Muborak issiqlik elektr markazi yoki Muborak IEM – Oʻzbekistonda qurilgan 3 ta issiqlik elektr markazidan biri (qolgan ikkitasi Toshkent IEM va Fargʻona IEM). "Issiqlik elektr stansiyalari" AJ tarkibida. Qashqadaryo viloyati Muborak tumani Konchilar mahallasida, Muborak sanoat hududida joylashgan. 476 nafar xodim ishlaydi.
Oʻrnatilgan quvvati 476 MVt. Yoqilgʻi turi – tabiiy gaz.
Muborak IEM "Issiqlik elektr stansiyalari" AJ tarkibiga kiritilgunga qadar foyda soligʻi toʻlaligicha respublika budjetiga yoʻnaltiriladigan yirik soliq toʻlovchilar qatorida qayd etilgan.
2023—2027-yillarda Muborak issiqlik elektr markazi kogeneratsion elektr qurilmasini ikki bosqichda oʻrnatish loyihasi davlat dasturiga kiritilgan. Loyiha quvvati 108 MVtni, umumiy qiymati esa 182,0 mln dollarni tashkil qiladi. Bunda toʻgʻridan-toʻgʻri xorijiy investitsiyalar va kreditlar miqdori $8 mlnga teng. Loyiha Misrning „Elsevedy Electric“ kompaniyasi ishtirokida amalga oshiriladi. Birinchi bosqich 2023—2026-yillarga, ikkinchisi esa 2023—2027-yillarga moʻljallangan.
Tarixi 2021-yil 1-fevral kuni Energetika vazirligi Muborak IEMni modernizatsiya qilish boʻyicha Koreyaning SK Engineering & Construction kompaniyasi bilan 600 mln dollarlik shartnoma imzoladi. Unga koʻra, Oʻzbekiston hukumati IEM generatsiya qilgan elektr energiyasini 25 yil davomida xarid qiladi.
2023-yil 4-may kuni Berlinda Oʻzbekiston Energetika vazirligi va Germaniyaning Siemens Energy kompaniyasi bilan Muborak IEM va Buxoro shahridagi 3-sonli issiqlik taʼminoti qozonxonasida gaz trubinasi oʻrnatish boʻyicha 72 mln yevrolik shartnoma imzoladi. Shartnomaga binoan Muborakda har birining quvvati 54 MVt boʻlgan ikkita gaz trubina oʻrnatiladi.
Quyosh fotoelektr stansiyasi 2023-yil mart oyida Muborak IEM hududida quvvati 1,2 MVt boʻlgan quyosh fotoelektr stansiyasi uchun quyosh panellari oʻrnatilishi boshlandi. Iyul oyida esa QFS ishga tushirildi. 1,3 gektar maydonda 1780 ta quyosh panellari oʻrnatilgan. Stansiya 500 ming kub metr tabiiy gazni tejab, 2,7 mln kVt*soat elektr energiyasi generatsiya qilish imkonini beradi. Ushbu energiya IEMning oʻz ehtiyojlari uchun foydalaniladi.
Manbalar
Turkum:Oʻzbekiston issiqlik elektr stansiyalari