Mirziyod Mirzoidov (1930-yil, Toshkent viloyati, Oʻzbekiston SSR — 1980-yil 6-aprel, Oʻzbekiston SSR) — oʻzbek tarjimoni.
Tarjimayi holi Mirziyod Mirzoidov 1930-yil Toshkent viloyati, Yunusobod qishlogʻida tavallud topgan. 1941-yilda otasi Mirzoid Mirhamidov vafotidan soʻng bobosi sohibkor bogʻbon Mirhamid qoʻlida oʻsgan. 1947-yilda oʻrta maktabni tugatganidan soʻng Oʻrta Osiyo davlat universiteti filologiya fakultetiga oʻqishga kirgan. O‘qishni tugatgach, G‘afur G‘ulom nomidagi adabiyot va san’at nashriyotida muharrir va katta muharrir lavozimida faoliyat olib borgan. 1965-yilda Yozuvchilar uyushmasi a’zoligiga qabul qilingan. Mirziyod Mirzoidov 1980-yil 6-aprelda 50 yoshida vafot etgan.
Ijodiy faoliyati Mirziyod Mirzoidov tarjimachilik faoliyatining ilk davrlarida „Ellada qahramonlari“ toʻplamini hamda L. Panteleyev va Grigoriy Belixning „Shkid respublikasi“ asarini oʻzbek tiliga tarjima qilgan. Keyinroq esa Garegin Sevuntsning „Tehron“, Vrindavanlal Varmaning „Jhansiy malikasi“, Onore de Balzakning „Gobsek“, Vyacheslav Shishkovning „Sarkash daryo“, shuningdek, Ivan Turgenev, Maksim Gorkiy, Mixail Sholoxov, Aleksandr Fadeyev, Artur Konan Doyl, Mustay Karim asarlarini oʻzbek tiliga oʻgirgan.
Mirziyod Mirzoidov ijodiy faoliyatida badiiy film tarjimalari alohida o‘rin olgan. Tarjimon jami 12 film, 4 pyesa, 4 telespektaklni rus tilidan o`zbek tiliga oʻgirgan. Jumladan, „Ivan Vasilyevich kasbini oʻzgartiradi“, „Ishdagi ishq“ filmlarini oʻzbek tiligan tarjima qilgan.
Manbalar
Turkum:Oʻzbekistonlik tarjimonlar Turkum:1930-yilda tugʻilganlar