Minecraft — (talaffuzi: Maynkraft, mine 'qazmoq', va craft 'yasamoq') 2011-yilda shved video oʻyin ishlab chiqaruvchi kompaniyasi Mojang Studiyalari tomonidan ishlab chiqilgan hamda taqdim etilgan sandbox game janridagi oʻyin. Dastlab Markus „Notch“ Persson tomonidan Java dasturlash tilida yaratilgan boʻlib, uning birinchi ochiq sinov versiyasi 2009-yil 17-mayda chiqarilgan. Dasturchilar oʻyin ustida yana ikki yil ishlab, toʻliq versiyasini 2011-yil 18-noyabrda ommaga taqdim etishgan. Shundan soʻng, Persson Mojangni tark etgan hamda oʻyinning rivojlanishini Jens „Jeb“ Bergenstenga topshirgan. Chiqarilgandan keyingi yillarda, oʻyin bir nechta platformalarga, jumladan smartfonlar, planshetlar va turli video oʻyin konsollariga 4J Studios tomonidan koʻchirilgan. 2014-yilda Microsoft Mojang va Minecraft huquqlarini 2,5 milliard AQSh dollariga sotib olgan. Minecraft oʻsha vaqtdan beri barcha davrlarning eng koʻp sotilgan video oʻyiniga aylangan. 2024-yilga kelib 300 milliondan ortiq nusxa sotilgan hamda taxminan 140 million oylik faol oʻyinchiga ega boʻlgan.

Minecraft oʻyinida oʻyinchilar deyarli cheksiz yerlarni tashkil qiluvchi voxel bloklardan iborat, algoritmlashtirilgan tarzda yaratilgan uch oʻlchamli dunyoni tadqiq qiladilar. Oʻyinchilar xomashyo topish va qazib olish, asboblar va narsalar yasash, shuningdek, turli binolar, yer ishlari va mashinalar qurish imkoniyatiga ega. Oʻyin rejimiga qarab, oʻyinchilar moblar bilan kurashishi, boshqa oʻyinchilar bilan hamkorlik qilishi yoki ularga qarshi raqobatlashishlari mumkin. Oʻyinda ikkita asosiy rejim mavjud. Birinchisi survival boʻlib, unda oʻyinchilar yashash hamda tirik qolish uchun resurslar topishlari kerak. Ikkinchisi esa ijodiy rejim boʻlib, unda oʻyinchilarga cheksiz resurslar beriladi hamda uchish imkoniyati ham mavjud.

Minecraft tanqidchilar tomonidan yaxshi qabul qilingan. Bir necha mukofotlarga sazovor boʻlib, barcha davrlarning eng zoʻr video oʻyinlaridan biri sifatida eʼtirof etilgan. Oʻyinni ommalashtirishda ijtimoiy tarmoqlar, parodiyalar, oʻyin figuralari va yillik Minecon konferensiyalari muhim rol oʻynagan. Oʻyin, shuningdek, kimyo, kompyuter yordamida dizayn va informatika fanlarini oʻrgatish uchun taʼlim sohalarida ham qoʻllanilgan. Bir necha spin-off loyihalari ham yaratilgan, jumladan, Minecraft: Story Mode, Minecraft Earth, Minecraft Dungeons va Minecraft Legends. Bundan tashqari, ushbu oʻyinga asoslangan A Minecraft Movie nomli jonli film 2025-yil aprel oyida kinoteatrlarda namoyish etilishi rejalashtirilgan.

