Muhammadali Ikramov (toʻliq ismi: Muhammadali Toʻlqinjonovich Ikramov; 2004-yil 16-aprel, Denov tumani, Surxondaryo viloyati, Oʻzbekiston — 2024-yil 19-iyun, Chilonzor tumani, Toshkent, Oʻzbekiston) — oʻzbek internet faoli, oʻzbekcha Vikipediya maʼmuri. Oʻzbekcha Vikipediyada Salazarov nomi ostida faoliyat olib borgan. Deyarli 600 ta maqola va 5 mingdan ziyod sahifalarni yaratgan, mingdan ortiq maqolalarni, vikima’lumotlardagi 3 mingga yaqin maʼlumotlarni, umumiy hisobda, Vikimedia jamg‘armasi loyihalarida 26 mingdan oshiq tahrirni amalga oshirgan.
Hayoti Muhammadali Ikramov 2004-yil 16-aprelda Surxondaryo viloyatining Denov tumanida tugʻilgan. Denov tumanida joylashgan oʻrta maktabni tugatgach, 2021-yil Oʻzbekiston davlat jahon tillari universiteti filologiya va tillarni oʻqitish mutaxassisligi boʻyicha oʻqishga qabul qilingan.
Oʻlimi thumb|upright|250px|Muhammadali Ikramov qabri 2024-yil 19-iyun kuni Muhammadali Ikramov baxtsiz hodisa tufayli halok boʻlgan. Shu kuni Ikramov ikki nafar kursdoshi bilan taxminan soat 12:10 larda Boʻrijar kanalining Toshkent shahri, Yakkasaroy tumanidan oqib oʻtuvchi qismiga choʻmilishga borgan. Kanaldagi suv oqimining tezligi va sovuqligi tufayli Ikramov suzib chiqa olmay, oqib ketgan. Shu kunning oʻzidayoq Toshkent shahridagi Favqulodda vaziyatlar boshqarmasining qutqaruvchi g‘avvoslar guruhi tomonidan tezkor-qidiruv natijasida Chilonzor tumani, Beshyog‘och ko‘chasidagi „Toshkent Gidroelektrstansiyalari“, „Bo‘rijar“ 4-GES hududidan Ikramovning jasadi topilgan. Muhammadali Ikramov 2024-yil 21-iyunda oʻz tugʻilgan joyi Denov tumanida dafn qilingan. Bir necha oy avval Boʻrijar kanalida choʻkib ketgan 3 nafar chet el fuqarosi haqidagi xabar internetda eʼlon qilingan edi.
Vikipediyadagi faoliyati Muhammadali Ikramov 2022-yil 13-may kuni dastlab inglizcha Vikipediyada roʻyxatdan oʻtgan boʻlib, qisqa vaqt ichida Vikipediyaga maqolalar joylashni oʻrgandi. Soʻngra oʻzbekcha Vikipediyada maqolalar yaratishni boshlagan. Muhammadali Ikromov WikiStipendiya marafonining birinchi mavsumida gʻoliblikni qoʻlga kiritgan kuchli oʻnlikdan oʻrin egallagan. Vikipediyaning qonun-qoidalarini yaxshi bilgani hamda sifatli maqolalar yaratgani sababli o‘zbekcha Vikipediya foydalanuvchilari bergan ovozlar asosida 2023-yil 25-iyun kuni o‘zbekcha Vikipediya administratorligiga saylangan. Ikromov Vikipediyadagi qisqa faoliyati mobaynida „GIF qisqartmasi talaffuzi“ va „Yoʻtal siropi mojarosi“ kabi yaxshi maqolalar muallifi boʻlgan.
Manbalar
Havolalar