„Sweet Dreams (Are Made of This)“ () — Buyuk Britaniyada tuzilgan „Eurythmics“ dueti ijro etgan qoʻshiq. 1983-yil duetning ayni nomli albomining toʻrtinchi va yakuniy singli oʻlaroq chiqarilgan. Tarona ortidan duet butun dunyo boʻylab shuhrat qozongan. Qoʻshiq uchun olingan klip keng miqyosda ommalashgan va tarona Buyuk Britaniya singllar xit-paradida ikkinchi, AQSh „Billboard Hot 100“ xit-paradida esa birinchi pogʻonaga koʻtarilgan.

BBC nashri xonanda Annie Lennox kalta soch va kostyum-shim kiyib tushgan klip „ayol pop yulduzlar uchun qolipni buzgani“ haqida yozgan. „Rolling Stone“ jurnali qoʻshiqni a „Lennox va Dave Stewartni „MTV“ superyulduzlarga aylantirgan sinti-pop [janridagi] shoh asari“ deb atagan.

„Sweet Dreams (Are Made of This)“ muvaffaqiyati ortidan „Eurythmics“ duetining oldingi „Love Is a Stranger“ nomli singli qayta chiqarilgan va global miqyosda xitga aylangan. „Rolling Stone“ jurnali 2003-yilda tuzgan tarixdagi 500 eng buyuk qoʻshiqlar roʻyxatida „Sweet Dreams (Are Made of This)“ qoʻshigʻi 356-oʻrinni egallagan. 2020-yil qoʻshiq „Grammy“ shuhrat zaliga kiritilgan. „Eurythmics“ guruhi hamda Lennox taronani 1982-yildan beri konsertlarida muntazam ravishda ijro etib keladi.

„Sweet Dreams (Are Made of This)“ Londondagi kichik studiyada yozib olingan boʻlib, qoʻshiq muvaffaqiyati ortidan katta studiyalardan voz kechib, uy studiyalarda qoʻshiq yozish ommalashgan. 1991-yilda qoʻshiq qayta ishlanib, guruhning „Greatest Hits“ albomi bilan eʼlon qilingan. Yangi remiks Britaniya xit-paradlariga tushgan va 48-pogʻonagacha koʻtarilgan. 2006-yilda Steve Angello remiks qilgan yana bir versiya Fransiyada „I've Got a Life“ tregi bilan eʼlon qilingan. Qoʻshiqni bugunga qadar koʻplab xonanda va guruh, xususan, AQShda tuzilgan „Marilyn Manson“ guruhi kaver qilgan.

Manbalar

Havolalar

Turkum:Eurythmics qoʻshiqlari Turkum:Marilyn Manson qoʻshiqlari Turkum:1983-yil qoʻshiqlari Turkum:Ingliz tilidagi qoʻshiqlar Turkum:Alifbo boʻyicha qoʻshiqlar