Gameplay Minecraft – bu 3D hamda sandbox game janridagi video oʻyin. Oʻyinda hech qanday aniq bir bajarilishi kerak boʻlgan ishlar yoʻq boʻlib, bu foydalanuvchilar uchun oʻz olamini qurishda erkinlik yaratadi. Oʻyin odatda first-person perspective koʻrinishida oʻynaladi, lekin oʻyinchilar third-person perspective koʻrinishida ham oʻynashlari mumkin. Oʻyin dunyosi turli materiallarni (tuproq, tosh, rudalar, daraxt tanalari, suv va lava) ifodalovchi kub shaklidagi 3D bloklardan iborat. Oʻyinda asosan shu bloklarni olib turli joylarga joylashtirish orqali turli narsalar qurish mumkin. Oʻyinchilar dunyo boʻylab erkin harakatlanishlari mumkin. Shuningdek, oʻyinda redstone deb nomlangan material mavjud boʻlib, undan oddiy mexanik qurilmalar, elektr zanjirlar va turli funksiyalar orqali ochiladigan eshiklar yaratish uchun foydalanish mumkin. Bu esa murakkab tizimlarni yaratish imkonini beradi. Koʻplab sharhlovchilar oʻyin fizikasini reallikka yaqin emas deb taʼriflashgan.

Oʻyinchilar, shuningdek, aslaha kabi turli buyumlarni yaratishlari mumkin. Bu esa oʻyinchilarga moblar tomonidan uyushtiriladigan hujumlarda zararni kamaytiradi. Undan tashqari turli qurollar (qilich yoki bolta) yaratib, yirtqichlar va hayvonlarni osonroq oʻldirish mumkin. Qoʻshimchasiga asboblar (bolgʻa yoki belkurak) orqali ayrim bloklarni tezroq qoʻlga kiritish mumkin. Baʼzi buyumlar yasashda foydalanilgan materialga qarab bir necha darajaga ega boʻlib, yuqori darajadagi buyumlar samaraliroq va chidamliroq boʻladi. Oʻyinchilar, shuningdek, pech kabi foydali bloklarni yaratishlari mumkin. Bu pech ovqat pishirish va rudalarni eritish imkonini beradi. Yana oʻyinda yorugʻlik tarqatuvchi mash’alalar ham bor. Oʻyinchilar oʻz buyumlarini qishloq aholisi bilan savdo qilish orqali boshqa tovarlar evaziga zumradlar bilan almashtirishlari ham mumkin. Oʻyinning inventar tizimi mavjud boʻlib, unda oʻyinchilar cheklangan miqdordagi buyumlarni olib yurishlari mumkin.

Oʻyin dunyosi deyarli cheksiz boʻlib, oʻyinchilar tadqiq qilgan sari landshaftlar kompyuter algoritmlari yordamida tasodifiy tarzda yaratiladi. Garchi dunyoning vertikal chegaralari mavjud boʻlsa-da, Minecraft gorizontal tekislikda, oʻyinchi oʻyinni boshlagan nuqtadan 30 million blokgacha cheksiz katta dunyoni yaratishga imkon beradi. Minecraft dunyosi choʻllardan tortib oʻrmonlar, qor maydonlarigacha boʻlgan turli muhitlarga boʻlingan. Landshaftlarda tekisliklar, togʻlar, oʻrmonlar, gʻorlar va suv yoki lava havzalari mavjud. Oʻyindagi vaqt tizimi kunduz va kechadan iborat boʻlib, toʻliq sikl haqiqiy hayotdagi 20 daqiqaga teng.

Yangi oʻyinchilarga 9 xil variantdan Steve yoki Alex kabi tasodifiy tanlangan asosiy qahramon koʻrinishi beriladi. Lekin oʻyinchilar oʻzlarining istaklariga koʻra turli koʻrinishlarini yaratishlari ham mumkin. Oʻyinchilar oʻyin davomida turli xil moblarga duch kelishadi. Masalan, hayvonlar, qishloq aholisi va turli oʻyinchilarga muammo tugʻdiradigan mavjudotlar. Sigirlar, choʻchqalar va tovuqlar kabi passiv moblar oziq-ovqat va turli kiyim yoki turli materiallar yasash uchun ovlanishi mumkin. Ular asosan kunduzi paydo boʻladi. Undan tashqari oʻyinda muammo tugʻdiradigan moblar ham mavjud boʻlib, ularga katta oʻrgimchaklar, jodugarlar, creeperlar, skeletlar, enderman va zombilar kabi tunda yoki qorongʻi joylarda paydo boʻladigan moblar kiradi. Zombielar hamda skeletlar bosh kiyimi boʻlmasa va suvda turmasa, tongda quyosh sabab yonib ketadi. Minecraft oʻyini tomonidan yaratilgan baʼzi mavjudotlar qatoriga creeper (oʻyinchiga yashirincha yaqinlashib, portlaydigan mavjudot) va enderman (teleportatsiya qila oladigan, bloklarni koʻtarib, ularni joylashtira oladigan mavjudot) kiradi.

