Maria Branyas Morera (1907-yil 4-mart, San-Fransisko – 2024-yil 19-avgust, Olot) – ispaniyalik oʻta uzoq umr koʻrgan ayol, uning yoshi Gerontologiya tadqiqot guruhi (GRG), Ginnesning rekordlar kitobi va LongeviQuest guruhi (LQ) tomonidan tasdiqlangan. Maria 2023-yil 17-yanvardan (Lyusil Randon vafotidan keyin) va 2024-yil 19-avgustda umrining soʻnggiga qadar Yer yuzidagi eng keksa inson boʻlib qoldi va uning yoshi 117 yosh 169 kun boʻlgan.
Hayoti Branyas 1907-yil 4-martda Kaliforniyaning San-Fransisko shahrida muhojirlar oilasida tugʻilgan. U Joseph Branyas Julià (1877—1915) va Teresa Morera Laque (1880—1968) ning birinchi farzandi va toʻngʻich qizi boʻlgan. Bolaligida oilasi bilan Yangi Orleanga koʻchib oʻtdi, u yerda otasi Mercurio jurnaliga asos solgan va uni ispan tilida soʻzlashuvchi amerikaliklar uchun muvaffaqiyatli nashr etgan. 1915-yilda oila Ispaniyaga qaytishga qaror qildi, ammo otasi kemada sil kasalligidan vafot etgan. Branyas akalari bilan oʻynab yurganida, bir qulogʻi eshitish qobiliyatini yoʻqotib, yuqori palubadan pastki palubaga yiqilib tushdi. Ona qizi bilan Kataloniyaga koʻchib oʻtdi, u yerda Maria 1931-yilda shifokor Joan Moretga turmushga chiqdi. Ispaniyadagi fuqarolar urushi paytida Truxilodagi dala kasalxonasida hamshira boʻlib ishlagan. Ularning uchta farzandi, oʻn bitta nabirasi va oʻn uchta chevarasi boʻlgan. 1990-yillarda Branyas Misr, Italiya, Niderlandiya va Angliya boʻylab sayohat qilgan. Sayohat davomida tikuvchilik, musiqa va oʻqish bilan shugʻullangan. 2000-yilda, 93 yoshida, pnevmoniya bilan kasallanganidan soʻng Kataloniyaning Olot shahridagi qariyalar uyiga koʻchib oʻtgan. Branyas 108 yoshgacha pianino chalgan va eshitish qobiliyatini yoʻqotganligi sababli muloqot qilish uchun ovozli-matn platformasidan foydalangan.
2019-yil 22-dekabrdan beri Maria Ispaniyaning eng keksa fuqarosi hisoblangan.
Salomatlik va uzoq umr koʻrish 2020-yil mart oyida Branyas COVID-19 dan tuzalgan eng keksa odamga aylandi. The Observer nashriga bergan intervyusida u keksalarga yaxshiroq munosabatda boʻlishga chaqirdi: „Bu pandemiya keksalarni jamiyatimizning unutilganlari ekanligini koʻrsatdi. Ular bugungi hayot sifati uchun butun umr kurashib, vaqtlarini va orzularini qurbon qilishdi. Ular dunyoni bu tarzda tark etishga loyiq emas edilar“.
2020-yil iyul oyida Ispaniyaning Milliy tadqiqot kengashi va Dalt Pharmacy tomonidan koronavirus pandemiyasining qariyalar uylari aholisiga taʼsirini oʻrganish boʻyicha tadqiqot oʻtkazildi. Tadqiqot uning sharafiga Proyecto Branyas („Loyiha Branyas“) deb nomlangan.
Branyas 2023-yil 17-yanvarda fransiyalik Lyusil Randon vafotidan soʻng rasman dunyodagi eng keksa kishiga aylandi. Shuningdek, 2023-yil 21-aprelda Ana Mariya Vela Rubioni ortda qoldirib, Ispaniyada yashagan eng keksa odamga va 2023-yil 14-mayda Tekla Juniewiczni ortda qoldirib, dunyodagi eng keksa muhojirga aylandi. 2023-yil 12-dekabrda yaponiyalik Fusa Tatsumi vafotidan soʻng, Branyas 1907-yilda tugʻilgan oxirgi tasdiqlangan tirik qolgan shaxs boʻlib qoldi.
2023-yilda Maria keksa yoshda salomatlik va xotirani yaxshi saqlashi natijasida ilmiy tadqiqot mavzusiga aylandi.
Branyas 2024-yil 19-avgustda 117 yoshu 168 kunligida uyqusida vafot etgan.
Yana qarang
Eng qari insonlar roʻyxati Manbalar
Turkum:2024-yilda vafot etganlar Turkum:19-avgustda vafot etganlar Turkum:1907-yilda tugʻilganlar Turkum:4-martda tugʻilganlar Turkum:Olotlik kishilar Turkum:Kataloniya millatiga mansub amerikaliklar Turkum:Kataloniya millatiga mansub ispanlar Turkum:Ispan millatiga mansub amerikaliklar