Dilshod Nuraliyev (Toshkent viloyati, Oqqoʻrgʻon tumanida 1969-yil 19-noyabrda tugʻilgan) —oʻzbek futbolchisi va murabbiyi. Biografiyasi Murabbiylik faoliyati „Paxtakor“ jamoasi bilan Murabbiylik faoliyatini „Paxtakor“ akademiyasida boshlagan. Nuraliyev 2009-yilda „Paxtakor“ klubida 1996-yilda tugʻilgan oʻyinchilar jamoasida murabbiy vazifasini bajargan kezlari bir qancha xalqaro turnirlarda gʻolib chiqqan. 2009-yil 1-iyundan 4-iyungacha Kiyevda XX-asrning 60-70-yillari afsonaviy darvozaboni sharafiga atab „Viktor Bannikov kubogi 2009“ xalqaro turniri oʻtkazilgan. Nuraliyev boshchiligidagi „Paxtakor-1996“ jamoasi guruh bosqichining uchta oʻyinida ham gʻalaba qozonib, finalda Kiyevning „Dinamo“ jamoasi bilan toʻqnash keladi va tengdoshlari ustidan 2:1 hisobida gʻalaba qozonadi.

2009-yilning noyabr oyida „Paxtakor-1996“ jamoasi Krasnodarda Valentin Ivanov tavalludining 75 yilligi sharafiga oʻtkazilgan xalqaro turnirda gʻolib boʻladi. 6 jamoa ishtirokida oʻtgan turnirning birinchi turida oʻtkazilgan oʻyinlar natijasiga koʻra gʻolib va sovrindorlar aniqlanib keying bosqichga oʻtkazilgan. 8-noyabr kuni Krimsk shahrida oʻtgan turning soʻnggi hal qiluvchi bahsida „Paxtakor“ yoshlari Nazranning „Angusht“ jamoasini 6:0 hisobida magʻlub etishgan. Bundan tashqari, „Paxtakor-1996“ jamoasi Nuraliyev boshchiligida 2009-yilda Mixail An va Fedorov xotirasiga bagʻishlangan „Paxtakor-79“ (Oʻzbekiston) turnirlarida ham gʻoliblikni qoʻlga kiritishgan.

2010-yilda Nuraliyev boshchiligidagi „Paxtakor-1996“ akademiyasi jamoasi Alkobendas (Ispaniya) shahrida oʻtkazilgan „Goalearning International“ xalqaro yoshlar turnirida ishtirok etishadi. Turnirda 8 ta jamoa bosh sovrin uchun kurash olib borgan. Guruh bosqichida „Paxtakor“ futbol akademiyasi tarbiyalanuvchilari har uchala oʻyinda ham gʻalaba qozonishgan. Avvaliga „Adarve“ jamoasini 3:1 hisobida magʻlub etib, keyin „Atletiko Madrid“ni 2:0 hisobida magʻlub etadi. Uchinchi turda esa „San-Fernando“ yoshlar jamoasini ham 2:0 hisob bilan magʻlub etgan. Yarim finalda „Alkobendas“ jamoasi bilan toʻqnash kelgan „Paxtakor“ shiddatli kurashda minimal 2:1 hisobida gʻalaba qozonadi. Turnir finalida „Paxtakor“ jamoasi „Alkala“ jamoasini 4:0 hisobida magʻlub etib, turnir gʻolibiga aylangan. Beshta oʻyinda Nuraliyev shogirdlari raqiblar darvozasiga jami 13 ta gol urib, oʻz darvozalaridan ikkita gol oʻtkazib yuborishgan.

15-17 yoshgacha boʻlgan Oʻzbekiston terma jamoasi 2011-yilda Nuraliyev 15 yoshgacha boʻlgan oʻsmirlar terma jamoasiga bosh murabbiy etib tayinlanadi. Uning rahbarligida 2011-yil 1-9-oktabr kunlari Toshkent shahrida boʻlib oʻtgan 16 yoshgacha boʻlgan yoshlar terma jamoalari oʻrtasidagi 2012-yilgi Osiyo chempionatiga saralash bosqichidan oʻtgan milliy terma jamoamiz guruhda birinchi oʻrinni egallaydi. 2012-yilda BAAda boʻlib oʻtgan 16 yoshgacha boʻlgan yoshlar oʻrtasidagi Osiyo chempionatida milliy terma jamoa asosiy vaqtda 1:1 hisobida durang oʻynagan. Yaponiya oʻsmirlarini penaltilar seriyasida 3:2 hisobida magʻlub etib, birinchi oʻrinni egallaydi. Ushbu muvaffaqiyatdan soʻng 16 yoshgacha boʻlgan Oʻzbekiston yoshlar terma jamoasi Qitʼa kubogini qoʻlga kiritgan mamlakatning birinchi terma jamoasiga aylanadi.

