Nathan John Feuerstein (1991-yil 30-martda tugʻilgan), NF (ИF tarzida stilizatsiya qilinadi) taxallusi bilan tanilgan — amerikalik xristian reperi, bastakor, xonanda va musiqiy prodyuser. U uchta mini-albom chiqargan: I’m Free (2012), Capitol CMG bilan hamkorlikda chiqarilgan NF (2014) nomli mini-albom hamda NF Real Music va Capitol Records bilan hamkorlikda chiqarilgan Fear (2025). Uning ikkinchi studiyaviy albomi va yirik ovoz yozish kompaniyasi tomonidan chiqarilgan ilk albomi Mansion 2015-yil 31-martda ommaga taqim qilingan. Uchinchi studiyaviy albomi Therapy Session esa 2016-yil 22-aprelda chiqarilgan va AQShning Billboard 200 chartida 12-oʻrinni egallagan. NF ijodi bir qator mukofotlarga sazovor boʻlgan. Ular orasida 2016-yilda Therapy Session albomi uchun Gospel Music Association tomonidan berilgan Dove mukofotining „Yilning rap/hip-hop albomi“ nominatsiyasidagi gʻalabasi hamda 2017-yilda „Oh Lord“ qoʻshigʻi uchun „Yilning rap/hip-hop yozuvi“ nominatsiyasidagi mukofot mavjud.

2017-yilda NF Perception albomi orqali yanada mashxurlikka erishgan. Albom AQShda chartlar reytingida birinchi oʻrinni egallab, platina maqomiga sazovor boʻlgan. Albomning uchinchi singli Let You Down esa AQShning Billboard Hot 100 chartida 12-oʻrinni egalladi va xalqaro miqyosda bir qator mamlakatlarda top-beshlikdan joy olgan. U 2019-yilda chiqarilgan The Search albomi bilan ham katta muvaffaqiyatga erishgan. 2021-yilda Clouds mixtape albomi ommaga taqdim qilingan. Feuersteinning eng soʻnggi studiyaviy albomi Hope 2023-yil 7-aprelda chiqarilgan boʻlib, u hammuvaffaqiyat qozonib, AQShning Billboard 200 chartida 2-oʻrinni egallagan. Uning uchinchi mini-albomi va hozirgi kungacha boʻlgan eng soʻnggi loyihasi Fear 2025-yil 14-noyabrda chiqarildi.

Hayotining dastlabki davrlari Nathan John Feuerstein 1991-yil 30-martda Michigan shtatining Gladwin shahrida tugʻilgan. U uch farzandning kattasi boʻlib, ikki singlisi bor. Ota-onasi ajrashgach, NF onasi bilan yashay boshlagan. Ammo onasining mashuqasi Nathanga va singlisiga nisbatan zoʻravonlik qilgani sababli, otasi uni oʻz tarbiyasiga olgan. 2009-yilda onasi giyohvand moddalar haddan tashqari dozasi tufayli vafot etgan. NF ushbu fojeaga bagʻishlab How Could You Leave Us taronasini yozgan. NF 2009-yilda Gladwin oʻrta maktabini bitirgan. U maktabda oʻqigan davrida maktabning basketbol jamoasi aʼzosi boʻlgan. Uning musiqiy faoliyati Michigan shtatining Canton shahrida joylashgan Connection Church tomonidan oʻtkazilgan Fine Arts Festivalda boshlangan.

Karyerasi

2008-2014: Fine Arts festivali, Moments, I’m free, NF Maktab oʻqiyotgan vaqtida Feuerstein Michigan shtatining Canton shahridagi Connection Church tomonidan tashkil etilgan Fine Arts festivalida ishtirok etgan. 2008-yilda u Michigan shtatida rep yoʻnalishida birinchi oʻrinni, 2009-yilda esa mamlakat miqyosida ikkinchi oʻrinni egallagan.

