bayram Oʻzbekistonda ham musulmonlar tomonidan keng nishonlanadi. Prezident qarori bilan Mustaqillikning dastlabki davridayoq umumxalq bayrami sifatida dam olish kuni deb eʼlon qilinganhttps://web.archive.org/web/20081004091300/http://uza.uz/uz/documents/5089/. Hozirgacha har yili “Muborak Ramzon oyini munosib tarzda oʻtkazish toʻgʻrisida” va “Muborak Ramzon hayitini nishonlash toʻgʻrisida” qaror qabul qilinadi. Oxirgi yillardagi qarorlar: 2023-yil – Muborak Ramazon oyini munosib tarzda o‘tkazish to‘g‘risida 2023-yil – Ramazon hayitini nishonlash to‘g‘risida 2024-yil – Muborak Ramazon oyini munosib tarzda o‘tkazish to‘g‘risida 2024-yil – Muborak Ramazon hayitini nishonlash to‘g‘risida 2025-yil – Muborak Ramazon oyini munosib tarzda o‘tkazish to‘g‘risida 2025-yil – Muborak Ramazon hayitini nishonlash to‘g‘risida
Ramazon hayiti nafaqat diniy bayram, balki Oʻzbekiston xalqining milliy qadriyatlari va anʼanalari bilan ham uzviy bogʻlanib ketgan hodisa (fenomen)dir. Bu bayram xalq orasida tinchlik, birdamlik va saxovat ramzi sifatida nishonlanib kelmoqda.
Ramazon bayrami odamlar orasida oʻzaro hurmat va hamjihatlikni mustahkamlash kabi ijtimoiy qadriyatlarni targʻib qiladi. Bu, oʻz navbatida, jamiyatda fikriy, ruhiy va ijtimoiy birdamlikni yanada mustahkamlaydi.
Havolalar
Manbalar
Turkum:Hayit Turkum:Islom atamalari Turkum:Ramazon Turkum:Islomiy bayramlar