Yoshlar kuni () – bu har yili 4-may kuni Xitoy Xalq Respublikasida nishonlanadigan bayram boʻlib, 14 yosh va undan katta yoshlilar sharafiga tashkil etilgan. Ushbu kun 1919-yilgi To‘rtinchi may harakatlari xotirasiga bagʻishlab taʼsis etilgan.
Kelib chiqishi 1920-yil 4-mayda, Xitoy boʻylab To‘rtinchi may harakatlarining bir yilligini nishonlashga bagʻishlangan ilk tadbirlar oʻtkazildi. Liang Qichao va Cai Yuanpei kabi mashhur shaxslar talabalar namoyishlarini yuqori baholagan maqolalar eʼlon qilishdi. 1920-yillarda Guanchjou hukumati va Beiyang hukumati oʻrtasidagi ziddiyatlar davrida, Beijing hukumati Pekin va Tyantszin shaharlarida ushbu harakatni yodga olish uchun oʻtkaziladigan yigʻilishlar va yurishlarni taqiqladi. Natijada, May toʻrtinchi harakatining asosiy xotira tadbirlari Nankin va Shanxayga koʻchdi. 1923-yilda Milliy Talabalar Assotsiatsiyasi mahalliy talabalar uyushmalariga har yili xotira tadbiri oʻtkazish toʻgʻrisida qaror yubordi. 5-maydagi Milliy Tahqirlanish kuni (五九國恥) va 3-may voqealari bilan birgalikda, may oyi boshlarida Yaponiya bosqiniga qarshi norozilik ruhidagi tadbirlar koʻpaydi. Xitoy va Yaponiya oʻrtasidagi ziddiyatlar kuchayib borgani sari, May toʻrtinchi harakatining yilligi yapon bosqiniga qarshi kurashning ramziga aylandi. 1933-yilda, Mukden voqeasidan (1931) bir yildan ortiq vaqt oʻtgach, oʻtkazilgan mitinglardan birida 4-may kuni „Xitoy madaniyatini tiklash harakati kuni“ deb eʼlon qilindi.
1939-yilda, Toʻrtinchi may harakatlarining 20 yilligi munosabati bilan Shaan-Gan-Ning chegaraviy mintaqasining Shimoli-gʻarbiy yoshlar milliy yordam assotsiatsiyasi 4-may sanasini Xitoy Yoshlar kuni deb eʼlon qilishga qaror qildi. Shu yili Mao Zedong Toʻrtinchi may harakatlari maqtov bilan yoritgan maqola yozdi va Xitoy Respublikasi hukumati ham 4-mayni rasmiy ravishda Yoshlar kuni deb belgiladi. 1939-yil 4-may kuni, ilk bor Kuomintang (millatchilar partiyasi) va kommunistlar har ikkisi ham May toʻrtinchi Yoshlar kunini nishonlashdi.
1940 yoki 1943-yillarda, Kuomintang (KMT) hukumati Yoshlar kunini 29-martga koʻchirdi, bu sana Sariq Gultepa qoʻzgʻolonida halok boʻlgan shahidlarni xotirlash uchun tanlandi. Ammo bu rasmiy oʻzgarishga qaramay, koʻplab yoshlar hanuzgacha 4-mayni Yoshlar kuni sifatida nishonlashda davom etdilar – ayniqsa universitetlarda turli tadbirlar oʻtkazildi. Shu bilan birga, KMT hukumati 4-may sanasini „Adabiyot kuni“ deb eʼlon qildi, biroq bu sana keng nishonlanmadi va ommalashmadi.
1949-yilda, Xitoy Davlat Maʼmuriy Kengashi 4-may sanasini rasmiy ravishda Xitoy Yoshlar kuni deb eʼlon qildi. Bu kun umumxalq bayrami sifatida belgilanmagan boʻlsa-da, 14 yoshdan 28 yoshgacha boʻlgan fuqarolarga yarim kunlik dam olish berildi.
Tayvan hanuzgacha 4-may sanasini „Adabiyot kuni“ sifatida nishonlashda davom etmoqda.
Manbalar