2010-yil 29-noyabrda Feuerstein oʻzining haqiqiy ismi ostida Moments nomli debyut studiyaviy albomini mustaqil ravishda chiqargan. 2011-yil 2-avgustda u oʻzining debyut Alone nomli ilk singlini chiqargan. Qoʻshiqda bastakor va prodyuser Tommee Profitt hamda Brooke Griffith ishtirok etgan. Feuersteinning ijodi xristian musiqasiga ixtisoslashgan Xist Music ovoz yozish kompaniyasining eʼtiborini tortgan va 2012-yil mart oyida kompaniya NF bilan shartnoma imzolaganini eʼlon qilgan. 2012-yil 2-mayda u Profitt tomonidan prodyuserlik qilingan I’m Free nomli debyut mini-albomini chiqargan. Toʻqqizta trekdan iborat mini-albomga „Alone“ qoʻshigʻi ham kiritilgan. Shuningdek, unda Sean Simmonds ishtirokidagi „Alone“ qoʻshigʻining maxsus versiyasi ham mavjud boʻlgan.

Xist Music Feuersteinning oʻz nomi bilan atalgan NF mini-albomi chiqarilishini eʼlon qilgan, biroq Feuerstein kompaniya bilan yuzaga kelgan kelishmovchilikdan soʻng u bilan hamkorlikni toʻxtatgan va NF(albomi)ning chiqarilishi kechiktirilgan. Shunga qaramay, uning Shuree Williams ishtirokidagi „Only One“ qoʻshigʻi kompaniyaning Move Vol 1 nomli terma albomiga kiritilgan. 2013-yilda Feuerstein xristian hip-hop ijrochisi Flamening Royal Flush albomidagi „Start Over“ qoʻshigʻida ishtirok etgan. 2013-yil 4-noyabrda u „Beautiful Addiction“ singlini chiqargan. Qoʻshiqda Profitt ham ishtirok etgan, Brady Schmitz va Danielle Swift esa vokal ijrosini taʼminlagan.

2014-yil may oyida Feuerstein Capitol Christian Music Group bilan shartnoma imzolaganini eʼlon qilgan. 2014-yil 5-avgustda u Tomee Profitt tomonidan prodyuserlik qilingan, oʻz nomi bilan atalgan NF mini-albomni chiqargan. Ushbu mini-albom uning Billboard chartlaridagi ilk muvaffaqiyatli relizi boʻlgan: u Christian Albums chartida 12-oʻrinni, Top Gospel Albums chartida 4-oʻrinni va Top Rap Albums chartida 15-oʻrinni egallagan. EP musiqiy tanqidchilar tomonidan ijobiy qarshi olingan. Jesus Freak Hideout va New Release Tuesday uni 3,5 yulduz bilan baholagan boʻlsa, CCM Magazine EPga 4 yulduzlik yuqori baho bergan. Mini-albomning ikkinchi treki „Wake Up“ 2014-yil avgust oyida NBC telekanalining Chicago P. D. teleseriali reklama roligida ishlatilgan. Mini-albomdagi yana bir qoʻshiq — „Hands Up“ esa NBC telekanalining Grimm teleserialida ishlatilgan.

2015-2016: Mansion, Therapy Session Feuersteinning birinchi toʻliq hajmdagi studiyaviy albomi — Mansion, 2015-yil 31-mart kuni „Wake Up“ taronasining qayta relizi bilan Capitol CMG orqali taqdim etilgan. Albomidagi qoʻshiqlardan biri boʻlgan „Turn the Music Up“ ESPN tomonidan 2015-yilgi NFL Draft davomida ijro etilgan. ESPN, shuningdek, „Wake Up“ qoʻshigʻidan dushanba oqshomidagi basketbol translyatsiyalari vaqtida foydalangan. Mansion albomining asosiy singli boʻlgan Intro treki Madden NFL 16 video oʻyinida ishlatilgan. NFning qoʻshiqlari ESPN, VH1, Showtime va NBC telekanalining Chicago P.D., Grimm, Shades of Blue kabi mashhur seriallarida, Apex Legends oʻyinining yangilanish treylerida hamda Fox kanalining Empire seriali final treylerida ishlatilgan. Intro taronasi klipining premyerasi MTV.com saytining bosh sahifasida boʻlib oʻtgan. Bundan tashqari, klip MTVU, AbsolutePunk, 2DOPEBOYZ, Raps & Hustles va The College Dropouts kabi musiqiy platformalarda ham namoyish etilgan. 2016-yil yanvar oyida albomning Mansion trekidan NBC telekanalining Shades of Blue teleserialining bir qismida ham foydalanilgan.

