Oʻrta Osiyoning arablar tomonidan istilo qilinishi — Arab xalifaligining Oʻrta Osiyoda (VII—VIII asrlar) islom dinini yoyish, Amudaryo va Sirdaryo oraligʻidagi (hozirgi Turkmaniston, Oʻzbekiston, Tojikiston, Qozogʻiston va Qirgʻiziston) yerlarni bosib olish maqsadida olib borgan harbiy harakatlari. alt=|thumb|VIII asrdagi Oʻrta Osiyo xaritasi
thumb|VI—VIII asrlarga oid Xorazmdagi Ayoz qal'a
Tarixchi Hugh N. Kennedy ta'kidlaganidek, Movarounnahr „imkoniyat va katta boylikka ega, oʻz mustaqilligini yuksak qadrlaydigan jangovar xalq tomonidan himoyalangan boy oʻlka edi“ va shu tufayli ilk musulmon istilolarida uning boʻysundirilishi eng shiddatli va uzoq davom etgan boʻlib chiqdi.
Istiloning boshlanishi Arab manbalarida Movarounnahrni arablar istilo qilishi 650-yillarda boshlagan, degan taassurot uygʻotsa-da, aslida dastlabki harbiy harakatlar faqat oʻlja olish va oʻlpon undirishga qaratilgan edi. Dastlab arablar Marvdagi kichik harbiy boʻlinma bilan cheklanishgan, Iroqdagi voliylar har yili Movarounnahrdagi mahalliy hokimliklarni talon-toroj qilish uchun qoʻshin joʻnatib turishgan. 652-yilda Axnaf ibn Qays boshchiligidagi birinchi harbiy ekspeditsiyasi Quyi Toxaristonning birlashgan qoʻshinlari tomonidan magʻlubiyatga uchrab, Marvirudga qaytib ketishadi. Ammo al-Aqra ibn Habis boshchiligidagi ikkinchi harbiy ekspeditsiya Joʻzjon hokimini magʻlub etib, Joʻzjon, Foryob, Taliqon va Balxni egallashga muvaffaq boʻladi. Arab qoʻshinlari Xorazmgacha boʻlgan hududlarni talon-toroj qilishgan. 654-yilda Soʻgʻdiyonaning Maymurgʻ shahri arablar bosqiniga uchradi. Biroq oradan koʻp oʻtmay, Karin (ehtimol, Karin-pahlaviylar sulolasi vakili) boshchiligidagi mahalliy aholi qoʻzgʻolon koʻtaradi. Natijada arablar Xuroson (hozirgi Afgʻonistonning shimoli, Eeonning shimoli-sharqiy qismi hamda Janubiy Turkmanistonning Amudaryogacha boʻlgan yerlari)ni tark etishadi. Xitoy manbalariga koʻra, Toxariston hokimlari Yazdigard III ning oʻgʻli Peroʻzni bir muddat rasman Fors shohi etib taxtga oʻtqazadilar. Bunga qarshi arablar hech qanday harakatni amalga oshira olmaydilar, chunki ular Birinchi fitna (656—661) bilan mashgʻul boʻlib qolishgandi. Lekin 655—658-yillarda ham talonchilik yurishlari davom etavergan.
