Hoshim Sattarov (1904-yil Namangan – 1938-yil Toshkent) – Ziyoli, shifokor. Oʻzbek, maʼlumoti oliy. Toshkentda tibbiyot institutini tashkil etilishida hissa qoʻshgan. Oʻzbekiston SSR Sogʻliqni saqlash Xalq komissarligida kadrlar boʻlimi mudiri. Oʻzbekiston SSR Xalq komissarlar raisi oʻrinbosari. Faoliyati 1904-yil Namangan shahrida kambagʻal dehqon oilasida tugʻilgan.

Oilasi ogʻir sharoit tufayli 1914-yilda xususiy qand korxonasida qora ishchi boʻlib ishlaydi. Bu 1916-yilgacha davom etgan. Otasi 1917-yilda oʻzining eski ishiga bogʻdorchilikka qaytadi. Hoshim Sattarov 1917-yildan 1919-yilgacha „Namuna“ nomli maktabda tahsil olgan. 1919-yildan 1922-yilgacha Oʻzbekiston pedagogika instituti huzuridagi kursda oʻqigan. 1922-yili Turkiston Kommunistik partiyasi homiyligida Moskvada Kalinin nomidagi ishchilar fakultetida tahsil olgan. 1925-yilda esa ishchilar fakultetini tamonlab, Moskva davlat universiteti Tibbiyot fakultetiga oʻqishga kirgan. 1920-yildan 1928-yilga qadar komsomol aʼzosi boʻlgan, partiyaga 1929-yil 28-yanvar kuni qabul qilingan. 1930-yilda Moskvadagi tibbiyot institutini tamomlab, ichki kasalliklar boʻyicha shifokor mutaxassisligiga ega boʻlgan. Institutni tamomlagandan soʻng Moskvada aspiranturada oʻqishni davom ettirgan. 1931-yil mayida Oʻz K(b)P Markaziy komiteti qarori bilan ishlash uchun Toshkentga chaqirib olingan.

Oʻz K(b)B Markaziy komiteti qaroriga muvofiq Oʻzbekiston SSR Sogʻliqni saqlash Xalq komissarligida kadrlar boʻlimi mudiri etib tayinlangan. Bu lavozimda 1931-yil mayidan 1932-yilgacha ishlagan. 1932-yildan 1934-yilga qadar Oʻzbekiston SSR Xalq komissarlar raisining oʻrinbosari, keyinchalik Toshkent tibbiyot instituti direktori vazifalarida ishlagan. Sovetlarning V qurultoyida OʻzSSR Markaziy ijroiya komiteti aʼzosi etib saylangan. 1935-yilning 20-dekabriga kelib OʻzSSR Markaziy Ijroiya komiteti va OʻzSSR Xalq komissarlari Soveti boshchiligida Toshkentda Tibbiyot instituti tashkil etiladi. Instututni tashkil etishdagi faol ishtiroki tufayli taqdirlangan. Partiya tozalovidan oʻtgan.

Oilasida 7 kishi: xotini, oʻgʻli, xotinining ikki singlisi va otasi. Yashash manzili Toshkent shahri, 1-may koʻchasi, 74-uy. SSSR Oliy sudi harbiy kollegiyasi sayyor sessiyasining 1938-yil 4-oktyabrdagi Toshkent yigʻilishida Sattarov Hoshim Ogʻaliqovich otishga hukm etilgan. VKP (b) siyosiy byurosi va shaxsan Stalin tomonidan maʼqullangan va kategoriyalarga ajratilgan qatagʻon qurbonlari roʻyxatiga kiritilgan. Sud hukmi shu kuni ijro etilgan. Partiya XX syezdidan keyin reabilitatsiya qilingan.

Manbalar

Turkum:1904-yilda tugʻilganlar Turkum:Sovet davri qatagʻon qurbonlari Turkum:Moskva davlat universiteti bitiruvchilari Turkum:Oʻzbekistonlik shifokorlar