Ishlab chiqarilishi Minecraftni yaratishdan oldin Marcus „Notch“ Persson King kompaniyasida 2009-yil mart oyigacha oʻyin ishlab chiquvchi boʻlib ishlagan. Asosan brauzer oʻyinlari ustida ish olib borgan va shu vaqt davomida turli dasturlash tillarini oʻrgangan. U uyda boʻsh vaqtlarida oʻz oʻyinlari uchun prototiplar ishlab chiqib, koʻpincha boshqa oʻyinlardan ilhom olgan va mustaqil dasturchilar uchun TIGSource forumlarida faol qatnashgan. Shaxsiy loyihalaridan biri RubyDung deb atalgan boʻlib, bu oʻyinni yaratishda Dwarf Fortress hamda RollerCoaster Tycoon kabi oʻyinlardan ilhomlangan. RubyDung oʻyinida Dungeon Keeperga oʻxshash first-person perspective koʻrinishini sinab koʻrgan. 2009-yil mart oyida Persson King kompaniyasidan ketib, jAlbum kompaniyasiga qoʻshilgan. Shunga qaramay oʻz oʻyini uchun prototiplar yaratish ustida ishlashda davom etgan.

2009-yil aprel oyida chiqarilgan Infiniminer oʻyini, Perssonning RubyDung loyihasini rivojlantirishda yanada bir qancha yangi gʻoyalar taqdim etgan. Infiniminer oʻyini Perssonni oʻyin uchun first-person perspective koʻrinishini qaytarishga undagan. Ammo, Infiniminerdan farqli ravishda, Persson Minecraft oʻyinida RPG elementlarini boʻlishini xohlagan.

Minecraftning dastlabki talqini 2009-yil 17-mayda TIGSource forumlarida chiqarilgan. Yillar davomida Persson muntazam ravishda yangi test versiyalarini chiqarib borgan. Ularga asboblar, moblar va hatto boshqa oʻlchamlar kabi qoʻshimchalar kiritib borgan. 2011-yilda oʻyin ommalashib borayotgani sababli, Persson toʻliq 1.0 versiyasini chiqarishga qaror qilgan hamda bu versiya Adventure Update deb nomlangan. Oʻyinning bu versiyasi 2011-yil 18-noyabrda rasman taqdim etilgan. Oradan biroz vaqt oʻtib Persson oʻyinni rivojlantirishdan voz kechgan hamda loyiha boshqaruvini Jens “Jeb” Bergenstenga topshirgan.

2014-yil 15-sentyabrda Microsoft kompaniyasi Mojang va Minecraft huquqlarini 2,5 milliard dollarga sotib olish boʻyicha kelishuvga erishganini eʼlon qilgan. Persson biror korporatsiyadan oʻyinni huquqlarini sotib olishini soʻrab tvit yozgan. Shundan soʻng Microsoft bu taklifni bergan. Perssonning aytishicha, Mojang kompaniyasi bosh direktori Carl Manneh Perssonning tvitidan koʻp oʻtmay Microsoft kompaniyasidan Perssonn haqiqatdan ham bitimga tayyor yoki yoʻqligini haqida maʼlumot olgan. Undan tashqari Activision Blizzard va Electronic Arts kabi kompaniyalar ham Mojangni sotib olishga qiziqish bildirishgan. Microsoft bilan bitim 2014-yil 6-noyabrda yakunlangan va natijada Persson Forbesning Dunyo milliarderlari roʻyxatiga kiritilgan.

Manbalar

Turkum:Videooʻyinlar