Android Cupcake — Google tomonidan ishlab chiqilgan Android operatsion tizimining uchinchi versiyasi boʻlib, Android 1.1ning oʻrinbosari hisoblanadi. Versiya 2009-yil 27-aprelda ommaga taqdim qilindi va 2009-yil 15-sentabrda Android Donut versiyasi chiqqunga qadar eʼtibor markazida boʻldi.
Android Cupcake HTC Dreamda taqdim etilgan jismoniy klaviaturadan voz kechib, virtual klaviaturani taqdim qildi. Cupcake operatsion tizimda oldindan oʻrnatilgan ilovalarning xususiyatlarini yaxshiladi; videolarni YouTubega toʻgʻridan toʻgʻri yuklash imkoni, xuddi shunday rasmlarni Picasaga, Gmailda umumiy harakatlarni qoʻllab-quvvatlash imkoni va yangi JavaScript mexanizmi, nusxalash, joylashtirish imkoniyatlari veb brauzerda yangilandi. Android Cupcake Androidning qandolatchilik mavzusidagi nomlash sxemasidan foydalangan birinchi yirik versiyasi boʻldi, ushbu nomlash sxemasi 2019-yilda Android 10 taqdim etilguncha davom etdi.
2010-yil iyul oyiga kelib Android Cupcakeʼda ishlaydigan qurilmalar soni Android operatsion tizimida ishlaydigan faol qurilmalarning chorak qismidan kamrogʻini tashkil etdi. Keyingi oylarda foydalanuvchilarning Android Cupcakeʼni oʻrnatishlari koʻrsatkichi pasayishni boshladi, 2011-yil yanvariga kelib Android Cupcakeʼdan foydalanadigan qurilmalar 4,7 foizini tashkil etdi. 2017-yil 30-iyunga kelib Google Cupcakeʼdagi Google Playni qoʻllab-quvvatlashni toʻxtatdi.
Tarixi 2008-yil dekabrda Android oʻz manbalarini yangilab, „cupcake“ versiyasini ommaga ochiqladi. Ushbu versiya Bluetooth stereoni qoʻllab quvvatlardi va Androidning elektron pochta foydalanuvchilari bilan bogʻliq bir nechta muammolarni hal qilardi. Shu vaqtga kelib, HTC Dream Android Cupcake versiyasini yangilanish sifatida qabul qilishi haqida xabarlar paydo boʻldi. Cupcake versiyasi chiqarilgandan keyin har oy yangilanib bordi va 2009-yilning yanvar oyida ekran klaviaturasi va bloknot ilovasi qoʻshildi. Fevral oyida HTC Magic Cupcake bilan ishga tushirilgan va ayniqsa jismoniy klaviyaturasi mavjud boʻlmagan birinchi qurilma sifatida taqdim etildi.
Android Cupcake 2009-yil 27-aprelda rasman ommaga taqdim etildi. Cupcake chiqarilgandan keyingi kunlarda HTC Dream Android Cupcake uchun simsiz yangilanishni qabul qila boshladi.
Tizim xususiyatlari Bluetooth Bluetooth stereo qoʻshildi va avtomobil ichki funksiyalarini Bluetooth orqali qoʻllab-quvatlash muammolari hal qilindi. Android Cupcakeʼda avtomatik ulanish funksiyasi qoʻshildi. Audio/videolarni masofadan boshqarish imkonini beruvchi Bluetooth profillari qoʻshildi.
Klaviatura iPhonedagi kabi virtual klaviatura qoʻshildi. Virtual klaviatura HTC Magicga oʻxshash jismoniy klaviaturasi mavjud boʻlmagan qurilmalar uchun juda muhim hisoblanadi. Virtual klaviatura avtomatik tuzatish, oldindan taxmin qilish, lugʻatlarni tahrirlash kabi funksiyalarni qoʻllab-quvvatlaydi.
Foydalanuvchi interfeysi Android Cupcakeʼning foydalanuvchi interfeysiga biroz oʻzgartirishlar kiritildi, jumladan shaffoflik.
Vidjetlar Endilikda bosh ekranga vidjetlarni qoʻshish mumkin. Taqvim, musiqa ijrochisi vidjetlari operatsion tizim tomonidan oldindan oʻrnatiladi. Dasturchilar oʻz vidjetlarini yarata olishadi.
Boshqa xususiyatlar Android Cupcakeʼda MMS joʻnatmalari, yuklanishlarni toʻxtatish va davom ettirish, MPEG-4 va 3GP video formatlarini qoʻllab-quvvatlash, SD card fayl tizimini tekshirish kabi boshqa xususiyatlar qoʻshildi. Android operatsion tizimining asosiy yadrosi Linux 2.6.27 versiyaga yangilandi.
Ilova xususiyatlari Google Play Store Android Cupcakeʼda Google Play Storega qidirish uchun turkum va filtrlar qoʻshildi.
Kamera Foydalanuvchilar videolarni kameradan toʻgʻridan toʻgʻri YouTubega yuklasha oladi, suratlarni esa Picasaga. Kamera ilovasini ishga tushirish vaqti yaxshilandi.
Kontaktlar Kontaktlarga foydalanuvchi rasmlarini yuklash imkoniyati qoʻshildi. Kontaktlar ilovasi bilan Google Talk oʻrtasida integratsiya oʻrnatildi. Qoʻngʻiroqlar jurnali aniq sana va vaqt belgilarini koʻrsatadi.
Gmail Gmail ilovasida umumiy harakatlar, masalan bittada koʻp xabarlarni arxivlash yoki oʻchirish kabi imkoniyatlar qoʻshildi.
Veb brauzer Android Cupcakeʼning veb brauzeri JavaScriptning Squirrelfish mexanizmidan foydalanadi va sahifada nusxalash, joylashtirish va qidirish funksiyalarini ishlatadi. Kitob belgisi va qidiruv tarixi xususiyatlarini ham oʻz ichiga oladi.
Dasturchilar uchun API Android Cupcake dasturchilar foydalanishi uchun API taqdim qiladi. Android 1.1 va Cupcake oʻrtasida 1000 dan ortiq oʻzgarishlari kiritildi. Dasturchilar quyidagi imkoniyatlarga ega: Bosh ekran vidjetlarini yaratish Audio va videolarni ijro qilish va yozib olish uchun API`lardan foydalanish Klaviaturaga oʻzgartirish kiritish
Android Cupcake OpenGL grafik API`larini ham qoʻllab-quvvatlaydi.
Manbalar
Turkum:Android