Fuqarolar urushi tugagach, Xuroson ustidan xalifalikning hukmronlik nazoratini tiklash vazifasi Abdulloh ibn Amirga yuklatildi. Ibn Amirning bu hududga ilk marotaba harbiy yurishi bilan keyingi yillarda sodir boʻlgan voqealar orasida tarixiy chalkashliklar mavjud, ammo mahalliy yozma manbalar koʻra, bu yillarda aholi arablarga qarshi isyonlar koʻtarishgan. Shuningdek, ibn Amirning oʻrinbosari Qays ibn al-Xattam tomonidan Navbahordagi buddaviylik stupasi (me'moriy inshoot) buzib tashlanadi. Faqatgina Ziyod ibn Abu Sufyon Iroq va xalifalikning sharqiy qismiga voliy etib tayinlangach, arablar Xurosonni egallash uchun toʻlaqonli yurishlarni boshlaydilar. Ziyod ibn Abu Sufyonning Xurosondagi noibi al-Hakam ibn Amr al-Gʻafriy 667-yildan 670-yilgacha, ya'ni vafotiga qadar Toxaristonga bir qator yurishlar uyushtiradi, bu yurishlar davomida arab qoʻshinlari Amudaryodan oʻtib, Chagʻoniyonga kirib boradilar. Peroʻz taxtdan agʻdarilib, Xitoyga qochib ketadi. Al-Hakamning oʻlimidan keyin hududda keng koʻlamli qoʻzgʻolonlar avj olib ketadi, ammo uning vorisi Rabi ibn Ziyod al-Horisiy Balxni egallab, Amudaryoni kechib oʻtib, Chagʻoniyonga bostirib kirishdan avval Koʻhistondagi isyonchilarni magʻlub qiladi. Arab manbalarida shu yillarning oʻzida Xorazmning bosib olinishi, arablarning gʻarb tomonda joylashgan Zam va Amulni muhofaza qilganliklari qayd etilgan. Kelajakda oʻlkada musulmonlarning oʻrni oshirish uchun 671-yilda Ziyod ibn Abu Sufyon Basra va Kufada 50 ming jangchini oilalari bilan Marvga joylashtiradi. Bu harakati tufayli Xurosondagi musulmonlarning rolini mustahkamlabgina qolmay, balki kelajakda Movarounnahrga yurish qilish uchun zarur boʻlgan kuchlarni ta'minlashga zamin yaratadi.
Ziyod vafot etgach, uning ishini oʻgʻli Ubaydulloh ibn Ziyod davom ettirdi, Xuroson noibi etib tayinlangach, 673-yil kuzida Marvga keladi. Keyingi yil bahorida Ubaydulloh Amudaryodan kechib oʻtib, Buxoro muzofotiga kiradi, bu paytda shahzoda goʻdakligi tufayli uning nomidan onasi Buxoro malikasi Xotun (turkiycha asilzoda ayol) hukmdorlik qilayotgandi. Arablar Buxoroni egallashdan avval Poykand va Romitanni bosib oladilar. Mahalliy yozma manbalarda arablarning Buxoroni qamal qilgani, turklar esa yordamga kelganligi qayd etilsa-da, bu arab manbalarida uchramaydi, aksincha, ularda arablar buxoroliklar ustidan katta gʻalaba qozongani keltiriladi. Oʻlja sifatida Ubaydulloh oʻziga shaxsiy qoʻriqchisi sifatida barchasi „mohir kamonchilar“ boʻlgan 2000 nafar asirni qoʻlga kiritadi. Harbiy yurishdan soʻng Buxoroning keyingi taqdiri noaniqligicha qolgan, ammo xalifalikning markaziy hokimiyatini tan olib, unga oʻlpon toʻlovchi boʻlgani aniq. thumb|VII—VIII asrlarga oid Toxaristondan topilgan erkak kishi haykali
Ubaydullohning muvaffaqiyatlarini uning davomchilari Aslam ibn Zura va Abdurahmon ibn Ziyodlar takrorlay olmadilar. Faqat 676-yilda Said ibn Usmonning qisqa hukmronligi davrida arablar Soʻgʻdiyonaga katta harbiy yurish qiladilar. Al-Balozuriy va Narshaxiyning yozishicha, Said Kesh, Nasaf, Buxoro va turkiylarning shaharlaridan tuzilgan mahalliy harbiy ittifoq kuchlarini tor-mor etib, Buxoroni xalifalikka boʻysunishiga Xotunni majbur qiladi va shundan keyin Samarqandni qamal qiladi. Shaharni egallab, 50 nafar yosh asilzodalarni garovga oladi, keyinchalik ularni Madinada qatl ettiradi. Yoʻl-yoʻlakay Termiz egallab, Xuttalon hokimini ham taslim qiladi.
