Prosopagnosia (yunoncha prósōpon — „yuz“ va agnōsía — „bilmagan“ degan maʼnoni anglatadi) yuz qiyofasini idrok etishning kognitiv buzilish sindromi boʻlib, unda tanish yuzlarni, shu jumladan oʻz yuzini tanib olish qobiliyati (oʻz-oʻzini tanish layoqati) buzilgan boʻladi, ammo boshqa vizual jarayonlar (masalan, obyekt diskriminatsiyasi) va intellektual faoliyat (masalan, qaror qabul qilish layoqati) saqlanib qoladi. Bu atama dastlab miyaning oʻtkir shikastlanishidan keyingi holatni (orttirilgan prosopagnoziya) ifodalash uchun qoʻllangan, ammo kasallikning tugʻma yoki oʻsish jarayonida rivojlanuvchi shakli ham mavjud boʻlib, uning bunday turlari tarqalishi 2,5 % ni tashkil qiladi. Odatda miyaning fusiform girus sohasi prosopagnoziya sindromiga aloqador boʻladi, chunki aynan shu soha yuz qiyofalariga javoban faollashadi. Fusiform girusning funksionalligi koʻpchilik odamlarga murakkab jonsiz narsalardan koʻra yuz qiyofalarni batafsilroq tanib olish imkonini beradi. Prosopagnoziya sindromi boʻlganlar yuzlarni tanib olishlari uchun sezuvchanligi past obyektni tanish metodidan foydalanishlari mumkin. Oʻng yarim sharning fusiform girusi chapga qaraganda tanish yuz qiyofalarini anglab olishda koʻproq ishtirok etadi. Fusiform girus faqat inson yuzlarini tanib olishda ahamiyatga egami yoki yuqori darajada rivojlantiriladigan vizual stimullar jarayonida ham ishtirok etadimi, bu hali aniq emas.

Orttirilgan prosopagnoziya oksipito — temporal lobning shikastlanishidan kelib chiqadi. Bu koʻpincha kattalarda uchraydi. Orttirilgan prosopagnoziya appertseptiv va assotsiativ prosopagnoziyaga boʻlinadi. Tugʻma prosopagnoziyada shaxs hech qachon yuzlarni tanib olish qobiliyatini yetarli darajada rivojlantirolmaydi.

Davolash uchun bir qancha urinishlar amalga oshirilgan boʻlsa-da, hech qanday terapiya prosopagnoziklar guruhida doimiy davo natijasini koʻrsatmadi. Prosopagnoziklar koʻpincha qiyofalarni „boʻlak-boʻlak“ yoki „xususiyatlar boʻyicha“ tanish strategiyalaridan foydalanishni oʻrganadilar. Bu kiyim, yurish, soch rangi, terining rangi, tana shakli va ovozi kabi ikkilamchi belgilarni oʻz ichiga olishi mumkin. Yuz xotirada muhim identifikatsiya qiluvchi xususiyat boʻlib xizmat qilganligi sababli, bunday kasallikka chalingan odamlar uchun shaxslar haqidagi maʼlumotlarni kuzatib borish va boshqalar bilan normal muloqot qilish qiyin boʻlishi mumkin. Prosopagnoziya, shuningdek, boshqa miya sohalari bilan bogʻliq boʻlgan boshqa kasalliklarga ham aloqador boʻlishi mumkin: chap hemianopsiya (chap tomondan koʻrish qobiliyatining yoʻqolishi, oʻng oksipital lobning shikastlanishi bilan bogʻliq), akromatopsiya (rangni idrok etish qobiliyatidagi buzilishlar, temporo-oksipital birikmadagi ikki tomonlama shikastlanishlar bilan bogʻliq) va topografik disorientatsiya (atrof-muhitni idrok qilish va tanib olish qobiliyatini yoʻqotish, oʻng yarim sharning parahipokampal girusning orqa qismidagi va til girusining old qismidagi shikastlanishlar bilan bogʻliq).

Prosopagnoziyaning aksi bu yuzni tanib olishdagi kuchli qobiliyatidir. Bunday qobiliyatga ega odamlar „super tanuvchilar“ deb ataladi.

