Oʻzbekistonda tadbirkorlar huquqlarini himoya qilish boʻyicha vakil (yoki Biznes Ombudsman) – Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Tadbirkorlik subyektlarining huquqlari va qonuniy manfaatlarini himoya qilish boʻyicha vakil. Tadbirkorlarning huquqlarini himoya qilish boʻyicha vakil Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti tomonidan lavozimga tayinlanadigan mansabdor shaxs boʻlib, u tadbirkorlik subyektlarining huquqlari va qonuniy manfaatlarini himoya qilish kafolatlarini, mazkur huquqlar va qonuniy manfaatlarga davlat organlari, shu jumladan, huquqni muhofaza qiluvchi va nazorat qiluvchi organlar tomonidan rioya etilishini taʼminlaydi.

Taʼsis etilishi Rasmiy nomi – Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Tadbirkorlik subyektlarining huquqlari va qonuniy manfaatlarini himoya qilish boʻyicha vakil. Keng jamoatchilik orasida Biznes-ombudsman sifatida ham qoʻllaniladi.

Tayinlanish kuni oʻttiz yoshga toʻlgan, oliy maʼlumotli, davlat tilini biladigan, tadbirkorlik subyektlarining huquqlari va qonuniy manfaatlarini himoya qilish sohasidagi faoliyatda yoxud tadbirkorlik faoliyatida tajribaga ega boʻlgan, bevosita tayinlanishidan oldin kamida besh yil Oʻzbekiston Respublikasi hududida muqim yashayotgan Oʻzbekiston Respublikasi fuqarosi Tadbirkorlarning huquqlarini himoya qilish boʻyicha vakil etib tayinlanishi mumkin.

Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2017-yil 28-iyuldagi PF–5125-sonli Farmoniga muvofiq Dilmurod Kasimov Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Tadbirkorlik subyektlarining huquqlari va qonuniy manfaatlarini himoya qilish boʻyicha vakil lavozimiga tayinlangan.

O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2025-yil dekabrdagi PF-260-son Farmoniga ko‘ra, O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Tadbirkorlik subyektlarining huquqlari va qonuniy manfaatlarini himoya qilish bo‘yicha vakili (Biznes-ombudsman) lavozimiga Buriyev Abdumannop Abduraxmatovich tayinlandi.

Tadbirkorlarning huquqlarini himoya qilish boʻyicha vakil oʻz vakolatlarini mustaqil hamda davlat organlariga, ularning mansabdor shaxslariga tobe boʻlmagan tarzda amalga oshiradi va oʻz faoliyatida Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentiga hisobot beradi.

Tarixi Tadbirkorlik subyektlarining huquqlari va qonuniy manfaatlarini himoya qilish boʻyicha vakil institutini tashkil etish gʻoyasi ilk bor Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2016-yil 5-oktyabridagi PF-4848-sonli Farmonida qayd etildi.

Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 07.02.2017-yildagi „Oʻzbekiston Respublikasini yanada rivojlantirish boʻyicha harakatlar strategiyasi toʻgʻrisida“gi PF-4947-sonli Farmoniga asosan, 2017–2021 yillarda Oʻzbekiston Respublikasini rivojlantirishning beshta ustuvor yoʻnalishi boʻyicha Harakatlar strategiyasini amalga oshirishga oid Davlat dasturida Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi tadbirkorlik subyektlari huquqlari va qonuniy manfaatlarini himoya qilish boʻyicha vakili (Biznes-ombudsman)ni tashkil etish koʻzda tutilgan.

Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2017-yil 5-may kuni PF-5037-sonli Farmoniga asosan, Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Tadbirkorlik subyektlarining huquqlari va qonuniy manfaatlarini himoya qilish boʻyicha vakili instituti taʼsis etildi.

Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2017-yil 28-iyuldagi PF–5125-sonli Farmoniga muvofiq D. Kasimov Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Tadbirkorlik subyektlarining huquqlari va qonuniy manfaatlarini himoya qilish boʻyicha vakil lavozimiga tayinlangan.

O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2025-yil dekabrdagi PF-260-son Farmoniga ko‘ra, O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Tadbirkorlik subyektlarining huquqlari va qonuniy manfaatlarini himoya qilish bo‘yicha vakili (Biznes-ombudsman) lavozimiga Buriyev Abdumannop Abduraxmatovich tayinlandi.

2017-yil 29-avgustdagi OʻRQ-440-sonli Oʻzbekiston Respublikasining „Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Tadbirkorlik subyektlarining huquqlari va qonuniy manfaatlarini himoya qilish boʻyicha vakil toʻgʻrisida“gi Qonuni qabul qilindi. Bu orqali uning faoliyati Parij prinsiplarida mustahkamlangan huquqni himoya qiluvchi institutlar statusiga toʻla mos kelishini taʼminlab bergan.

Institut tashkil etilayotgan davrda uning tuzilmasi boʻyicha Biznes-ombudsman apparatida 8 kishi ishlagan.

