Yunus Narimonov Musayevich – (1898-yil 25-sentyabrda tugʻilgan) brigada qoʻmondoni.

Hayoti va mehnat faoliyati Yunus Narimonov Musayevich (asli ismi: Hojizoda Yunus Musayevich) Toshkent shahrining Sebzor dahasidagi tikuvchi Yunus Muso oilasida dunyoga kelgan. Dastlabki taʼlimni eski usuldagi maktabda olgan. Keyinchalik 1913-yilda rus-tuzem maktabini tamomlagan. 1913-yildan boshlab 1914-yil iyun oyigacha Toshkent temir yoʻl bekatida tarozibon xizmatida boʻlgan.

1914—1917-yillar mobaynida Abdumalikboyning korxonasida joylovchi vazifasini bajargan. 1917-avgustdan 1918-yil fevralgacha Toshkent shahar ishchi-hizmatchilar kasaba uyushmasida kotib vazifasida ishlab kelgan. Soʻngra, 1918-yil avgustdan 1919-yil sentyabrgacha Turkiston harbiy okrug instruktorlar kursida tahsil olgan.

1919—1920-yillar oraligʻida Turkiston fronti hududiy polkida rota qoʻmondoni, 1920—1921-yillarda Turkiston fronti qoshidagi 29-musulmon piyoda qoʻmondonlik kursi komissari vazifasini bajargan. 1921-yildan 1923-yilgacha Turkiston fronti koʻngilli otryadi siyosiy qoʻmondoni hamda 1923—1925-yillarda 2 otliq brigada siyosiy boʻlimi va maktabi instruktori boʻlib faoliyat yuritgan. 1925-yil apreldan 1927-yil martgacha Birlashgan oʻzbek brigadasi va Turkiston fronti alohida oʻzbek oʻqchi batalyonining harbiy komissari vazifasini bajargan.

1927—1929-yillarda Birlashgan oʻzbek brigadasi bosh kotibi, 1929—1930-yillarda esa Oʻzbek birlashtirilgan milliy brigadasi harbiy prokurori, 1930-yildan siyosiy boʻlim boshligʻi sifatida faoliyat olib borgan. 1931—1934-yillarda N. G. Tolmachev nomidagi Ishchi-dehqon qizil qoʻshin Harbiy-siyosiy akademiyasining quruqlikdagi qoʻshinlar fakultetida oʻqigan. 1937-yilgacha 19-oʻzbek togʻ-otliq diviziyasi siyosiy boʻlim rahbari boʻlgan.

Ayblov Oʻrta Osiyo Harbiy Okrugi Davlat xavfsizlik Bosh boshqarmasi tomonidan 1937-yil 11-sentyabrda qamoqqa olingan. 1938-yil 10-oktyabrda aybi isbotlanmagan holda oliy jazoga hukm qilingan. 1956-yil 13-oktyabrda oqlangan.

Manbalar

Turkum:1898-yilda tugʻilganlar Turkum:1938-yilda vafot etganlar Turkum:Harbiylar Turkum:Davlat arboblari Turkum:Qatagʻon qurbonlari