Avliyo Ioann Baptist cherkovi () — Oʻzbekistonning Samarqand shahrida joylashgan Rim-katolik cherkovi. 1915—1916-yillarda qurilgan. Manzili — Samarqand shahri, Mahmud Qoshgʻariy koʻchasi, 86. Oʻzbekistonning Samarqanddagi apostollar idorasi tarkibiga kiradi. Bugungi kunda „Avliyo Ioann Baptist“ cherkovida nemis, ingliz va rus tillarida messa amali bajariladi. Tarixi XIX asr oxirlarida Samarqandga rus askarlari, yevropalik savdogarlar, davlat amaldorlari qatorida katolik diniga eʼtiqod qiluvchilar ham kela boshlashdi. Yillar mobaynida Turkiston oʻlkasiga, xususan Samarqandga keluvchi katoliklar soni ortib boradi. 1905-yilda Samarqandga kelgan katoliklar jamoati Samarqand shahar maʼmuriyatiga va Turkiston yeparxiyasiga katolik cherkovi qurish talabi bilan murojaat qiladilar. Ammo ularning bu talabi inkor qilinadi.
1915-yil Birinchi jahon urushida asir olingan polshalik, avstriyalik, vengriyalik va germaniyalik harbiylar Turkistonga olib kelinishi sababli, oʻlkada katoliklar soni yanada ortadi. Samarqandga kelgan harbiy asirlar orasida arxitektorlar, musiqachilar, injenerlar, quruvchilar, rassomlar va haykaltaroshlar bor edi. Bundan foydalangan faollar maʼmuriyatga yana cherkov qurish taklifi bilan murojaat qilishadi. Maʼmuriyat tomonidan bu murojaat qondiriladi.
1915-yil maʼmuriyat tomonidan hozirda Mahmud Qoshgʻariy deb nomlanuvchi koʻchadan cherkov qurilishi uchun joy ajratiladi va 1915—1916-yillarda arxitektor Y. Nelle loyihasi asosida cherkov qurib bitkaziladi.
1917-yil Oktabr inqilobi oqibatida hokimiyatga sovetlar kelishi ortidan cherkov yopiladi va bino davlat hisobiga oʻtkaziladi. Binodagi barcha diniy ramzlar olib tashlanadi va undan sport zali sifatida foydalaniladi.
1988-yil binoni taʼmirlab, unda organ oʻrnatish va uni qayta cherkovga aylantirish uchun harakatlar boshlanadi, barcha kerakli hujjatlar toʻplanadi. Lekin Sovet ittifoqi parchalanishi sababli harakatlar besamar yakunlanadi.
1995-yilda ruhoniy Ivan Rollof tashabbusi bilan Samarqand shahar maʼmuriyatida katolik prixod (qavm) roʻyxatga olindi.
1997-yilda Vatikanning Markaziy Osiyo boʻyicha elchisi Marian Oleś Oʻzbekiston prezidenti Islom Karimov bilan uchrashib, ushbu binoni xristianlarga topshirish haqida kelishuvga erishgan va shundan keyin Samarqanddagi katolik prixodiga „Avliyo Ioann Baptist“ cherkovi binosi topshirildi.
1999-yil 27-mart kuni cherkov binosi xristian anʼanalariga binoan poklantirildi. Cherkov xizmatchilari Ivan Rollofdan keyin prixodni Tadeush Glusets, Fransisk Stopkovich, Lyutsian Shimanskiy boshqarganlar. Arxitekturasi Arxitekturasi klassitsizm, gotika va barokko uslublari qorishmasidan iborat. Cherkov koʻrinishi klassik bir qavatli bino boʻlib, derazalarining tepa qismi yoysimon. Baland qoʻngʻiroqxonasining tomi qirrali. Cherkovning ichki qismi keng zaldan iborat, zalda ibodatga kelganlar oʻtirishlari uchun bir necha qator oʻrindiqlar joylashtirilgan. Zal toʻrida mehrob va uning ortida katta xoch tasviri, Iso Masih va Bibi Maryam haykallari joylashgan. Kapital taʼmirlanishi 2021-yilda cherkov kapital taʼmirlangan. Taʼmirga qadar och olovrang boʻlgan ichki devorlar och moviy rangga boʻyalgan. Iliq pol tizimi oʻrnatilgan, shift va derazalar yangilangan. Polshadan organ olib kelingan.
Galereya
Manbalar
Havolalar
Turkum:Cherkovlar Turkum:Oʻzbekistondagi katolik cherkovlari Turkum:Samarqand cherkovlari