Gulchehra Eshonqulova – oʻzbekistonlik teatr va kino aktrisasi. „Fotima va Zuhra“ (2005), „Panoh“ (2007) va „Shabnam“ (2008) kabi filmlardagi rollari orqali mashhurlikka erishgan.

Hayoti Gulchehra Eshonqulova 1981-yil 20-iyunda Tojikistonning Dushanbe shahrida tugʻilgan. Oilda toʻngʻich farzand boʻlib, bitta singlisi va bitta ukasi bor. Gulchehraning yoshligi Qashqadaryo viloyatidagi Shahrisabz shahrida oʻtgan. U yoshligida boshlovchi boʻlishga qiziqqan. Shu sababli, oʻrta maktabni tugatganidan soʻng, ushbu sohada oʻqish uchun Toshkent shahriga kelib, Toshkent sanʼat institutiga oʻqishga topshirgan. Ammo baʼzi bir sabablarga koʻra imtihonlar tugamasidan uyga qaytishga majbur boʻlgan. Gulchehra keyingi yil xuddi shu oliygohning aktyorlik yoʻnalishiga oʻqishga kirib, muvaffaqqiyatli tamomlagan. 2015-yilda esa Istanbul universitetining radio, TV va kino fakultetining aspiranturasiga o‘qishga kirgan.

Faoliyati Gulchehra Eshonqulova filmlardagi faoliyatini 2005-yilda Bahrom Yoqubov tomonidan suratga olingan „Fotima va Zuhra“ filmida Fotima rolini oʻynash orqali boshlagan. 2007-yilda esa „Panoh“ filmida suratga tushgan. Gulchehra 2008-yilda „Armon“, „Feride“, „Shabnam“, 2009-yilda esa „Janob hech kim“, „Ada emas dada“, „Soʻngi lahza“ va „Keragimsan“ filmlarida turli xil darajadagi rollarni ijro etgan. 2010—2014-yillar oraligʻida esa „Qabrdan qaytgan umr“, „Qasos“ va „Faryod 2 (Merosxoʻr)“ filmlarida rol oʻynagan.

Aktrisa „Yoshlar“ telekanalining buyurtmasi asosida O‘zbektelefilm kinostudiyasi tomonidan suratga olingan „Mehmonxona“ serialida ham suratga tushgan. Rejissyor Akrom Isakov tomonidan suratga olingan ushbu serialda Gulchehra Eshonqulova bilan bir qatorda Yoqub Ahmedov, Bobur Yoʻldoshev, Gavhar Zokirova, Adiz Rajabov, Raʼno Shodiyeva, Shodiya Toʻxtayeva, Shaxzoda Matchanova, Erkin Komilov, Tohir Saidov, Xayrulla Saʼdiyev va Anvar Kartayev singari aktyor va aktrisalar rol ijro etgan. 20 qismdan iborat boʻlgan ushbu teleserial 2015-yilda namoyish etilgan.

Gulchehra Eshonqulova 9 yillik tanaffusdan soʻng, 2024-yilda premyerasi boʻlib oʻtgan „Ishq va anduh“ filmida koʻrinish berdi. Ushbu filmda u Umid Iskandarov (Ibrat rolida) bilan birgalikda bosh rollardan biri hisoblangan Nilufar obrazini gavdalantirdi. Film 2024-yilgi Oltin humo mukofotiga nomzod sifatida koʻrsatildi. Afisha.uz sayti maʼlumotlariga koʻra bu uning soʻngi rollaridan biri edi.

Shaxsiy hayoti Gulchehra Eshonqulova 2015-yilda Sharof Sharopov bilan turmush qurgan. Ularning Amirbek ismli oʻgʻil va Sumayya ismli qiz farzandlari bor. Turmush oʻrtogʻining oʻzidan 13 yosh kichikligi ijtimoiy tarmoqlarda juda koʻp muhokama qilingan. Ushbu tanqidlarga javob sifatida Gulchehra instagram sahifasida quyidagicha izoh qoldirgan: „Bu taqdir, shuning uchun menga har xil izohlarni yozmanglar. 13 yosh kichkinaga tegdingiz, demanglar. Bu narsaga olti yil bo‘ldi. Biz ikki farzandning ota-onasi bo‘ldik, baxtli yashayapmiz. Bu narsani hadeb yozaverishdan charchamadinglarmi? Charchamagan bo‘lsanglar, yozaveringlar. Biz uchun bu kulgili.“ Gulchehra Eshonqulova hamda uning oilasi hozirgi kunda Amerika Qoʻshma Shtatlarining Nyu-York shahrida yashaydi.

Filmografiyasi Yil Film Rol 2005-yil Fotima va Zuhra Fotima 2007-yil Panoh Dilnoza 2008-yil Armon Aziza Feride Nargiz Shabnam Shabnam 2009-yil Janob hech kim Malika Ada emas dada Soʻngi lahza Sevara Keragimsan 2010-yil Qabrdan qaytgan umr 2011-yil Qasos Nazora 2014-yil Faryod 2 (Merosxoʻr) 2015-yil Mehmonxona 2024-yil Ishq va anduh Nilufar

Manbalar

Havolalar

Turkum:Dushanbeda tugʻilganlar Turkum:Oʻzbekistonlik aktrisalar Turkum:Toshkent sanʼat instituti bitiruvchilari Turkum:Yashayotgan insonlar