Keyinchalik esa uning Apparati tarkibi ikki marotaba, 2019-yilda hamda 2022-yilda kengaytiriladi.

Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2019-yil 15-martdagi PF-5690-sonli Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining tadbirkorlik faoliyatini himoya qilish tizimini tubdan takomillashtirishga oid Farmoni qabul qilinib, unga koʻra Biznes-ombudsman apparati tuzilmasi kengaytirilib, uning xodimlari soni 86 nafarga etdi.

Joylarda tadbirkorlik subyektlari bilan yaqindan hamkorlik qilish uchun respublika hududlarida uning apparati xodimlari paydo boʻldi.

2022-yili Oʻzbekiston Respublikasi Biznes-ombudsmani va uning devoni xodimlariga tadbirkorlar huquqlarining oʻz vaqtida himoya qilinishini taʼminlash maqsadida maʼmuriy javobgarlik toʻgʻrisidagi Kodeksning 9 ta moddasi boʻyicha maʼmuriy huquqbuzarliklar toʻgʻrisidagi ishlarni koʻrib chiqish va jarima shaklida maʼmuriy jazo qoʻllash vakolati berildi.

Bular:

Jismoniy va yuridik shaxslarning murojaatlari toʻgʻrisidagi qonunchilikni buzish tadbirkorlik subyektlarining huquqlari buzilishi qismida (43-modda); Yer uchastkasini noqonuniy olib qoʻyish – tadbirkorlik subyektlarining huquqlari buzilishi qismida (200²-modda); Xususiy mulk huquqini buzish (241¹-modda); Tadbirkorlik subyektlarining faoliyatini tekshirish va moliya-xoʻjalik faoliyatini taftish qilish tartibini buzish (241²-modda); Tadbirkorlik subyektlarining faoliyatini va (yoki) ularning banklardagi hisobvaraqlari boʻyicha operatsiyalarni qonunga xilof ravishda toʻxtatib turish (241-moddaning 3-bandi); Tadbirkorlik subyektlarini homiylikka va boshqa tadbirlarga majburiy jalb etish (241-modda); Imtiyozlar va preferensiyalarni qoʻllashni gʻayriqonuniy ravishda rad etish, qoʻllamaslik yoki qoʻllashga toʻsqinlik qilish (241³); Tadbirkorlik subyektlarining hisobvaraqlarida pul mablagʻlari mavjudligi toʻgʻrisidagi axborotni qonunga xilof ravishda talab qilib olish (241-8-modda); Tadbirkorlik subyektlaridan qonunchilikni buzgan holda hujjatlar talab qilib olish (241-10-modda).

„Yagona davlat nazorati“ axborot tizimi „Yagona davlat nazorati“ axborot tizimi – tadbirkorlik sohasida davlat nazorati bilan bogʻliq katta hajmdagi maʼlumotlarni yigʻish, tahlil qilish va qayta ishlash imkonini beruvchi hamda nazorat qiluvchi organlar tomonidan tadbirkorlik subʼektlari faoliyatida tekshiruv oʻtkazish tashabbusini (kelishish yoki xabardor etish orqali), oʻtkaziladigan tekshiruvlarni va ular natijalarini roʻyxatga olishni taʼminlovchi elektron axborot tizimi.

2022-yil 1-aprelda tadbirkorlik sohasida davlat nazorati bilan bogʻliq katta hajmdagi maʼlumotlarni yigʻish, tahlil qilish va qayta ishlash imkonini beruvchi, shuningdek, quyidagi imkoniyatlarga ega „Yagona davlat nazorati“ axborot tizimi ishga tushirildi. 2022-yil 1-noyabrdan tadbirkorlik subʼektlari faoliyatida oʻtkaziladigan barcha tekshiruvlar „Yagona davlat nazorati“ axborot tizimida roʻyxatga olina boshladi. Bunda tadbirkorlik subʼektlari faoliyatida mazkur tizimda roʻyxatga olinmagan tekshiruvlarni oʻtkazish noqonuniy hisoblanadi.

Tadbirkorlik subyektlari faoliyatida oʻtkazilgan tekshiruvlarning natijalari hamda profilaktika tadbirlari toʻgʻrisida maʼlumot tekshiruv yoki profilaktika tadbirlari tugagan kundan boshlab uch kun muddatda „Yagona davlat nazorati“ axborot tizimiga kiritiladi.

2023-yil 1-yanvardan boshlab nazorat qiluvchi organlarga „Yagona davlat nazorati“ axborot tizimidagi davlat nazorati funksiyalari reestriga kiritilmagan funksiyalar boʻyicha tadbirkorlik subʼektlari faoliyatida tekshiruvlar oʻtkazish taqiqlab qoʻyildi.

