Oʻzbekiston Respublikasi Monopoliyaga qarshi kurashish qoʻmitasi huzuridagi Isteʼmolchilar huquqlarini himoya qilish agentligi — 2019—2023-yillarda Oʻzbekistonda isteʼmolchilar huquqlarini himoya qilish va reklama bozorini tartibga solish sohasida yagona davlat siyosatini hamda davlat organlari va tashkilotlari faoliyatini muvofiqlashtirishni amalga oshirgan vakolatli davlat organi.

2019-yil 11-sentabrda Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining Farmoni bilan tashkil etilgan. Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2022-yil 21-dekabrdagi PF-269-son va 2023-yil 25-yanvardagi PF-14-son farmonlariga muvofiq Monopoliyaga qarshi kurashish qoʻmitasi bilan birga qayta tashkil etilib, ularning negizida Raqobatni rivojlantirish va isteʼmolchilar huquqlarini himoya qilish qoʻmitasi tuzilgan. Agentlikning vazifalari, vakolatlari va hududiy boshqarmalari mazkur qoʻmita tarkibiga oʻtkazilgan.

Isteʼmolchilar huquqlari va manfaatlarining ustuvorligi Agentlik faoliyati davrida isteʼmolchi huquq va manfaatlarining ustuvorligi mamlakatning asosiy qonunida quyidagicha belgilangan edi:"Fuqarolar farovonligini oshirishga qaratilgan Oʻzbekiston iqtisodiyotining negizini xilma-xil shakllardagi mulk tashkil etadi. Davlat bozor munosabatlarini rivojlantirish va halol raqobat uchun shart-sharoitlar yaratadi, isteʼmolchilarning huquqlari ustuvorligini hisobga olgan holda iqtisodiy faoliyat, tadbirkorlik va mehnat qilish erkinligini kafolatlaydi.

Oʻzbekiston Respublikasida barcha mulk shakllarining teng huquqliligi va huquqiy jihatdan himoya qilinishi taʼminlanadi.

Xususiy mulk daxlsizdir. Mulkdor oʻz mol-mulkidan qonunda nazarda tutilgan hollardan va tartibdan tashqari hamda sudning qaroriga asoslanmagan holda mahrum etilishi mumkin emas.

" Oʻzbekiston Respublikasi Konstitutsiyasi 65-modda.

Tarixi 2019-yilning sentabriga qadar isteʼmolchilarni himoya qilish va reklama bozorini tartibga solish yoʻnalishi Monopoliyaga qarshi kurashish qoʻmitasining shu nomdagi boshqarmasida amalga oshirildi. Ammo bu sohada hal qilinadigan maqsad va vazifalar koʻlami, tovar va xizmatlar isteʼmolchilaridan aylanmalar hajmi isteʼmolchilar huquqlarini himoya qilish va reklama bozorini tartibga solish sohasida yagona davlat siyosatini amalga oshiruvchi va tashkilotlar faoliyatini muvofiqlashtiruvchi vakolatli davlat organini yaratishni talab etardi.

2019-yil 11-sentabrda Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining „Isteʼmolchilar huquqlarini himoya qilishning huquqiy va institutsional tizimini tubdan takomillashtirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida“gi PF-5817-son Farmoniga muvofiq Monopoliyaga qarshi kurashish qoʻmitasi huzurida Isteʼmolchilar huquqlarini himoya qilish agentligi tashkil etildi.

Tugatilishi va vorislik Maʼmuriy islohotlar doirasida Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2022-yil 21-dekabrdagi „Maʼmuriy islohotlar doirasida raqobatni rivojlantirish va isteʼmolchilar huquqlarini himoya qilish sohasida davlat boshqaruvini samarali tashkil qilish chora-tadbirlari toʻgʻrisida“gi PF-269-son Farmoniga muvofiq Monopoliyaga qarshi kurashish qoʻmitasi hamda uning huzuridagi Isteʼmolchilar huquqlarini himoya qilish agentligi negizida Raqobatni rivojlantirish va isteʼmolchilar huquqlarini himoya qilish qoʻmitasi (qisqacha — Raqobat qoʻmitasi) tashkil etildi. Prezidentning 2023-yil 25-yanvardagi „Respublika ijro etuvchi hokimiyat organlari faoliyatini samarali yoʻlga qoʻyishga doir birinchi navbatdagi tashkiliy chora-tadbirlar toʻgʻrisida“gi PF-14-son Farmoni bilan respublika ijro etuvchi hokimiyat organlari tizimi qayta koʻrib chiqilib, yangi qoʻmitaning maqomi mustahkamlandi.

Shu tariqa Agentlik alohida davlat organi sifatida faoliyatini toʻxtatdi. Uning isteʼmolchilar huquqlarini himoya qilish va reklama sohasidagi vakolatlari, markaziy apparati hamda hududiy boshqarmalari huquqiy voris — Raqobat qoʻmitasi tarkibiga oʻtkazildi.

