Norin GESlar kaskadi – Namangan viloyati Uychi tumanidan oqib oʻtuvchi Norin daryosida qurilayotgan Oʻzbekistondagi „birinchi Milliy GES“. Ushbu GESlar kaskadi „Oʻzbekgidroenergo“ AJ tomonidan toʻliq moliyalashtirilgan GES hisoblanadi. Umumiy hisobda daryoda 6 ta gidroelektr stansiya qurilishi rejalashtirilgan.

Qurilishi

Oʻzbekiston Respublikasi prezidentining 2024-yil PQ-104-son qaroriga asosan loyiha qurilishi mart oyida boshlangan. Kaskad qurilishiga Oʻzbekiston Respublikasi prezidenti Shavkat Mirziyoyev tomonidan start berilgan. Obyektdagi qurilish ishlari hozirda „Toʻpalang Holding“ pudratchi tashkiloti tomonidan amalga oshirilyapti. Loyihada Namangan viloyati Uychi tumanidan oqib oʻtuvchi Norin daryosida umumiy quvvati 228 megavattni tashkil etadigan 6 ta GES qurilishi rejalashtirilgan. Ushbu gidroelektr stansiyalar kaskadida qurilishi rejalashtirilgan har bir gidroelektr stansiyaning quvvati 38 megavattni tashkil etadi. Har bir gidroelektr stansiyada 4 tadan har birining quvvati 9.5 megavatt boʻlgan gidroagregat oʻrnatilishi rejalashtiriligan. Bunga qadar Namangan viloyatining umumiy generatsiya quvvati 913 megavattni tashkil etgan. GESlar qurilishi natijasida 1 milliard kilovatt-soat elektr energiyasi ishlab chiqarilishi, 310 million metr kub gaz iqtisod qilinishi hamda ishlab chiqarilgan elektr energiyaning 430 ming xonadonni taʼminlashi rejalashtirilgan. Ushbu kaskad qurilishida ishlatilayotgan har bitta gidroagregat „Oʻzbekgidroenergo“ AJ, Zhejiang Jinlun Electromechanic Co. Ltd. hamda Toshkent viloyati Boʻstonliq tumanida joylashgan UGE-JINLUN qoʻshma korxonasi bilan hamkorlikda ishlab chiqariladi. Loyihaning umumiy qiymati 428.5 mln dollarni tashkil etadi. Ushbu loyiha 2028-yilgacha toʻliq yakunlanishi rejalashtirilgan.

Galereya

Manbalar

Turkum:Namangandagi GESlar kaskadlari Turkum:Energetika Turkum:Oʻzbekgidroenergo Turkum:Oʻzbekiston gidroelektr stansiyalari