2015-yilda Feuersteinning TobyMacning This Is Not a Test albomidagi „Til the Day I Die“ hamda Martyning Marty For President loyihasidagi „The One With My Friends“ qoʻshiqlaridagi ishtiroki unga xristian hip-hop yoʻnalishida keng eʼtirof va mashhurlik olib kelgan.

NF 2016-yil 8-aprelda I Just Wanna Know hamda 2 haftadan soʻng 22-aprelda Real nomli singllarini chiqargan. Bu qoʻshiqlar uning ikkinchi studiyaviy albomi — Therapy Session tarkibiga kirgan. Ushbu albom 2016-yil 22-aprel kuni rasmiy ravishda ommaga taqdim etilgan. Therapy Session 2016-yilgi Dove Awards mukofotlarida „Yilning rap/hip-hop albomi“ nominatsiyasida gʻolib boʻlgan. Albomdagi „I Just Wanna Know“ qoʻshigʻi esa „Yilning rap/hip-hop yozuvi“ nominatsiyasiga nomzod boʻlgan, biroq gʻoliblikni qoʻlga kirita olmagan. Therapy Session albomidagi yana bir qoʻshiq — „Oh Lord“ 2017-yilgi Dove Awards marosimida „Yilning rap/hip-hop yozuvi“ mukofotini qoʻlga kiritgan.

NF 2016-yil 8-sentyabrda albom tarkibiga kirmaydigan Warm Up singlni taqdim etgan.

2017-2019: Perception, The Search 2017-yilda Feuerstein reper Futuristic bilan „Epiphany“ taronasida hamkorlik qilgan. Mazkur hamkorlik uning dunyoviy hip-hop yoʻnalishidagi faoliyatini rivojlantirishga xizmat qilgan.

2017-yil 6-oktabrda NF oʻzining uchinchi studiyaviy albomi — Perceptionni ommaga taqdim etgan. Albom debyutida Billboard 200 chartida top 1 ni egallagan hamda bu NFning ilk chart tepasiga chiqqan albomi boʻlgan. Shu bilan birga, NF 2017-yilda Hot 100 reytingida ilgari hech qanday qoʻshigʻi boʻlmagan holda 1-oʻringa chiqqan ikkinchi sanʼatkor sifatida qayd etilgan. Oradan bir hafta oʻtib Let You Down singli taqdim etilgan hamda Billboard Hot 100 roʻyxatiga 87-oʻrinda kirib, NFning bu chartdagi ilk trekiga aylangan. Qoʻshiq sekin-asta ommalashib, 17 hafta ichida 12-oʻringa qadar koʻtarilgan. Ushbu qoʻshiq Teen Choice Awards mukofotlarining R&B/Hip-Hop yoʻnalishida nominatsiyaga qoʻyilgan, biroq gʻoliblikni qoʻlga kirita olmagan. Keyinchalik qoʻshiq Recording Industry Association of America (RIAA) tomonidan 2019-yil 11-yanvarda platina sertifikatiga ega deb topilgan boʻlib, uning savdosi 1 milliondan ortiq nusxani tashkil etgan. Uning Perception albomidagi „Destiny“ qoʻshigʻi esa MLB The Show 18 video oʻyinining saundtrekiga kiritilgan.