Turlari

Apperceptive (Apperseptiv) Appertseptiv prosopagnoziya atamasi odatda yuzni idrok etish tizimidagi eng dastlabki jarayonlar bilan orttirilgan prosopagnoziya holatlarini tasvirlash uchun ishlatilgan. Apperseptiv prosopagnoziyada oʻng oksipital temporal mintaqalar hal qiluvchi rol oʻynaydigan miya sohalari hisoblanadi. Ushbu kasallikka chalingan odamlar yuz qiyofalarni idrok eta olmaydilar, ularga turli xil yuzlarning rasmlari koʻrsatilganda ularni „oʻxshash va farqli“ qiyofalarga ajratib berolmaydilar. Bunday sindromga ega odamlar tanish va notanish yuzlarni farqlay olmaydilar. Bundan tashqari, prosopagnoziyaning ayrim sub-apperseptiv turlarida yuz emotsiyalarini anglay olmaslik holatlari ham kuzatiladi. Biroq, ular odamlarni kiyimi, soch turmagi, teri rangi yoki ovozi kabi yuzga aloqador boʻlmagan elementlarga qarab taniy olishlari mumkin. Apperseptiv prosopagnoziya fusiform girusdagi maʼlum buzilishlar bilan bogʻliq deb ishoniladi. Katta yoshdagilar bilan oʻtkazilgan yuzga oʻxshash stimullar (mushuklarning yuz qiyofalarini farqlashini oʻrganish) boʻyicha yangi yuz detektorlarini shakllantirish ustidagi tajribalar shuni koʻrsatdiki, bunday yangi detektorlar fusiformda emas, balki til girusida hosil boʻlar ekan.

Assotsiativ Assotsiativ prosopagnoziya atamasi odatda orttirilgan prosopagnoziyaning idrok etish jarayonlari saqlanib qolgan, ammo yuzni erta idrok etish jarayonlari va odamlarning xotiradagi semantik maʼlumotlari oʻrtasidagi aloqalar buzilganligini tasvirlash uchun ishlatiladi. Oʻng oldingi temporal mintaqalar ham assotsiativ prosopagnoziyada muhim rol oʻynashi mumkin. Kasallikning ushbu shakliga ega boʻlganlar odamlarning yuzlari fotosuratlari bir xil yoki boshqacha ekanligini aniqlashlari hamda yosh va jinsni yuz orqali farqlay olishlari mumkin (bu ular yuz qiyofalariga oid maʼlumotlarini tushunishlari mumkinligini koʻrsatadi), lekin keyinchalik aynan oʻsha odamlarni taniy olmaydilar, ularning ismi, kasbi yoki oxirgi marta qachon uchrashganligi kabi maʼlumotlarni ayta olishmaydi. Assotsiativ prosopagnoziya, parahipokampal girusning faoliyati buzilganligi bilan bogʻliq deb hisoblanadi.

Rivojlanuvchi Rivojlanuvchi prosopagnoziya (Developmental Prosopagnosia / DP), shuningdek, kongenital prosopagnoziya (CP) deb ham atalib, bu prosopagnoziyaning umrbod davom etadigan, erta bolalik davrida namoyon boʻladigan va orttirilgan miya shikastlanishi bilan bogʻliq boʻlmagan turidir. Rivojlanuvchi prosopagnoziya hayotning ilk davrida boshlangan boʻlsa-da, koʻp odamlar hayotining oxirigacha oʻzlarida DP sindromi borligini anglamaydilar. Bir qator tadqiqotlar EEG oʻlchovlari va fMRI asosida DP sndromida funktsional nuqsonlar boʻlishini aniqladi. Kasallikning paydo boʻlishiga irsiy omil sabab boʻlishi taxmin qilinmoqda. „Irsiy prosopagnoziya“ atamasi ham kiritilgan boʻlib, agar oilaning bir nechta aʼzolarida DP kuzatilsa, bu holatning mumkin boʻlgan genetik hissasiga urgʻu beriladi. Ushbu ehtimoliy genetik omilni tekshirish uchun tasodifiy tanlangan 689 talabalar bilan soʻrovnoma oʻtkazdi, unda miqdoriy jihatdan oʻn yettita rivojlanuvchi prosopagnoziya holatlari aniqlandi. DP kuzatilgan qatnashchilarning 14 tasi bilan oila aʼzolarida ham kasallik alomatlari bor-yoʻqligini aniqlash uchun suhbat oʻtkazildi. Ularning har birida kamida bir nafar oila aʼzosida ushbu sindrom alomatlari borligi maʼlum boʻldi.

2005-yilda Ingo Kennerknecht boshchiligidagi tadqiqot prosopagnoziyaning tavsiya etilgan tugʻma buzilish shakli mavjudligini aniqladi. Ushbu tadqiqot tugʻma prosopagnoziya koʻpincha oilalarda tez-tez uchraydigan kognitiv kasallik ekanligini epidemiologik dalillar bilan taʼminlaydi. Tadqiqot davomida shakllangan izchil tahlillar, shuningdek, irsiy prosopagnoziya (HPA) ning segregatsiya shakli autosomal dominant oʻtishga toʻliq mos kelishini koʻrsatadi. Oʻtishning bu usuli HPA nima uchun maʼlum oilalar orasida keng tarqalganligini tushunishga yordam beradi (Kennerknecht va boshq. 2006).

Sabab Prosopagnoziya pastki oksipital sohalarning turli qismlarida (oksipital yuz sohasi), fusiform girus (fusiform yuz maydoni) va old temporal korteksning turli qismlaridagi shikastlanishlar tufayli yuzaga kelishi mumkin. Pozitron emissiya tomografiyasi (PET) va fMRI skanerlari prosopagnoziyasi boʻlmagan odamlarda bu sohalar yuz stimullariga javoban faol ekanligini koʻrsatdi. Pastki oksipital sohalar asosan yuzni idrok etishning dastlabki bosqichlarida ishtirok etadi va oldingi temporal tuzilmalar tanish odamning yuzi, ovozi va ismi haqidagi aniq maʼlumotlarni birlashtiradi.

