Samarqand shahridagi Prezident maktabi — 2021-yil 18-oktabr kuni Samarqand shahrida ochilgan zamonaviy taʼlim muassasasi. Maktabda darslar STEAM yoʻnalishiga oid oʻquv qoʻllanma va darsliklar orqali olib boriladi. Maktabga xorijiy davlatlardan 11 nafar mutaxassis jalb qilingan. Ular bilan birga 22 nafar mahalliy oʻqituvchilar faoliyat yuritadi. Prezident maktablari uchun kirish imtihonlari Cambridge universitetining Cambridge Assessment International Education imtihon kengashi tomonidan oʻtkaziladi.

Ochilish tarixi Samarqand shahridagi Prezident maktabi 169 o‘ringa mo‘ljallangan. Maktabda barcha sharoitlarga ega mehmonxona, gimnastika va sport zallari, suv havzasi, oshxona va dars tayyorlash xonalari mavjud. Bundan tashqari 2 qavatli kompleks tarkibida 4 ta laboratoriya, 17 ta auditoriya 240 ta zamonaviy interfaol qurilmalar bor. Loyihaning umumiy qiymati 73 milliard 725 million soʻm. Ochilish marosimida Samarqand viloyati hokimi Erkinjon Turdimov va Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Prezident, ijod va ixtisoslashtirilgan maktablarni rivojlantirish agentligi direktori Hilola Umarova qatnashgan. Maktab bitiruvchilari shahodatnoma, attestat, shuning bilan birga xalqaro darajadagi dastur diplomiga ega boʻlishi mumkin.

Qulayliklar Maktab oʻquvchilari 5 mahal ovqat, bepul maktab formasi va bepul yotoqxona bilan taʼminlanadi. Oʻquvchilar darsdan boʻsh paytida kompyuterda ishlashlari uchun zarur shart sharoitlar yaratilgan. Sinfxonalar smart doskalar bilan jihozlangan. Barcha turdagi sport anjomlariga ega sport zali, basketbol va futbol maydonchalari ham mavjud.

Manbalar

Turkum:Prezident maktablari Turkum:Oʻzbekistondagi prezident maktablari Turkum:Samarqand viloyati oʻquv yurtlari