Al-Uqhuvana jangi () 1029-yil may oyida Tabariya koʻlining sharqida Fotimiylar xalifaligi generali Anushtakin ad-Dizbariy boshliq qoʻshin hamda Suriya badaviy qabilalari koalitsiyasi oʻrtasida boʻlib oʻtgan.
Koalitsiya tarkibida Falastindagi Tayy qabilasi hamda Halabdagi Kilab qabilasi boʻlib, qabilalarni mos ravishda Jarrohiy amir Hasan ibn al-Mufarrij hamda Mirdosiy amir Solih ibn Mirdos boshqargan. Fotimiylarni avvalroq badaviylar koalitsiyasi tarkibida boʻlgan Kalb qabilasi qoʻllagan. Ushbu qabilaga Rafi ibn Abullayl boshchilik qilgan. Jang Fotimiylarning Suriyadagi badaviy qabilalari ustidan yirik gʻalabasi bilan yakunlangan. Solih oʻldirilib, Mirdosiylar tez orada bir nechta muhim shaharlarni boy berdilar. Shu bilan birga, Hasan va Tayy qabilasi oʻzlari azaldan yashab kelgan hududlarni uzoq muddat tark etishga majbur boʻldilar. 1024-yildan buyon davom etgan badaviylar hukmronligidan soʻng, Fotimiylar Falastin va janubiy Suriya, jumladan, Damashq ustidan oʻz hokimiyatlarini qayta tiklashga muvaffaq boʻldilar.
Joylashuvi Al-Uqhuvana Tabariya koʻlining sharqiy qirgʻogʻida joylashgan. Ushbu joy Iordan daryosining koʻlga quyiladigan joyiga yaqin, Falastindagi Damashqni Beysan bilan bogʻlaydigan yoʻl oʻtadigan strategik togʻ dovoni Aqabat Fiq etagida joylashgan. Tarixchi Moshe Gilning soʻzlariga koʻra, al-Uqhuvananing aniq joylashuvi hanuz aniqlanmagan boʻlsa-da, „ishonchli boʻlmagan“ bir qator urinishlar boʻlgan. Karait manbada al-Uqhuvana Tabariya koʻli janubidagi hududning umumiy nomi ekani qayd etilgan.
Kelib chiqishi Suriyadagi badaviylar ittifoqi 1023—1024-yillarda sodir boʻlgan bir qator voqealar Suriyadagi badaviy qabilalarni mintaqada siyosiy hokimiyatni qoʻlga olishga undaydigan turtki boʻldi. Beqarorlashtiruvchi holatlar orasida 1021-yilda xalifa al-Hakim gʻoyib boʻlishidan soʻng, Fotimiylar saroyida yuzaga kelgan guruhlar orasidagi nizolar hamda 1023-yilda poytaxt Qohirada roʻy bergan ogʻir ocharchilik bor edi. Damashq hokimi, al-Hakimning amakivachchasi va taxt vorisi Aburahim ibn Ilyos Qohirada qamoqqa olinib, qatl etildi. Abdurahimning oʻgʻli Abdulaziz va jiyani Ahmad ibn at-Toyyib Damashqdan qochib, shimoliy Suriyada hukmronlik qilayotgan badaviy Banu Kilab qabilasining mirdosiy amiri Solih ibn Mirdos huzurida 10 oy yashadi. Tarixchi Suhayl Zakkarning taʼkidlashicha, Solihning himoyaga olishi Fotimiylar bilan munosabatlarga salbiy taʼsir koʻrsatgan hamda markaziy hukumatga qarshi chiqishi uchun „ragʻbat hamda bahona“ boʻlgan.