Perception albomi katta muvaffaqiyat qozonganidan soʻng, NF 2018-yilning oʻrtalarida Logic va Kyle bilan gastrol safariga chiqishini eʼlon qilgan.

2018-yil 19-yanvarda NF oʻzining albomga kirmagan yangi No Name nomli trekini taqdim etgan. Keyinchalik u toʻrtinchi studiyaviy albomi oldidan Why nomli qoʻshiqni ham chiqargan. 2019-yil 30-may kuni u The Search albomining shu nomdagi trekining ommaga taqdim etgan. Keyinchalik yana ikki singl — When I Grow Up (27-iyun) hamda Time (12-iyul) chiqarilgan. Toʻrtinchi albom — The Search esa 26-iyul kuni rasmiy ravishda taqdim etilgan.

2019-yil 3-dekabrda NF Paid My Dues nomli yangi singlini hamda trekka ishlangan klipni chiqargan.

2020-2025: Clouds, Hope, Fear 2020-yil oktyabrda u qisqa tanaffusdan soʻng sahnaga qaytib, albomga kirmagan Chasing_(Demo) trekini chiqargan. Ushbu qoʻshiqda 15 yoshli avstraliyalik muxlisa Mikayla Sippel ishtirok etgan. Mikayla qoʻshiqning cover versiyasini internetda joylashtirgan va bu NFga juda manzur boʻlganidan, u ushbu duetni rasmiy tarzda chiqarishga qaror qilgan .

2021-yil 18-fevralda NF Clouds nomli yangi singl va klipni eʼlon qilib, shu nomdagi mixtapeni 26-mart kuni chiqarilishini maʼlum qilgan. Mixtapeda Paid My Dues qoʻshigʻi, Hopsin bilan yozilgan Lost, hamda Tech N9ne ishtirokidagi Trust treklari joy olgan. Lost taronasi 2021-yil 11-mart kuni chiqarilgan. Clouds (The Mixtape) 2021-yil 26-martda rasmiy ravishda taqdim etilgan. Miksteypdagi „LAYERS“ nomli qoʻshiq VH1 telekanalining Black Ink Crew: Chicago koʻrsatuvida ishlatilgan.

Bir yillik tanaffusdan soʻng, 2023-yil 16-fevralda NF Hope nomli yangi singlni chiqarib, shu nomdagi beshinchi studiyaviy albomi tez orada chiqishini eʼlon qilgan. 9-martda esa u Motto nomli ikkinchi singlni taqdim etgan. Hope albomi 2023-yil 7-aprel kuni taqdim etilgan hamda shu bilan birga Happy qoʻshigʻi uchun klip ham taqdim etilgan.

2025-yil 30-oktabrda, ikki yillik tanaffusdan soʻng, Feuerstein oʻzining uchinchi mini-albomi Fearni ommaga taqdim qilgan. Mini-albom 2025-yil 14-noyabrda premyera qilingan. Uning tarkibidagi „Fear“ va „Washed Up“ taronalari uchun video kliplar ham ishlangan. 2026-yil fevral oyida amerikalik figurali uchuvchi Ilia Malinin 2026-yilgi Qishki Olimpiada koʻrgazmali gala dasturida „Fear“ qoʻshigʻidan foydalanib, chiqish namoyish etgan.

Konsert turlari

Therapy Session Tour (2017). Perception Tour (2018). Perception World Tour (2018). The Search Tour (2019). Clouds Tour (2021). Hope Tour (2023–24).

Shaxsiy hayoti 2015-yilda Feuerstein Bridgette Doremus bilan uchrashishni boshlagan. Uch yillik munosabatlardan soʻng ular 2018-yilda turmush qurishgan. 2021-yilning avgustida ular oʻgʻil farzandlik boʻlishgan. 2023-yil dekabr oyida NF ikkinchi bor ota boʻlib qiz farzandlik boʻlgan.