2012-yilgi 16 yoshgacha boʻlgan oʻsmirlar oʻrtasidagi Osiyo chempionati yakunlariga koʻra, jamoa 2013-yili Turkiyada boʻlib oʻtgan yoshlar terma jamoalari oʻrtasidagi Jahon chempionatiga yoʻllanmani qoʻlga kiratadi. Jamoa guruhda ishonchli oʻyin namoyish etib keying bosqichga oʻtadi. Ammo 1/8 finalda kutilmaganda Gondurasga minimal 0:1 hisobida imkoniyatni boy beradi. Nuraliyev oʻyin oldidan jamoa hujumkor futbol oʻynashini takidlab oʻtadi. Biroq 24-daqiqada terma jamoa himoyachisi Akramjon Komilov maydondan chetlatilgani sababli Nuraliyev oʻyinni qayta tiklashga majbur boʻladi va jamoa dastlab rejalashtirilgan taktikani amalga oshira olmaydi.

2012-yil yakuniga koʻra Nuraliyev Oʻzbekiston futbol federatsiyasi tomonidan „Yilning eng yaxshi bolalar va oʻsmirlar murabbiyi“ va Mirjalol Qosimovdan keyingi nominatsiya boʻyicha yilning ikkinchi murabbiyi deb topilgan. 2012—2013-yillarda Nuraliyev ketma-ket ikki marta „Yilning eng yaxshi yoshlar murabbiyi“ nominatsiyasini qoʻlga kiritgan.

2013-yil dekabr oyi oxirida Dilshod Nuraliyev birinchi ligada toʻp surayotgan „Paxtakor-2“ jamoasiga murabbiy etib tayinlanadi.

22 yoshgacha boʻlgan Oʻzbekiston terma jamoasi

UFFning 2015-yil 23-iyun kuni boʻlib oʻtgan yigʻilishida Viktor Jalilovni 22 yoshgacha boʻlgan yoshlar terma jamoasiga yangi bosh murabbiy etib tayinlash toʻgʻrisida qaror qabul qilinadi. Dilshod Nuraliyev murabbiy yordamchisi etib tayinlanadi.

15 yoshgacha boʻlgan Oʻzbekiston terma jamoasi Nuraliyev 2017-yilda 15 yoshgacha boʻlgan Oʻzbekiston terma jamoasiga yangi murabbiy etib tayinlanadi. 2017-yil sentabr oyida Saudiya Arabistonida boʻlib oʻtgan Osiyo chempionati-2018 saralash turnirida Oʻzbekiston yoshlar terma jamoasi guruhda atigi 3-oʻrinni egallab, 2006-yildan buyon ilk bor Osiyo chempionatiga chiqa olmaydi. 2017-yilning 27-sentabr kuni Oʻzbekiston futbol federatsiyasi Nuraliyevni terma jamoadagi qoniqarsiz natijasi uchun lavozimidan ozod qiladi.

2018-yil 3-fevral kuni Nuraliyev „Surxon“ (Termiz) klubiga bosh murabbiy etib tayinlanadi.

Yutuqlari „Paxtakor“ jamoasi bilan 2009-yil — Valentin Ivanov sharafiga oʻtkazilgan xalqaro turnir gʻolibi. 2009-yil — „Viktor Bannikov kubogi“ xalqaro turniri gʻolibi. 2010-yil — Alkobendasdagi „Goalearning International“ xalqaro turniri gʻolibi.

Oʻzbekiston U15-17jamoasi bilan 2012-yil — U16 Osiyo chempionati gʻolibi.

Shaxsiy yutuqlari 2012-yil — Oʻzbekistonda yilning eng yaxshi murabbiyi. 2013-yil — Oʻzbekistonda yil murabbiyi. 2012,2013-yillar — Yilning eng yaxshi yoshlar murabbiyi.

Mukofotlari Oʻzbekiston Respublikasida xizmat koʻrsatgan murabbiyО награждении в связи с двадцать второй годовщиной независимости Республики Узбекистан группы работников науки, образования и других социальных сфер, 23.08.2013 .

Manbalar

Turkum:Oʻzbekiston murabbiylari Turkum:Oʻzbekistonlik erkak futbolchilari Turkum:Lokomotiv Toshkent futbol klubi murabbiylari