Al-Hakim hukmronligining soʻnggi yillarida yoki xalifa az-Zohir hukmronligining boshlarida Suriyaning 3 ta eng yirik badaviy qabilasi oʻzaro ittifoq tuzdi. Bular mirdosiylar boshliq Kilab qabilasi, Transiordaniyada joylashgan Jarrohiylar amiri Hasan ibn al-Mufarrij rahbarligida Tayy qabilasi hamda Damashq viloyatida yashovchi Sinan ibn Ulayyan boshliq Kalb qabilasi edi. Shartnomada Suriyaning 3 ta qabila oʻrtasida taqsimlanishi belgilangan boʻlib, Tayy qabilasi Falastinda, gʻarbda Misr chegarasidagi al-Arishgacha boʻlgan hududda, Kalb qabilasi Damashqda, Kilab qabilasi esa Halab va Furot daryosi boʻyidagi Anagacha boʻlgan mintaqada oʻz hokimiyatini oʻtkazishi koʻzda tutilgan edi. Zakkarning taʼkidlashicha, harbiy nuqtai nazardan Solih ittifoqning „eng koʻzga koʻringan shaxs“i boʻlgan. Hasan esa Fotimiylar saroyi bilan yozishmalarni boshqarish vazifasini oʻz zimmasiga olgan.
Badaviylar isyoni Ramlaning talanishi 1024-yilning sentyabr oyida Falastinning Fotimiy harbiy hokimi Anushtakin ad-Dizbariy va Hasan oʻrtasida mojaro boshlandi. Hasan janubiy Falastindagi Bayt Jibrin hududida iqto mulkiga ega boʻlib, harbiy xizmati evaziga mazkur yerdan soliq yigʻish huquqi taqdim etilgan edi. Anushtakin Bayt Jibringa soliq yigʻuvchilarini yubordi. Ularni Hasanning odamlari oʻldirgach, Anushtakin Falastin poytaxti Ramlada Hasanning ikki nafar yuqori lavozimli maʼmuriy yordamchisini qamoqqa oldi. Anushtakin, shuningdek, Fotimiylar saroyidan ruxsat olib, Hasanning Nablus yonbagʻridagi qalʼasiga qarshi harakat qila boshladi. Hasan bu vaqtda kasal edi. Hasan Fotimiylar hujumini qaytarib, Ramlani qamal qildi. Shu bilan birga, uning qoʻshinlari Tiberiyani talon-taroj qildi. Natijada, ushbu shahar hokimi qirgʻoqboʻyidagi Akko shahriga qochib ketdi.
Hasan oʻz kuchlarini Solih va uning Kilabiy jangchilari bilan mustahkamladi, Anushtakin esa Qohiradan yordam chaqirdi. Fotimiylar Misrdan qoʻshin tayyorlab joʻnatishga ulgurmasligi natijasida Anushtakin qamalda qoldi. Kichik toʻqnashuvlardan soʻng, Anushtakin oʻnta turk gʻilmoni bilan Ramladan Kesariya portiga qochib ketdi. Hasanning badaviy qoʻshinlari Ramla aholisiga koʻp azob-uqubat yetkazgan boʻlsa-da, Hasan dastlab uning nizosi faqatgina Anushtakin bilan ekanligini taʼkidlab, aholini Fotimiylar xalifasiga sodiqligiga ishontirishga urindi. Shu maqsadda mashhur Fotimiylar harbiylari oilasiga mansub Nasrilloh ibn Nizolni Ramla hokimi etib tayinladi.
Hasanning bevosita maqsadi maʼmuriy yordamchilarini dengiz boʻyidagi Ashkelon shahri qamogʻidan ozod qilish edi. Bu maqsadiga harbiy bosim hamda xalifa az-Zohirga tegishli deb koʻrsatilgan soxta xatlar orqali erishdi. Amaldorlar ozod etilgach, Hasan Ramlani talon-taroj qildi. Shahar aholisining Fotimiy harbiylariga aloqador boʻlgan koʻp qismini qatl ettirdi. Koʻplab ayollar va bolalarni esa qul qildi. Shu bilan birga, Ramla shahrining boy aholisidan katta miqdordagi mablagʻ hamda bir qancha koʻchmas mulklarni tortib oldi. Hujumni shaharga oʻt qoʻyish bilan tugatdi. Shundan soʻng, Fotimiylar Hasanning Nablus iqtosini soʻragan talabini qondirishdi, chunki Hasan bu hududni amalda boshqarayotgandi. Biroq uning Quddusni soʻragan talabi rad etildi.