Tuzilmasi (2019—2023) Isteʼmolchilar huquqlarini himoya qilish agentligi tuzilmasi Toshkent shahridagi markaziy apparati va respublikaning 14 ta viloyatidagi (shu jumladan, Qoraqalpogʻiston Respublikasi va Toshkent shahri) hududiy boshqarmalaridan iborat edi.

Agentlik vazifalari Agentlikka bir qator vazifalar yuklangan edi. Ular orasida:

isteʼmolchilar huquqlarini himoya qilish va reklama bozorini tartibga solish sohasida yagona davlat siyosatini ishlab chiqish va amaliy ijrosini taʼminlash; isteʼmolchilarning tovarlar (ishlar, xizmatlar), ularning ishlab chiqaruvchisi, ijrochisi va sotuvchisi toʻgʻrisidagi haqqoniy va toʻliq maʼlumotlarni, shu jumladan axborot-kommunikatsiya texnologiyalarini qoʻllagan holda olish imkoniyatlarini taʼminlash; aholining isteʼmolchilik bilimi va savodxonligini oshirishga qaratilgan dasturlarni ishlab chiqish va amalga oshirish; isteʼmolchilarga ularning huquq va manfaatlarini himoya qilishda yordam koʻrsatish; isteʼmolchilar huquqlarini himoya qilish toʻgʻrisidagi qonun hujjatlariga rioya etilishi ustidan davlat nazoratini amalga oshirish, shuningdek, tovarlar (ishlar, xizmatlar) xavfsizligi va ularning sifatini nazorat qilish sohasida hamkorlik qilish; isteʼmolchilar huquqi buzilishi sabablarini tahlil qilish, ularni bartaraf etish yuzasidan takliflar tayyorlash hamda isteʼmolchilar huquqi buzilishi holatlarining oldini olish; tadbirkorlik va isteʼmolchilik madaniyatini takomillashtirish, reklama sohasida nohalol raqobatga va notoʻgʻri reklamaning yuzaga kelishiga yoʻl qoʻymaslik maqsadida reklama bozorini tartibga solish; isteʼmolchilar huquqlarini himoya qilish va reklama bozorini tartibga solish sohasida fuqarolik jamiyati institutlari va boshqa tashkilotlar bilan hamkorlik qilish; isteʼmol bozorini, davlat tomonidan narx-navosi tartibga solinadigan tovarlarga (ishlarga, xizmatlarga) narxlarning dinamikasi va narx shakllanishi mexanizmlarini oʻrganish; isteʼmolchilar huquqlarini himoya qilish va reklama bozorini tartibga solish masalalari boʻyicha xorijiy tashkilotlar bilan hamkorlik qilish.

Mazkur vazifalar hozirda Raqobatni rivojlantirish va isteʼmolchilar huquqlarini himoya qilish qoʻmitasi tomonidan amalga oshiriladi.

Agentlik vakolatlari Oʻzbekiston Respublikasi Monopoliyaga qarshi kurashish qoʻmitasi huzuridagi Isteʼmolchilar huquqlarini himoya qilish agentligi va uning hududiy organlari isteʼmolchilarning huquqlarini himoya qilish maqsadida oʻz faoliyati davrida quyidagi vakolatlarga ega boʻlgan:

isteʼmolchilar huquqlarini himoya qilish sohasida yagona davlat siyosati ishlab chiqilishini va uning amalda roʻyobga chiqarilishini amalga oshirish; davlat organlarining va tashkilotlarning isteʼmolchilar huquqlarini himoya qilish sohasidagi faoliyatini muvofiqlashtirish; isteʼmolchilar huquqlarini himoya qilish sohasida fuqarolik jamiyati institutlari va boshqa tashkilotlar bilan hamkorlik qilish; tovarlarning (ishlarning, xizmatlarning) nazorat xaridi amalga oshirilishini, texnik jihatdan tartibga solish sohasidagi vakolatli davlat organlari bilan birgalikda ularning ekspertizadan (testdan) oʻtkazilishini tashkil etish; isteʼmolchilarning huquqlarini himoya qilish toʻgʻrisidagi qonunchilikning buzilishi faktlari mavjud boʻlgan taqdirda, tadbirkorlik subyektlarida (moliyaviy-xoʻjalik faoliyatiga aralashmagan holda) tekshirishlarni oʻtkazish; normativ-huquqiy hujjatlar loyihalarining, shuningdek qabul qilingan normativ-huquqiy hujjatlarning isteʼmolchilarga tartibga solish taʼsirini baholashdan oʻtkazish; isteʼmolchilarning huquqlarini himoya qilish toʻgʻrisidagi qonunchilikka rioya etilishi ustidan davlat nazoratini amalga oshirish; isteʼmolchilarning huquqlarini himoya qilish toʻgʻrisidagi qonunchilikning qoʻllanilishiga doir masalalar yuzasidan rasmiy tushuntirishlar berish; isteʼmolchilarning huquqlarini himoya qilish toʻgʻrisidagi qonunchilikni buzish alomatlari aniqlangan taqdirda, ishlab chiqaruvchidan (ijrochidan, sotuvchidan) zarur hujjatlarni, tushuntirishlarni va boshqa axborotni soʻrab olish; isteʼmolchilarning huquqlarini buzayotgan kamchiliklarni bartaraf etish toʻgʻrisida ishlab chiqaruvchiga (ijrochiga, sotuvchiga) koʻrsatma yuborish; isteʼmolchilar huquqlarining buzilishi bilan bogʻliq masalalarni sudga qadar hal qilishni tashkil etishga koʻmaklashish; sud majlislarida isteʼmolchilarning huquqlarini himoya qilish masalalari boʻyicha mutaxassis sifatida belgilangan tartibda ishtirok etish; isteʼmolchilarning (isteʼmolchilar nomuayyan doirasining) huquqlarini himoya qilib, sudga murojaat etish; qonunchilikka muvofiq boshqa vakolatlarni amalga oshirish.