Orttirilgan prosopagnoziya bir nechta nevrologik zarar yetkazuvchi sabablar natijasida rivojlanishi mumkin. Prosopagnoziya posterior miya arteriyasi infarkti (PCAI) va temporo-oksipital sohaning infero-medial qismida qon ketishi sababli ham yuzaga kelishi mumkin. Bunday holatlar ikki tomonlama yoki bir tomonlama boʻlishi mumkin, ammo bir tomonlama boʻlsa ham, deyarli har doim oʻng yarim shar qismida yuzaga keladi. Soʻnggi tadqiqotlar shuni tasdiqladiki, oʻng yarim sharning yuqorida aytib oʻtilgan temporo-oksipital sohalarga zarar yetishi prosopagnoziyani keltirib chiqarish uchun yetarli boʻladi. Prosopagnoziya bilan ogʻrigan bemorlarning MRI tekshiruvi oʻng yarim sharda izolyatsiya qilingan jarohatlar borligini, fMRI skanerlash esa chap yarim sharning normal ishlashini koʻrsatdi. Bir tomonlama chap temporo-oksipital shikastlanishlar obyekt agnoziyasiga olib keladi. Chap yarim sharning shikastlanishi natijasida yuzni tanib olish layoqatining bu tarzdagi buzilishlari vizual modallikdan shaxsga xos semantik maʼlumotni olishga xizmat qiluvchi miyaning qidirish jarayonlarini bloklaydigan semantik nuqson bilan bogʻliqligi taxmin qilingan.

Boshqa kamroq tarqalgan etiologiyalarga uglerod oksidi bilan zaharlanish, temporal lobektomiya, ensefalit, neoplazma, oʻng temporal lob atrofiyasi, shikastlanish, Parkinson kasalligi va Altsgeymer kasalligi kiradi.

Diagnostika Prosopagnoziyani aniq tashxislashi mumkin boʻlgan bir nechta neyropsikologik mezonlar mavjud. Koʻp ishlatiladigan testlardan biri mashhur qiyofa testlari boʻlib, unda odamlardan taniqli shaxslarning yuzlarini tanib olishlari soʻraladi. Biroq, bu testni standartlashtirish qiyin. Benton Facial Recognition Test (BFRT) neyropsixologlar tomonidan yuzni tanib olish koʻnikmalarini baholash uchun qoʻllaniladigan yana bir testdir. Shaxslarga oltita yuz tasviri va bitta alohida surat koʻrsatiladi va ulardan qaysi qiyofa shu suratdagi yuzga oʻxshash ekanligi soʻraladi..Suratlarda sochlar va kiyimlar koʻrsatilmaydi, chunki prosopagnoziya bilan ogʻrigan koʻplab odamlar yuzlarni tanib olish uchun soch va kiyim belgilaridan foydalanadilar. Sinov davomida erkak va ayol yuzlaridan foydalaniladi. Dastlabki oltita surat uchun faqat bitta mos yuz surati beriladi. Keyin esa, ularning soni 3 taga yetkaziladi, ammo suratlardagi qiyofa pozalari turlicha boʻladi. Duchaine va Nakayama tomonidan oʻtkazilgan tadqiqot natijasida avvaldan prosopagnoziyaga chalingani aniq boʻlgan 11 ishtirokchi uchun ham oʻrtacha mezon normal diapazonda ekanligini koʻrsatganda, BFRT ning ishonchliligi haqida shubhalar paydo boʻldi. Buning sabablaridan biri testni ishlab chiqish usuli boʻlishi mumkin. Rivojlanuvchi prosopagnoziyasi boʻlgan odamlar koʻpincha qismli strategiyalardan foydalanadilar, bu test muayyan yuzni unga mos keladigan boshqa yuz qiyofalar bilan solishtirishga yordam beradi. Sinov qiyinlashgan sari, joylashuv va yorugʻlik tufayli yuzning koʻproq jihatlari xiralashib boraveradi, natijada sinovdan oʻtayotgan odam belgilangan yuz qiyofasiga mos yuzni topish uchun individual elementlarni qidira boshlaydi.

Sinov apperseptiv prosopagnoziya bilan ogʻrigan bemorlarga tashxis qoʻyish uchun foydali boʻlishi mumkin, chunki bu solishtirma test boʻlib, bu orqali shaxs yuzlarni farqlay oladimi yoʻqmi, aniqlab olish mumkin. Assotsiativ prosopagnoziya bilan ogʻrigan bemorlarga tashxis qoʻyish uchun bu sinov mos kelmaydi, chunki bunday bemorlar yuzlarni qiyoslash orqali aynan oʻsha paytda farqlab olishlari mumkin.