Arablarning Shosh va Xorazmga Amudaryo orqali dastlabki hujumlari Ikkinchi fitna (683-692) davrida Xurosonda boshlangan oʻzaro qabilaviy urushlar sababli toʻxtab qoladi. Keyingi Xuroson noiblari, jumladan al-Muhallab ibn Abu Sufra Movarounnahrni egallab olishga urinadi, biroq muvaffaqiyatsizlikka uchraydi. Mahalliy hokimlar oʻz navbatida arablar oʻrtasidagi ixtilofdan foydalanib, 689-yilda Termizni egallab olgan arab qochqini Muso ibn Abdulloh ibn Xozim yordamida arablarni oʻlkadan quvib chiqarishga erishadilar. Biroq Movarounnahrdagi mahalliy hokimlar arablar istilosiga qarshi kurashda toʻliq birlasha olmadilar, bundan esa 705-yildan soʻng Qutayba ibn Muslim oʻrinli foydalanadi.
Umaviylar va Turkashlar oʻrtasidagi urushlar Iroqga voliy al-Hajjoj boʻlgan paytdan, ya'ni 705-yildan boshlab, har yili Qutayba ibn Muslim sharqqa bosqinchilik yurishlarini amalga oshirilib, yangi hududlarni xalifalikka qoʻshib olish bilan yakunlaydi. 705-yilda Qutayba Xuroson bilan chegaradosh Bodgʻisni oʻziga boʻysundiradi, 706-yilda Poykand xalifalikka qoʻshib olinadi, 707-yilda Buxoro vohasini zabt etish boshlandi, uni egallash keyingi yilda nihoyasiga yetadi. Buxoro shahrining oʻzi yana bir yil 709-yilgacha uch-toʻrtta hujumga bardosh berib turdi. Arablarning oʻlkada hokimiyati mustahkamlangan soʻng, sharqqa yurish davom ettiriladi. 711-yilda Qutayba qoʻshinlari Seyistonni boʻysundirib, Sind hududiga kirishdi.
Shunday qilib, 705—711-yillarda toʻrtta davlat vassal sifatida xalifalik tarkibiga kiradi, ikkitasi yoʻq qilinadi. Bosib olingan hududlarning maydoni 600 kvadrat kilometrga yaqin, aholisi esa 1 million kishiga yaqin edi. 712—713-yillarda Qutaybaning Fargʻona va Shosh hududlariga yurishi al-Hajjojning oʻlimi tufayli oʻz nihoyasiga yetmay qoladi, natijada xalifalikning harbiy istilosi olgʻa siljishi toʻxtaydi.
713—714-yillarda Qutayba tomonidan amalga oshirilgan oʻlka aholisini islomlashtirishga urinish oxirigacha amalga oshmadi. 715-yilda xalifa Volid I vafot etgach, Qutayba isyon koʻtarib, xalifalikdan ajralib chiqishga harakat qiladi. Bu urinish Qutayba tarafdorlari tomonidan toʻliqligicha qoʻllab-quvvatlanmadi, oʻsha yili Marv yaqinida arablar oʻrtasida oʻzaro harbiy toʻqnashuv boʻlib oʻtdi, unda xalifaga sodiq harbiylar gʻalaba qozonib, Qutayba qatl qilindi. Arablar tomonidan bosib olingan hududlar esa umaviylar hukmronligi ostida uzoq qolmadi.
Xalifa Sulaymon hukmronligida xalifalikning sharqiy hududlarida ta'siri juda past edi, 717-yilda hokimiyat tepasiga Umar ibn Abdulaziz keldi. Xalifa Umar ibn Abdulazizning paygʻambar va dastlabki ikki xalifalar tomonidan oʻrnatilgan ilk islom qoidalariga qaytish siyosati hatto Arabistonda ham jiddiy qiyinchiliklarga uchradi va oʻn yil oldin xalifalik tarkibiga zoʻrgʻa kiritilgan oʻlkada bunday siyosatni amalga oshirish yanada murakkab edi. Ayniqsa, cholgʻu asboblarini chalish (jumladan, toʻylarda), marhumlar uchun yigʻlash kabi taqiqlar aholi tomonidan keskin norozilik bilan qabul qilindi. Kelajakda Somoniylar davlatining asosini tashkil etgan xalifalikning sharqiy hududlari keyingi yillari xalifalarga (ham umaviylar, ham abbosiylar) qarshi boʻlib, markaziy hokimiyatga qarshi tashkil qilingan barcha qoʻzgʻolonlarni qoʻllab-quvvatladilar.