Isteʼmolchilar huquqlarini himoya qilish Agentlik ish reja va boshqa idoralar tomonidan taqdim etilgan maʼlumotlar, isteʼmolchilardan kelib tushgan murojaatlar asosida hamda isteʼmolchilar huquqlarini himoya qilish toʻgʻrisidagi qonun hujjatlariga rioya etilishi yuzasidan davlat nazoratini amalga oshirish maqsadida turli soha va yoʻnalishlarda tizimli ravishda oʼrganish va tahlillar oʼtkazgan.

2022-yilda isteʼmolchilardan kelib tushgan murojaatlarining 40,1 foizi uy-joy kommunal, xizmat koʻrsatish, qurilish va transport sohasi, 37,4 foizi savdo, umumiy ovqatlanish va turizm sohasi, 17,2 foizi ijtimoiy va moliya xizmatlar, shuningdek aloqa xizmatlari sohasi, 5,3 foizi esa reklama munosabatlari va boshqa sohalarga toʻgʻri kelgan.

2022-yilda kelib tushgan 25 mingdan ziyod murojaatlarni koʻrib chiqilishi va oʻtkazilgan 257 ta tizimli oʻrganishlar natijasida 2,1 million isteʼmolchilarning huquqlari tiklanishiga hamda ularga 60,6 milliard soʻm (5,5 million AQSH dollari) qayta hisob-kitob qilib berilgan.

Murojaatlarni oʻrganish natijalari boʻyicha Agentlik tadbirkorlik subyektlariga bajarilishi majburiy boʻlgan koʻrsatmalar bergan. Tadbirkor tomonidan Agentlik koʻrsatmalariga rioya qilmagan hollarda, keyingi majburiy bosqich sud boʻlib, Agentlik dastlabki toʻlov sifatida toʻlangan mablagʻlarni isteʼmolchilarga qaytarish boʻyicha daʼvogar sifatida ishtirok etgan.

Isteʼmolchilarning arizalarini koʻrib chiqish tartibi Agentlik faoliyati davrida isteʼmolchilarning arizalari quyidagi tartibda koʻrib chiqilgan.

Birinchi bosqich

Agentlik isteʼmolchilarning murojaatlarini qabul qilgan:

Yozma ravishda Agentlikning call-markazi orqali ogʻzaki ravishda Elektron pochta manzili orqali consumer.uz veb-saytidagi onlayn shaklni toʻldirish orqali Boshqa davlat organlari isteʼmolchilarning murojaatlarini Agentlikka yoʻnaltirgan

Ikkinchi bosqich

Agentlik isteʼmolchilarning shikoyatlarini koʻrib chiqqan:

Mutaxassislar ushbu masalani oʻrganib, qonun hujjatlariga muvofiqligini tekshirgan Har ikki tomondan maʼlumot toʻplangan Isteʼmolchilar huquqlari buzilgan taqdirda ish qoʻzgʻatilgan Yakuniy hukm chiqarilgan

Uchinchi bosqich

Isteʼmolchilar huquqlarini tiklash maqsadida Agentlik qarorining sud tartibida bajarilishini tashkil etish.

= "Sifat nazorati" Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2020-yil 11-noyabrdagi „Aholining sogʻlom ovqatlanishini taʼminlash boʻyicha qoʻshimcha chora-tadbirlar toʻgʻrisida“gi PQ-4887-son Farmonida chakana savdo shoxobchalaridagi isteʼmol tovarlarini sinovdan oʻtkazish va tovarlar (ishlar, xizmatlar) ekspertizasi (laboratoriya sinovlari) oʻtkazish tartibini ishlab chiqish vazifasi belgilangan; Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2021-yil 8-fevraldagi „Isteʼmolchilar huquqlarini himoya qilish va ushbu yoʻnalishda davlat organlari hamda tashkilotlari hamkorligini samarali tashkil etishni taʼminlash boʻyicha qoʻshimcha chora-tadbirlar toʻgʻrisida“gi 59-son qarori bilan mazkur tartib tasdiqlangan.