Tarixchi Yaakov Levning yozishicha, Anushtakin oʻz lavozimida qoldirilib, amir ul-umaro darajasiga koʻtarilgan. Mazkur daraja Hasan bilan mojaro keltirib chiqargani, Hasanning kuchini notoʻgʻri baholagani hamda Ramla va Tiberiya shaharlari vayron boʻlishining oldini ololmaganiga qaramay Anushtakinga berildi. Thierry Bianquisning baholashicha, agar Anushtakin Qohiradan yordamchi qoʻshin olganda jang maydonida mahorati past boʻlgan Tayylarni osongina magʻlub etgan boʻlardi. Qohiradan moliyaviy yoki harbiy jihatdan deyarli yordam olomagan Anushtakin Ramlani qisqa muddatda egallash uchun harbiy yurish boshladi. Biroq oradan koʻp oʻtmay, Ashkelon shahriga chekinishga majbur boʻldi. Anushtakin Akkoda joylashib olgan Tiberiya hokimi hamda Quddus hokimi Fath al-Qaliy kuchlari bilan birga qayta hujum boshladi. Biroq badaviylar qarorgohiga muvafaqqiyatli bosqin uyushtirilgani haqidagi xabarlardan soʻng, tarixiy manbalarda ushbu yurishning keyingi tafsilotlari haqida maʼlumotlar mavjud emas.
Anushtakinning lavozimidan ozod qilinishi va badaviylar qudratining choʻqqisi Qohirada Fotimiylar siyosati barqarorlashgach, yangi vazir ar-Ruzabariy 1026-yilda Hasanning iltimosiga koʻra, Anushtakinni Falastindan chaqirib oldi. Bu vaqtda badaviylar qoʻzgʻoloni shiddati pasayib, Jarrohiylar Falastinda hukmronlik oʻrnatgan, Mirdosiylar esa Halabni zabt etib, mazkur shaharni Iroq chegarasidagi ar-Rahbadan to Oʻrta yer dengizi sohilidagi Sidongacha choʻzilgan amirlik markaziga aylantirgan edi. Sinon va Solih Damashqni egallay olmadilar. U yerda mahalliy amaldor Fotimiylar qoʻshinlari bilan shahar ahdasi oʻrtasida ittifoq tuzishga erishdi. Bu ittifoq esa badaviylar hujumini qaytarishga muvaffaq boʻldi.
1025-yilda Hasan xalifaga maktub yoʻlladi. Qabila boshligʻi maktubida az-Zohirga badaviylar qoʻzgʻoloni xalifaga qarshi qaratilmagani va badaviy ittifoqdoshlar xalifaning oliy hokimiyatini tan olishda davom etishi taʼkidlandi. Hasan kinoyali tarzda xalifaga Falastindagi soliqlarni yigʻib, oʻz odamlari uchun sarflashi haqida maʼlumot berdi. Shunday qilinsa, Fotimiylar qoʻshinlariga ehtiyoj qolmasligini taʼkidladi. Sinon Damashq aholisi bilan ham shunga oʻxshash kelishuvga erishgan edi. Solih esa Halabni nazorat qilayotgandi. Shunday qilib, „az-Zohir butun Suriya bilan bogʻliq tashvishdan xalos boʻlgan“ edi. Zakkarning soʻzlariga koʻra, badaviyga qarshi turishga „ojiz“ boʻlgan az-Zohir „haqoratli va kamsituvchi xat“ga javob qaytarmadi. Bianquisning bergan maʼlumotlariga koʻra, Suriyada Fotimiylar davlati mintaqani nazorat qila oladigan katta qoʻshin va qoʻmondondan koʻra, kichikroq va zaifroq badaviy amirlik boʻlishini afzal bilgan. Bu siyosat esa Anushtakinning ishdan boʻshatilishiga sabab boʻlgan.