Markaziy hokimiyatga Movarounnahrning tub aholisi boʻlgan turkiylar va forslarning sodiqligi haqiqiy emasligini, 719-yilda ular tomonidan ochiqchasiga xitoyliklar va turkashliklardan xalifalikka qarshi harbiy yordam soʻrab yuborgan nomasidan bilsa boʻladi.
Sharqiy hududlardagi inqiroz 720-yilda keskin kuchaydi, bunga bir vaqtning oʻzida sodir boʻlgan holatlar sabab boʻldi.
Birinchidan, shu yilning aprel oyida Iroqda Yazid ibn al-Muhallab qoʻzgʻoloni boʻlib oʻtadi va bu qoʻzgʻolon sharqiy hududlarga yetarlicha ta'sir qiladi, garchi al-Muhallabning da'vatlari toʻgʻridan-toʻgʻri Xurosonga yetib bormagan boʻlsa ham. Ikkinchidan, Iroq voliysi Maslama ibn Abdulmalik noiblar tayinlashda xato qarorlar qabul qilib, ukasi Said ibn Abdulazizni Xurosonga noib etib tayinladi. Bu qarorning xatoligi shundaki ediki, Said maishatparast boʻlib, ustiga yostiqlar qoʻyilgan ikki oʻrkachli tuyada kelgani bilan xurosonliklarni oʻziga qarshi qilib qoʻygan edi. Noib hukmronligini birinchi kunlaridanoq mahalliy zodagonlar uchun ayolsifat boʻlib koʻringan. Yangi noib haqida uning qabulida boʻlgan Abrogʻ (Samarqand janubidagi kichik hokimlik) hokimidan soʻrashganida, u „xuzayna“ („xonim“) deb javob bergan. Tarixda bu noib haligacha Said Xuzayna nomi bilan ataladi. Uchinchidan, 720-yilda soʻgʻdlar tomonidan qoʻllab-quvvatlangan turkiylar Amudaryo va Sirdaryo oraligʻidagi yerlarga bostirib kirib, Buxorodan Samarqandgacha joylashgan qalʼalarni oʻz nazoratiga oladilar. So'g'diyona aholisining katta qismi islomdan chiqib, zardushtiylikka qaytadi. Bu esa Islomdagi eng dahshatli jinoyat edi. Oʻz navbatida Said javob harakatlarini boshlashga shoshilmadi, arablar noibni qoʻshin toʻplash va yurish qilishga majbur qilishdi. Noibning kofirlarga nisbatan yumshoq munosabati ham norozilik uygʻotdi: u qoʻzgʻolonchilar yerlarini vayron qilishga (ularning xalifaga tegishli ekanligini bildirgan holda), ularning oilalarini kaltaklash va qul qilishlariga yoʻl qoʻymadi, hattoki bu ishlarni qilgan arablarni jazoladi ham. Said ibn Abdulaziz olib borgan siyosatning eng yomoni shunda ediki, uning qilgan yurish yorqin gʻalabalarga ega emasdi. 721-yilda turkashlar shahzodasi Kursul boshchiligidagi qoʻshin Samarqand yaqinida Said ibn Abdulaziz qoʻmondonligidagi xalifalik qoʻshinini magʻlub etadi. Xalifa noibni lavozimidan chetlatishga majbur boʻldi. Uning oʻrniga 721-yilda Said ibn Amr al-Haroshiy Xurosonga noib qilib tayinlanadi. U Iroqda al-Muhallab qoʻzgʻolonini bostirishda shafqatsizligi bilan tanilgan edi. 720-yil oxiridan boshlab xalifalikning sharqiy hududlarida uzluksiz qoʻzgʻolonlar boshlanib ketdi va 30 yil davomida, ya'ni umaviylar sulolasi barham topgunicha toʻxtamadi.