Donald Edwin Young (talaffuz: Donald Edvin Young; 1933-yil 9-iyun, Kaliforniya shtati Meridian shahrida tugʻilgan – 2022-yil 18-mart, Vashington shtatida vafot etgan) – amerikalik siyosatchi, qariyb yarim asr davomida (1973—2022-yillar) Alyaskaning yagona saylov okrugidan AQSh Kongressi Vakillar palatasining aʼzosi boʻlgan, Respublikachilar partiyasi aʼzosi.

Biografiyasi Kaliforniya shtatining Satter okrugidagi Meridian shahrida tugʻilgan. 1952-yilda Yuba kollejini kichik mutaxassis diplomi bilan, 1958-yilda esa Kaliforniya shtatining Chiko universitetini bakalavr darajasi bilan tamomlagan. 1955-yildan 1957-yilgacha AQSH armiyasida xizmat qilgan.

1959-yilda Alyaskaga koʻchib, Fort-Yukon shahrida yashay boshlagan. 1964-yilda Young shahar meri etib saylangan va 1967-yilda Alyaska Vakillar palatasi aʼzosi boʻlgan. 1970-yilda u Alyaska Senatiga saylangan.

1972-yilda u demokrat Nik Begichga tegishli oʻrin uchun AQSH Vakillar palatasiga saylanishga urinib koʻrgan. 16-oktabr kuni, saylovdan 22 kun oldin, Begich samolyot halokati natijasida bedarak yoʻqoldi, ammo u Youngga qarshi 53,651 (56,24%) ovoz toʻplab, 41,750 (43,76%) ovoz olgan Youngni yengib gʻalaba qozongan. 29-dekabr kuni Begich vafot etgan deb eʼlon qilinadi va 1973-yil 6-martda boʻlib oʻtgan muddatidan oldingi saylovlarda uning oʻrniga Young saylanadi. Keyinchalik Young yigirma toʻrt marta muvaffaqiyatli qayta saylangan, 1995-yildan 2001-yilgacha Tabiat resurslari qoʻmitasiga, 2001-yildan 2007-yilgacha Transport qoʻmitasiga rahbarlik qilgan. Faoliyati tufayli Youngni koʻpincha „Alyaskaning uchinchi senatori“ deb atashgan.

2017-yil 5-dekabrda Jon Konyers oʻz vakolatlarini muddatidan oldin topshirgandan soʻng, Youngga AQSH Vakillar palatasi oqsoqoli ramziy unvoni oʻtgan – bu eng uzoq uzluksiz vaqt davomida oʻz lavozimini egallab turgan kongressmen unvoni hisoblanadi.

U 2022-yil 18-martda Los-Anjelesdan Sietlga parvoz paytida 88 yoshida vafot etgan.

Manbalar

Turkum:1933-yilda tugʻilganlar Turkum:2022-yilda vafot etganlar