Smolensk — Rossiyadagi shahar. Smolensk viloyati markazi. Dneprning har ikkala sohilida joylashgan. Temir yoʻl va avtomobil yoʻllari tuguni. Aholisi 355,9 ming kishi (1998). 862-yildan savdo va hunarmandchilik markazi sifatida maʼlum. 882-yildan Kiyev Rusi tarkibida, XII asrdan Smolensk knyazligining markazi. 1404—1514-yillarda Litva knyazligi, soʻngra Moskva davlati tarkibida, 1609—67-yillarda Polsha tasarrufida boʻlgan. 1667-yilda Andrusov sulhi boʻyicha Rossiyaga berilgan. 1708—19 va 1796—1929-yillarda Smolensk gubernyasi, 1776—96 yillarda Smolensk noibligi markazi. 1812-yilda Smolensk yonida rus qoʻshinlari bilan Napoleon qoʻshinlari oʻrtasida katta jang boʻlgan. 1941—43-yillarda Smolensk atrofida nemisfashist qoʻshinlari bilan shiddatli janglar olib borilgan. Ikkinchi jahon urushi davrida Smolensk butunlay vayron qilingan. Urushdan soʻng shahar qaytadan tiklangan. Smolenskga qahramon shahar unvoni berilgan.

Sanoat Mashinasozlik (avtomatlashtirish vositalari, hisoblash mashinalari, elektr lampalar, sovitkichlar va boshqalar), yengil (trikotaj, zigʻir, poyabzal), oziq-ovqat sanoatlari rivojlangan. „Kristall“ zavodi (brilliantlarga sayqal berish), olmos asboblarni ishlab chiqarish korxonasi mavjud.

Taʼlim 4 oliy oʻquv yurti, 2 teatr mavjud.

Madaniyat Smolensk zigʻiri muzeyi, ST. Konyonkov nomidagi haykaltaroshlik muzeyi, tarixiy va meʼmoriy-badiiy muzey qoʻriqxonasi, badiiy galereya bor.

Diqqatga sazovor joylari Qadimiy meʼmoriy yodgorliklardan Pyotr va Pavel (1146), Ioann Bogoslov (XII asr), Mixail Arxangel (1191—94) cherkovlari, Uspeniye sobori (1677—79), Kreml (XVI asr — XVII asr boshlari) saqlangan. „Motamsaro ona“ haykali (1965), „Mangulik qoʻrgʻoni“ memoriali (1970) oʻrnatilgan.

Yana qarang

Manbalar

Turkum:Rossiya shaharlari