Biroq Jarrohiylar Falastinda amalga oshirgan vayrongarchiliklar miqyosi, Misr kabi qishloq xoʻjaligi taraqqiy etgan va farovon viloyat boʻlgan Falastinning iqtisodiy salohiyatini izdan chiqardi. Zakkar bergan maʼlumotlarga koʻra, Fotimiylar davlati Halabdagi Mirdosiy—Kilobiy amirlikka nisbatan murosali munosabatda boʻlgan, chunki mazkur amirlik xalifani ochiq tan olgan va Solih hamda az-Zohir nomlaridan tangalar zarb etgan. Biroq Misr chegarasida joylashgan hamda Fotimiylar xalifaligiga tahdid solib turgan Jarrohiylar boshliq Tayy qabilasining Falastindagi davlatini Fotimiylar „mutlaqo qabul qilmagan“. Bundan tashqari, Fotimiylar davlati Qohiraning yordamisiz badaviylarning bosqinchilik urinishlarini qaytara olgan Damashq shahridan xavotirda edi, chunki bu shahar Fotimiylar hukmronligiga muqobil variant izlashi mumkin edi.
Jang 1027-yilda Ali al-Jarjaraiy ar-Ruzabariyni vazir lavozimiga tayinladi. Al-Jarjaraiy Anushtakinga ishonmasa-da, butun xalifalik hududida tartib oʻrnatishga intilishi sababli 1028-yilning noyabr—dekabr oylarida Jarrohiylarni jilovlash uchun Anushtakinni Suriyaga yuborishga majbur boʻldi. Vazir Anushtakindan yurish uchun nima kerakligini soʻraganida, u keyinchalik mashhur boʻlib ketgan quyidagi javobni aytdi: Mening al-Bardaiyya nomli biyam va soyada saqlay oladigan chodirim bor.
Anushtakin qoʻl ostida 7000 otliq va piyoda qoʻshin bor edi. Xarajatlar uchun atigi dinor ajratilgan boʻlsa-da, moliyaviy maslahatchilikka Sadaqa ibn Yusuf al-Falahiy tayinlangan edi. U yurishni moliyalashtirish ishlarini boshqardi. Yurish vaqti ham Fotimiylar uchun omadli boʻldi, chunki 1028-yilning iyun/iyul oyida Sinan vafot etgan boʻlib, uning oʻrniga oʻtirgan jiyani Rafi ibn Abullayl badaviylar ittifoqiga sodiq emas edi. Rafi Qohirada xalifa bilan uchrashib, Banu Kalb amiri sifatida rasman tan olingani va amakisining iqtosiga egalik qilish huquqi berilgani sababli Kalbni isyonchilar koalitsiyasidan chiqarib oldi. Tarixchi Levning taʼkidlashicha, „Fotimiylar nuqtai nazaridan“ qaraganda, Kalbning xiyonati tufayli „1024—25-yillarda xalifalika qarshi turgan badaviylar ittifoqi oxir-oqibat parchalanib ketdi“. Anushtakin ixtiyorida hukumat qoʻshinlaridan tashqari Kalb va boshqa sodiq qabilalardan, ayniqsa, Havron va Iordan vodiysida koʻpchilikni tashkil etadigan Fazara qabilasining minglab badaviy yordamchi kuchlari ham bor edi.
Dekabr oxirida Ramlaga yetib kelgan Anushtakin shaharda Qurbon hayitini nishonladi. Ramladan Quddusga yoʻl oldi. Quddusda qoʻshinlarini Rafi boshliq Kalb qabilasi va boshqa badaviy yordamchi kuchlari bilan birlashtirdi. Hasan Solihdan yordam soʻrab, Mirdosiylar amiri oʻz oʻgʻillari hamda jangchilari bilan Suriya badaviylarining mustaqilligini himoya qilish uchun yetib keldi. Gʻazo mintaqasidagi toʻqnashuvdan soʻng, Solih va Hasan shimolga chekindi.