Gollandiya Ost-Indiya kompaniyasi (; Birlashgan Ost-Indiya kompaniyasi) — Niderlandiya savdo-sodiq kompaniyasi. 1602-yilda asos solingan va 1798-yilgacha mavjud boʻgan kompaniya. Yaponiya, Xitoy, Seylon va Indoneziya bilan savdo-sotiq (asosan choy, mis, kumush, paxta, shoyi matolar, ipak, keramika, ziravorlar va opium kabi mahsulotlar) olib borgan. Tinch va Hind okeani davlatlari bilan savdo-sotiqni monopoliyaga aylantirganKoloniaal Verleden VOC at the National Library of the Netherlands (in Dutch).

Kompaniya tarixi 1594-yilda niderland savdogarlari guruhi Sharq davlatlari bilan vositachilarsiz savdoni yoʻlga qoʻyish maqsadida „Van Verre“ kompaniyasiga asos solishgan. Keyinchalik shunga oʻxshash boshqa kompaniyalar ham yuzaga kelgan. Kompaniyalar oʻrtasidagi oʻzaro raqobatni yoʻqotish va portugal, ispan, ingliz savdogarlariga qarshilik koʻrsatish maqsadida Birlashgan Niderlandiya provinsiyalari general shtatlari tomonidan barcha savdo kompaniyalari 1602-yilda yagona Ost-Indiya kompaniyasiga birlashtirilgan. Kompaniyaning ustav kapitali 6,5 million florinni tashkil qilgan.

Ost-Indiya kompaniyasi savdo faktoriyalarining butun bir tarmogʻini yaratgan (Yaxshi umid burni, Fors koʻrfazida, Bengaliya, Malakka (hozirgi Malayziya tarkibida), Xitoy, Siam (hozirgi Tailand), Formoz (hozirgi Tayvan)). Ost-Indiya kompaniyasi gʻarbda Yaxshi umid burnidan sharqda Magellan boʻgʻozigacha boʻlgan hududlarda savdo qilgan.

Kompaniya tarixidagi eng mashhur shaxs kompaniyaning shtab-kvartirasini keyinchalik Gollandiyaning Osiyodagi mustamlakalari poytaxtiga aylangan va Yava orolida joylashgan, oʻzi tomonidan asos solingan Bataviya (hozirgi Jakarta) shahriga koʻchirgan Jan Pieterszoon Coen hisoblanadi. Ushbu mintaqadagi Niderlandiya sobiq hududlarini hali ham Gollandiya Hindistoni (Gollandiya Ost-Indiyasi (Indoneziya), Hindiston yarimorolidagi Gollandiya hududlari, Seylon, Malakka, Janubiy Afrikadagi koloniyalar) deyishadi.

Kompaniya 6 ta port shaharlarda (Amsterdam, Rotterdam, Zellandiya, Delft, Xorn va Eykxeyzene) ofislarga (palata) ega edi va 17 ta savdogarlardan iborat majlis tomonidan boshqarilgan.

Niderlandiya Yevropadagi eng ilgʻor dengiz mamlakatiga aylanganidan soʻng Ost-Indiya kompaniyasi tom maʼnoda davlat ichidagi davlatga aylangan. U tashqi savdodagi monopoliyaga, faktoriyalar yaratish, kemasozlik, harbiy kuchlar va shaxsiy flotga ega edi.

Gollandiya Ost-Indiya kompaniyasi dunyodagi ilk aksiyadorlar jamiyati hisoblanadi.

Gollandiya Ost-Indiya kompaniyasi sababli koʻplab buyuk geografik kashfiyotlar amalga oshirilgan. Misol uchun kompaniya xizmatchisi Henry Hudson Xitoyga Amerika orqali boruvchi dengiz yoʻlini kashf qilgan. Keyinchalik qirgʻoqlarida Nyu-York shahri vujudga kelgan (dastavval shahr Yangi-Amsterdam deb nomlangan) va oʻz sharafiga nomlangan dengiz va boʻgʻozni ochgan. Kompaniya xizmatchisi, doktor Jan van Riebeeck 1652-yilda Janubiy Afrikada Yevropadan Hindistonga safarga chiqqan kemalarga xizmat koʻrsatuvchi, kemalarni xomashyolar bilan taʼnimlovchi qoʻrgʻonga asos solgan. Ushbu baza dastavval Kapstad nomli kichik aholi punktiga, keyinchalik esa JARning asosiy port shahri — Keyptaunga aylandi.

Kompaniya Britaniya imperiyasi bilan doimiy ziddiyatda boʻlgan. Gollandiyaning Britaniya bilan 1780—1784-yillarda boʻlib oʻtgan urushdagi magʻlubiyatidan soʻng kompaniya ham moliyaviy qiyinchiliklarga duch kelgan (1796-yilda kompaniyaning umumiy qarzi 100 million florinni tashkil qilgan). Bankrotlikka uchragan Ost-Indiya kompaniyasi 1798-yilda tarqatib yuborilgan. Uning mulklari esa Bataviya respublikasi tasarrufiga oʻtgan.

Qiziqarli faktlar 1697-yilda Amsterdam burgomistri va Ost-Indiya kompaniyasi direktorlaridan biri Nicolaes Witsen Moskva qirolligi vakillariga (ular ichida yosh shahzoda Pyotr Alekseevich ham bor edi) kemasozlikdan saboq olish uchun mamlakatda tahsil olishga ruxsat bergan. Gollandlarning Indoneziyadagi faoliyati Joseph Conradning koʻpgina asarlarida keltirib oʻtilgan. 2010-yil sentabr oyida Utrext universiteti talabasi tomonidan Xorn shahri arxivida Ost-Indiya kompaniyasi tomonidan 1606-yilda chiqarilgan dunyodagi eng qadimiy aksiya topilgan.

Kinematografiyada 2007-yilda rus prokatida „Vlastelini shtorma“ () deb nomlangan va kapitan Villem Bontekening sayohatlariga asoslangan film dunyo yuzini koʻrgan. 2015-yilda „Admiral“ deb nomlangan golland tarixiy-biografik filmi suratga olingan. Filmda Angliya-Gollandiya urushida yuz bergan real voqealar tasvirlangan. Adabiyotda 2010-yilda yozuvchi David Mitchelning „The Thousand Autumns of Jacob de Zoet“ nomli badiiy romani chop etilgan. Asar voqealari XVIII—XIX asrlar mobaynida Yaponiyaning sunʼiy Dedzima orolida joylashgan Ost-Indiya kompaniyasining savdo faktoriyasida yuz beradi. Romanda kompaniya xizmatchilarining hayoti va kompaniyaning bankrotlikka yuz tutishi bilan bogʻliq holatlar yoritib oʻtilgan.

Yana qarang Niderlandiya tarixi Niderlandiya mustamlakalari

Manbalar

Havolalar

Qadimiy aksiya — dunyodagi eng qadimiy aksiya (1606) Gollandiya Ost-Indiya kompaniyasining 200 yilligi: nimaga dunyodagi eng boy kompaniya bankrotlikka uchradi