Nima uchun tadbirkorlar „Yagona davlat nazorati“ axborot tizimidan foydalanishlari kerak? Axborot tizimi tadbirkorlik subʼekti faoliyatida oʻtkaziladigan tekshirishlar yuzasidan batafsil maʼlumotlarni oʻz ichiga oladi. Tekshiruvlar toʻgʻrisida xabardor boʻlish uchun govcontrol.uz havolasi orqali oʻtib, tizimda roʻyxatdan oʻtishi lozim. Roʻyxatdan oʻtgandan soʻng, tadbirkorlik subʼektining shaxsiy kabinetida amalga oshiriladigan davlat nazorati turlari tadbirkorlik subʼektining faoliyati boʻyicha saralangan holda koʻrsatiladi. „Mening maʼlumotlarim“ boʻlimida tadbirkorlik subyekti faoliyatiga oid barcha maʼlumotlar koʻrsatilgan. „Roʻyxatga olingan tekshiruvlar“ boʻlimida nazorat qiluvchi organlar tomonidan tizimda roʻyxatga olingan barcha tekshiruvlar koʻrsatilgan.

Vakilning vazifalari Oʻzbekistonda tadbirkorlar huquqlarini himoya qilish boʻyicha vakil quyidagi vazifalarni bajaradi: tadbirkorlik faoliyatini rivojlantirish, tadbirkorlik subyektlarining huquqlari va qonuniy manfaatlarini himoya qilish sohasida davlat siyosatini shakllantirish hamda amalga oshirishda ishtirok etish; davlat organlari tomonidan tadbirkorlik subyektlarining huquqlari hamda qonuniy manfaatlariga rioya etilishi yuzasidan nazoratni amalga oshirish; tadbirkorlik subyektlarining faoliyatini tekshirish amalga oshirilayotganda ularni huquqiy jihatdan qoʻllab-quvvatlash; tadbirkorlik faoliyati erkinligining kafolatlari toʻgʻrisidagi qonun hujjatlari normalari va talablarining amalda roʻyobga chiqarilishini oʻrganish; qabul qilingan normativ-huquqiy hujjatlarning tadbirkorlik faoliyatini amalga oshirishga taʼsiri samaradorligini baholash; tadbirkorlik subyektlarining huquqiy kafolatlarini mustahkamlashga, ularni rivojlantirishni ragʻbatlantirishga qaratilgan qonun hujjatlarini takomillashtirish yuzasidan takliflar tayyorlash. Vakil faoliyatidagi asosiy qadriyatlar Qonuniylik – tadbirkorlik subyektlarining huquqlari va qonuniy manfaatlarini himoya qilishda qonun hujjatlari talablariga qatʼiy rioya etish;

Odillik – faoliyat davomida yuzaga keladigan har qanday masalaga adolatli yondashish;

Halollik – faoliyatni amalga oshirishda korrupsion holatlarga yoʻl qoʻymaslik, barcha masalalarni hal etishda xolislikni taʼminlash;

Professionallik – murojaatlarni koʻrib chiqish, tahlillarni amalga oshirish, oʻrganish ishlarida kasbiy faoliyatni tizimli, professional va samarali tashkil etish;

Tashabbuskorlik – tadbirkorlar manfaatini koʻzlab, shuningdek, biznes-muhitini yaxshilash maqsadida yangi gʻoyalar, tashabbuslar va ilmiy, innovatsion takliflarni ilgari surish;

Masʼuliyat – har bir qoʻyilgan vazifaga lavozim majburiyatlaridan kelib chiqqan holda jiddiy yondashish, samaradorlikka erishish;

Jamoaviylik – ish faoliyatini tashkil etishda Vakil devoni xodimlari bilan bir maqsad sari harakat qilish, guruhbozlikka yoʻl qoʻymaslik;

Oʻzaro hurmat – faoliyatni tashkil etishda Vakil devoni xodimlari oʻrtasida oʻzaro ahillikni taʼminlash, jamoa obroʻsi va maqsadlari uchun shaxsiy masʼuliyatni his qilish.

Shikoyatlarni koʻrib chiqish tartibi

Tadbirkorlarning huquqlarini himoya qilish boʻyicha vakil tadbirkorlik subyektlarining oʻz huquqlari va qonuniy manfaatlarini buzayotgan davlat organlarining va boshqa tashkilotlarning qarorlari, ular mansabdor shaxslarining harakatlari (harakatsizligi) ustidan bergan shikoyatlarini koʻrib chiqadi. Tadbirkorlik subyektlari oʻrtasida yuzaga keladigan iqtisodiy nizolarni, tadbirkorlik faoliyati bilan bogʻliq boʻlmagan, oilaga, mehnatga doir va boshqa huquqiy munosabatlardan kelib chiqadigan nizolarni hal etishga taalluqli shikoyatlar Tadbirkorlarning huquqlarini himoya qilish boʻyicha vakilning koʻrib chiqish doirasiga kirmaydi. Tadbirkorlarning huquqlarini himoya qilish boʻyicha vakil sudlarning, tezkor-qidiruv faoliyatini amalga oshiruvchi organlarning, tergov, surishtiruv va jazoni ijro etish organlarining vakolatiga kiritilgan masalalarni koʻrib chiqmaydi.